Migratsiya ta’siridan bolalarni himoyalash maqsadida yangi loyiha ishga tushirildi

17:01 10 Iyul 2018 Jamiyat
419 0
Foto: Hakim Yo‘ldoyev / “Xalq so‘zi”

2010 yilda Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining ikki foizini mehnat muhojirlarining farzandlari tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda bu raqam 6 foizga yetgan. Ya’ni, 250 nafarga yaqin bolaning ota-onasi farzandini davlat qaramog‘iga topshirib, daromad topish maqsadida chetga ketgan. Ammo bu masalaning bir tomoni, xolos. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda 2 milliondan ortiq vatandoshimiz boshqa davlatlarda mehnat migranti sanaladi. Ularning ortida oilasi, kimlargadir ishonib topshirib ketilgan farzandlari bor, albatta. Ota-onasi uzoqda mehnat qilayotgan bolalarning ta’limi, sog‘ligi va umuman hayoti masalasi – O‘zbekistonda ish boshlagan yangi loyiha doirasida atroflicha tahlil qilinadi.

Foto: Hakim Yo‘ldoyev / “Xalq so‘zi”

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, YUNISЕF, Yevropa ittifoqi ko‘magida migratsiya ta’siridan bolalarni himoyalash bo‘yicha loyiha taqdimotida bu haqda batafsil ma’lumot berildi. U Janubiy-sharqiy va Janubiy Osiyo hamda Markaziy Osiyo mintaqalaridagi sakkizta mamlakatda, jumladan, O‘zbekistonda amalga oshiriladi.

Loyiha asosan migrantlarning oilalarini ijtimoiy himoya qilish, vasiylik va homiylik organlari, davlat va notijorat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan. Buning uchun respublikamizning to‘rtta viloyati tanlab olindi. Ya’ni, ayni paytda migrantlar soni nisbatan yuqori bo‘lgan Buxoro, Farg‘ona, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlarida 2020 yilning dekabriga qadar bosqichma bosqich amalga oshiriladi.

Loyiha doirasida mavzuga oid tadqiqotlar o‘tkazish, migrantlarning farzandlari duch kelayotgan muammolarni tizimli tahlil qilish ko‘zda tutilyapti. Bunday oilalarga o‘z vaqtida va kerakli yordamni tashkil etish yuzasidan zarur mexanizmlarni ishlab chiqish maqsad qilingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?