Qozog‘iston TIV Kaspiyda harbiy baza to‘g‘risidagi fikrlarni inkor qildi

12:05 10 Iyul 2018 Dunyo
199 0
Foto: Sputnik

Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi Rossiyaning 2 iyul kungi “Vladimir Solovyev bilan kecha” ko‘rsatuvida rossiyalik rasmiy shaxs va ekspertlar tomonidan Ostona bilan kelishilgan holda go‘yoki AQSH “Kaspiyga harbiy baza” joylashtirayotgani haqidagi fikrlarga o‘z munosabatini bildirdi.

Ma’lumki, joriy yil 19 aprel kuni Qozog‘iston parlamenti Afg‘onistonga yuklarni yetkazib berish borasida AQSH bilan imzolangan shartnomaga kiritilgan o‘zgartishni ma’qulladi. Shundan so‘ng ushbu davlat rahbari tomonidan Afg‘onistonni qayta tiklash bo‘yicha sa’y-harakatlarda AQSH ishtirok etishi munosabati bilan Qozog‘iston orqali yuklarni olib o‘tish to‘g‘risidagi protokolni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonun imzolandi va 5 may kuni matbuotda e’lon qilindi.

“Kaspiyda harbiy baza haqida birorta ham gap yo‘q … tranzit faqat noharbiy yuklarga taalluqlidir, tranzit uchun nafaqat Qozog‘iston hududlari, balki AQSHdan Afg‘onistongacha bo‘lgan yo‘nalishda joylashgan mamlakatlar hududlaridan ham foydalaniladi”, deyiladi Qozog‘iston TIV matbuot xizmati izohida.

Xabarga ko‘ra, bu yerda gap Afg‘oniston hukumatini qo‘llab-quvvatlash amaliyotlarini davom ettirishga mo‘ljallangan yuklarni Qozog‘iston temir yo‘llari orqali tijoriy tranziti haqida boryapti. Vazirlik matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, yuklar Qozog‘iston milliy kompaniyasining doimiy hamrohligida yopiq holda va biror yerda to‘xtamasdan olib o‘tiladi.

Qozog‘iston TIV izohida ta’kidlanishicha, shu kabi tranzit bundan avval Rossiya tomonidan ham ta’minlangan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2010 yildan 2015 yilga qadar bu kabi yuklarning tranziti Shimoliy taqsimlash tarmog‘i talablariga binoan Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston hududlari orqali o‘tgan.

“Fikrimizcha, bu kabi izohlarning paydo bo‘lishicha, Rossiya OAV vakillari va ekspertlarining haqiqiy vaziyatdan bexabar ekanliklari, faktlarni noto‘g‘ri talqin qilishlari sabab bo‘lgan”, — deyiladi Qozog‘iston TIV izohida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?