MIB Samarqandda fuqaroga asossiz qarz yozgani maʼlum boʻldi

13:51 25 Mart 2019 Jamiyat
973 0

Illyustrativ foto

Pastdargʻom tumanining “Balxiyon” mahallasida yashovchi Sherali Mirzayev gaz toʻlovlarini oʻz vaqtida toʻlab borishiga qaramasdan, uning nomida shuncha miqdordagi qarzdorlik paydo boʻldi.

“Onam Karimova Sofiya tuman MIBga ariza bilan murojaat qilgandan soʻng, ariza oʻrganilib, 2018 yilning 3 fevral kuni xonadonimizning tabiiy gazdan qarzdorligi yoʻqligi haqida xat oldik ” deydi murojaatida fuqaro.

2019 yilda ham Mirzayevlar tomonidan gaz uchun toʻlovlar muntazam toʻlab borilgan va barcha toʻlov kvitansiyalari saqlab qoʻyilgan. Joriy yilning 8 fevral kuni esa, uy egalari uyda boʻlmagan paytda tuman MIB xodimlari tomonidan xonadonning gazdan 3 316 000 soʻm qarzi bor deb dalolatnoma tuzilgan, hisoblagich tamgʻalanib, gaz tarmoqdan uzib ketilgan.

Mirzayev buzilgan huquqlari tiklab berilishini soʻrab, Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Samarqand viloyat hududiy birlashmasiga yozma murojaat qildi. Murojaat tegishliligi boʻyicha, Pastdargʻom tuman jamiyati mutasaddilari tomonidan mutaxassis va arizachi ishtirokida oʻrganib chiqildi. Xonadonda oʻtkazilgan qayta xatlov natijasida, gaz hisoblagich koʻrsatkichi va kvitansiyalar oʻrganilib, Mirzayev qarzdor emas, aksincha haqdor ekanligi maʼlum boʻldi.

3 316 000 soʻm isteʼmolchi foydasiga hal etildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?