MIB olib qoʻygan uskuna. Muammo sayyor qabulda hal etildimi?

11:31 31 May 2019 Jamiyat
235 0

Illyustrativ foto

Fuqarolar tomonidan Ishtixon tumani Xalq qabulxonasiga joriy yilning 20-mayiga qadar 445 ta murojaat kelib tushgan. Mazkur murojaatlarning 277 tasi hududiy tashkilotlarga koʻrib chiqish uchun yuborilgan boʻlsa, 136 tasi tegishliligi boʻyicha yuqori turuvchi idoralarga yuborilgan. 32 ta arizani esa Xalq qabulxonasi oʻz zimmasiga olgan. Maʼlumki, respublikamiz boʻylab viloyat, shahar va tuman sektor rahbarlari joylarda aholi bilan sayyor qabullar oʻtkazmoqda. Bundan maqsad odamlarni qiynayotgan muammo va murojaatlarni imkoni boricha joyida hal etishdir. 30- may kuni Samarqand viloyati prokurori, 2-sektor rahbari Farhod Zufarov tomonidan Ishtixon tumanida sayyor qabul boʻlib oʻtdi.

Gulsara Pardayeva toʻngʻich qizi Ishtixon tumanining “Joʻra Mahmudov”MFYda yashashini,ikkinchi guruh nogironi ekanligini, qaramogʻida ikki farzandi borligini aytadi. Voqea, shu yilning 2-yanvardan, 3-yanvarga oʻtar kechasi qizi yashayotgan uydan tok qochganmi, xullas favqulodda hodisa tufayli uy butunlay yonib ketgan. Shukrki, oila aʼzolaridan hech kim shikastlanmagan. Oila juda katta moddiy zarar koʻrgan. Mutaxassislar yongʻin sabablarini, elektr simlaridagi qisqa toʻqnashuv natijasi deya xulosa berishgan. Opa traktor yordamida poydevori nam tortib nuray boshlagan uyni buzdirgan, surdirgan. Yangi poydevor uchun tosh toʻktirgan. Xayriyatki, mahallaning fidoyi odamlari qarab turishmapti. Hashar uyushtirilgan. Qavmu qarindoshlar yetib kelishgan. Oila moddiy yordamga muhtojligi sayyor qabuldagi onaxonning dardu hasratlaridan maʼlum boʻldi.

Sayyor qabulda mana shu masalaga alohida eʼtibor qaratildi. Viloyat prokurori va tuman hokimi Sh. Negmatov mazkur masalaning tegishliligi boʻyicha masʼul rahbarlarga qatʼiy topshiriqlar berdi. Gulsara Pardayevaning murojaati ijrosi masʼullar zimmasiga tegishli muddatga bajarilishi belgilab qoʻyildi.

Farhod Suyunov, “Dilshod biznes servis” ishlab chiqarish xususiy korxonasi rahbari:

Non va sutni qayta ishlab chiqarishga moʻljallangan seximni 2013-yilda ochganman, 3 ta doimiy, 8 ta mavsumiy ishchi xodimlarimga oyiga oʻrtacha sakkiz yuz mingdan, bir million soʻmgacha maosh tayinlaganman. Soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelyapman. Yaxshi kayfiyatda, bir maromda ishlab kelayotgan edim. 2019-yil 31-mart kuni Ishtixon tumani majburiy ijro byurosi xodimlari korxonamga kelishdi va kommunal tekshiruv soʻnggida, “Elektr hisoblagichingiz, tuman elektr tarmoqlari elektron bazasida qayd etilmagan, ekanku!” degan vaj bilan elektrni uzib, 10 million soʻm jarima belgilashdi. Keyin korxonamga tegishli muzqaymoq ishlab chiqarish uskunalarimni oʻzlari bilan olib ketishdi. Men nima boʻlsa ham zudlik bilan jarimani toʻlashga kirishdim. Chunki majbur qoldim. Qolaversa yoz mavsumi boshlanib, muzqaymoqqa kun sayin talab ortayotgan boʻlsa. Imkonim boricha u-bu joydan amallab naqd 7 million jarimani toʻladim. Endi qolgan qismini ham toʻlayman deb tursam, he yoʻq, be yoʻq, “yana 28 million jarima toʻlaysiz” deb turishibdi. Bu gapni eshitib qotib qoldim. Faoliyatim esa toʻxtab qolgan. 3 ta muzqaymoq uskunalarimni “Agrobank” tomonidan ajratilgan 54 million bank krediti evaziga yasatganman. Har oyda besh yuzu oltmish ming soʻmdan toʻlovi turibdi zimmamda.Mana ikki oydan beri uskunalarim MIBningertoʻlasida yotibdi. Ularning qonuniy talablarini bajaryapmanku, axir. Iltimos, menga ishlab chiqarish uskunalarimni qaytarishga amaliy yordam bering! Axir, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashga davlatimiz rahbari alohida eʼtibor berayotgani, biz tadbirkorlarga yanada kuch-gʻayrat bagʻishlayaptiku, - deydi u kuyungancha sayyor qabul jarayonida.

-Yaqinda 2 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik subyektimni yopishga majbur boʻldim, deya qoʻshimcha qiladi tadbirkor Farhod Suyunov. Men bu bilan ularga taʼna-yu dashnom qilish fikridan yiroqman. Ammo, men duch kelayotgan muammolar va ayrim tizim rahbarlarining oʻz ishiga loqaydlarcha munosabati, meni shunday yakuniy qaror chiqarishimga sabab boʻldi.Sizlardan yana bir bor iltimos, menga yordam bering.

Bu holat yuzasidan oʻz muammolarini batafsil aytgan Farhod Suyunovni viloyat 2-sektor rahbari va tuman rasmiylari jiddiy tinglashdi. Keyin bu muammoga daxldor boʻlgan majburiy ijro byurosi rahbariga, holatga oydinlik kiritish soʻraldi.

Nurqoʻzi Gʻaniyev, Ishtixon tumani majburiy ijro byurosi boshligʻi: Bu masalani sud hal qiladi. Sababi Farhod Suyunov tadbirkor, foydalangan ish uskunasini esa viloyat standartlashtirish boshqarmasi yaroqsiz deya xulosa bergan. Agar u tekshirish jarayonlaridan, belgilangan jarimalardan norozi boʻlsa, biz u shaxsga nisbatan yengillashtiruvchi holatlarni qoʻllay olmaymiz. U bizga uskunasini qaytarib berishimizni talab qilyapti. Bu sudning hal qiluv qaroriga bogʻliqku. Lekin, mavjud holatni oʻz nazoratimga olib imkon darajada tadbirkorga amaliy yordam berishga harakat qilaman.

Xullas, Ishtixonda boʻlib oʻtgan galdagi sayyor qabulda koʻpchilik fuqarolarning muammolari oʻz joyida hal etildi. Qolganlari tegishliligi boʻyicha masʼul mutasaddilar zimmasiga maʼlum muddatlarga yuklatildi. Lekin, Farhod Suyunovning muzqaymoq ishlab chiqaradigan uskunalari qachon MIB tomonidan egasiga qaytariladi. Buni vaqt koʻrsatadi.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi”.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?