MIB “missiya”si yakunlandi, ammo sud va boshqa organ qarorlarini ijro etishni davom ettiradi

07:48 19 Iyun 2020 Jamiyat
1920 0

Joriy yilning 18-iyun kuni Davlatimiz rahbarining “Tabiiy gaz va elektr energiyasini sotish mexanizmini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-6010-sonli Farmoni qabul qilindi.

Mazkur Farmon bilan Majburiy ijro byurosi faoliyatidagi gaz va elektr uchun toʻlovlarni qabul qilish vazifa va funksiyalari Energetika vazirligi zimmasiga oʻtishi, ixtisoslashtirilgan tashkilotlar tomonidan koʻrsatilgan qattiq maishiy chiqindilarni toʻplash va olib chiqish xizmatlari uchun majburiy toʻlovlarni undirish mexanizmini amal oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Bu jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari va fuqarolarimizda turli fikr va munozaralarga sabab boʻldi.

Aslida, biz 3 yil oldingi tarixga nazarga solamiz.

Esingizda boʻlsa, 2017-yil 29-maydagi Prezident Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida energiya resurslari uchun toʻlovlarning oʻz vaqtida va toʻliq undirilishiga, elektr va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda talon-toroj qilish holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish, shuningdek, sud hujjatlari ijrosini taʼminlashga masʼul boʻlgan Majburiy ijro byurosi tashkil etildi. Natijada Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzurida Majburiy ijro byurosining tashkil etilishi bilan ana shu toʻlovlarning hammasi bitta joyga jamlandi.

Xoʻsh, Majburiy ijro byurosi bu davrda oʻz vazifasini qanday uddaladi? Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida muhim oʻrin tutuvchi kommunal soha muammolariga yechim topish borasida ijobiy natijalarga erishildimi?

Biz ushbu savollarga javob olish uchun Majburiy ijro byurosining jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot boʻlimi boshligʻi Farrux Toshpoʻlatov bilan bogʻlandik.

— Avvalo, ish faoliyatimizni boshlashda — ijro ishi, energiya resurslari bilan bogʻliq barcha holatlar tizimli oʻrganib chiqilib, tahlil qilindi.

Energiya resurslari va suv taʼminoti sohasida toʻlov intizomini yana-da mustahkamlashda prokuratura tizimida toʻplangan tajriba va ijro intizomidan unumli foydalanildi.

Qisqa vaqt ichida sud va boshqa organlar qarorlari ijrosini taʼminlash, energiya resurslari boʻyicha qarzdorlikni kamaytirish borasida ijobiy koʻrsatkichlarga erishildi.

Iqtisodiyotimiz ravnaqi uchun muhim tarmoq boʻlgan energiya resurslari sohasida toʻlov intizomi mustahkamlandi, yillar davomida toʻplanib kelgan tizimli muammolar va hisob-kitob ishlari oʻz yechimini topdi.

Bir soʻz bilan aytganda, Majburiy ijro byurosiga yuklatilgan vazifalar amalda bajarildi va uni endilikda mamlakatimizda yoqilgʻi-energetika resurslari bilan barqaror taʼminlash borasida davlat siyosatini amalga oshirib kelayotgan Energetika vazirligi zimmasi oʻtkazish vaqti kelgan edi.

Shu oʻrinda qisqa boʻlsada, Byuro organlari tomonidan toʻlov intizomini mustahkamlash yoʻlida qilingan ishlar toʻxtalsak.

Misol uchun: Byuro organlari tashkil etilganidan buyon hozirga qadar energiya resurslari, suv isteʼmoli va qattiq maishiy chiqindilar sohasida 94,3 trln. soʻm undirildi (shundan elektr energiyasi – 45,8 trln., tabiiy gaz – 46,1 trln., ichimlik suvi – 1,9 trln., maishiy chiqindi – 0,4 trln.).

Oʻtgan davr ichida energiya resurslari va suv taʼminotidan noqonuniy foydalanish hamda talon-toroj qilinishi bilan bogʻliq 1,2 trln. soʻmlik zarar aniqlanib, 1046 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Byuro faoliyatini boshlagan vaqtdan buyon dolzarb masalalardan biri bu albatta, noreal, yaʼni asossiz qarzdorliklar hisoblanishining oldini olish dolzarb masala edi. Bu yoʻnalishda Byuro organlari faoliyatini boshlagandan hozirga qadar 1 trln. 344 mlrd. soʻmlik noreal qarzdorlik boʻyicha 244 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Foydalanilmagan energiya resurslari uchun isteʼmolchilarga asossiz qarzdorlik hisoblanishi holatlari boʻyicha Byuro organlari tomonidan 1 trln. 342 mlrd. soʻm noreal qarzdorlik boʻyicha jami 146 ta jinoyat ishlari qoʻzgʻatilgan.

Energiya resurslari sohasida debitor qarzdorlik 2020-yilning 1-iyun holatiga 14,1 trln. soʻmni tashkil qilib, oʻtgan oyga nisbatan (14,5 trln.) 385 mlrd. soʻmga kamaytirildi.

Energiya resurslari isteʼmolchilari toʻliq inventarizatsiya qilindi.

Xullas yuqorida taʼkidlanganimdek, Byuroga yuklatilgan vazifalar sabab yurtdoshlarimizda atrof-muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlish, toʻlov intizomiga rioya qilish madaniyati shakllana boshladi.

Endilikda, ushbu vazifalar Energetika vazirligi tomonidan tizimli ravishda olib boriladi, deb hisoblaymiz. Chunki keyingi yillarda ushbu vazirlikda bir qator ijobiy oʻzgarishlar boʻldi.

Shu oʻrinda aholimiz yaxshi bilishi lozimki, Majburiy ijro byurosi zimmasidagi elektr, gaz va maishiy chiqindilar uchun toʻlovlarni oʻz vaqtida hamda undirib olish boʻyicha vazifalar – Energetika vazirligiga joriy yilning 1-avgustdan eʼtiboran oʻtkaziladi.

Bungacha boʻlgan davrda Majburiy ijro byurosi bu yoʻnalishda oʻz ishini davom ettiradi.

Eslatma: MIB faqat kommunal soha va maishiy chiqindilar uchun yoʻnalishini tugatmoqda, biroq sud xamda boshqa organ qarorlarini ijro etish funksiya va vazifalarini davom ettiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?