MIB xodimi jinoyatga qoʻl urdi

15:37 10 Dekabr 2018 Jamiyat
1067 0

Illyustrativ foto

Majburiy ijro byurosi Fargʻona tuman boʻlimi davlat inspektori Umid Karimov oʻz xizmat mavqeidan foydalanib, oʻzganing mulkini aldash yoʻli bilan qoʻlga kiritish maqsadida firibgarlik jinoyatiga qoʻl urdi, deb yozadi OʻzA.

Davlat inspektori lavozimida ishlagan U. Karimovning vazifalariga elektr, tabiiy gazdan foydalanayotgan isteʼmolchilar tomonidan toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlanishini nazorat qilish, oʻziga biriktirilgan hududdagi fuqarolarning yashash xonadonlariga oʻrnatilgan elektr va tabiiy gaz hisoblagich koʻrsatgichlarini koʻrikdan oʻtkazib, kompyuter bazasiga kiritib borish kabilar kirardi.

U Fargʻona tumanidagi “Ilgʻor” mahallasida yashovchi S.Xning yashash xonadoniga borib, uning foydalanilgan tabiiy gaz uchun toʻlovlarini Majburiy ijro byurosi Margʻilon shahar boʻlimi davlat inspektorlari tomonidan undirilishini bilsa-da, nafsning kuyiga uchadi. Uning haqiqatda foydalanilgan tabiiy gazdan boʻlgan 482 ming 928 soʻm qarzdorligini 2 million 850 ming soʻm deb, uni aldab 150 AQSH dollari miqdoridagi pullarini firibgarlik yoʻli bilan qoʻlga kiritadi. Ushbu pullardan 50 AQSH dollari miqdoridagisini 400 000 soʻm pul hisobida S.Xning abonent hisob raqamiga toʻlab, qolgan 100 AQSH dollari miqdoridagi pulni oʻzining shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuboradi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Fargʻona tumani sudining “Qorasuv” mahalla fuqarolar yigʻinida boʻlib oʻtgan ochiq sayyor sud majlisida U. Karimovning jinoyat ishi koʻrib chiqildi. Sud majlisida sudlanuvchining chin dildan pushaymonligi, oilaviy sharoiti, jinoyat ishi boʻyicha moddiy zarar toʻliq qoplanganligi eʼtiborga olindi. Unga Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksi 168-moddasi 3-qismining “v” bandi bilan JKning 45-moddasini qoʻllanilib, 2 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, ish haqining yigirma foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda ikki yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?