MIB “Caravan Group”ga tegishli restoranlarning auksionga qoʻyilishini izohladi

16:47 30 May 2019 Jamiyat
566 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi rasmiy axboroti: Ijtimoiy tarmoqlarda “Caravan Group” MCHJ restoranlari bilan bogʻliq vaziyat borasida tarqalgan maʼlumot yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudining (20.11.2018, 16.01.2019, 28.01.2019 va 05.03.2019) qarorlariga asosan qarzdor “Kreative Studio Caravan” MChJ, “Protekt Konsalt” MChJ, “Caravan Group” MChJ va “Karavan Art” MCHJlardan AT “Asakabank” foydasiga jami 15,5 mlrd. soʻm, ATB “Kapital bank” foydasiga 3,7 mlrd. soʻm va davlat foydasiga 77,2 mln. soʻm undirish, kredit qarzdorligi boʻyicha undiruvni jami bahosi 21,6 mlrd. soʻmga teng garovda boʻlgan: Mirzo Ulugʻbek tumani, Shoʻrtepa koʻchasi 253-uy, Yakkasaroy tumani A.Qaxxor koʻchasi 25-uy, Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Xoʻjakent mavzesi hamda Xoʻjakent QFY hududida joylashgan bino-inshootlarga qaratish belgilangan.

Ijro hujjatlari boʻyicha tegishli tartibda ijro ishlari qoʻzgʻatilib, qarzdor korxonalarga ijro hujjati talablarini bajarish uchun 15 kungacha boʻlgan ixtiyoriy muddatlar belgilangan va qaror nusxalari tegishli tartibda korxona rahbarlariga topshirilib, ular xabardor qilingan. Shuningdek, ijro harakatlari haqida shaxsan Timur Musinga ham MIB xodimlari tomonidan tushuntirish berilgan.

Qarzdorlar tomonidan ijro hujjatlari talablari ixtiyoriy bajarilmaganligi sababli davlat ijrochisi tomonidan majburiy ijro harakatlari olib borilgan. Qarzdor korxona rahbarining Byuro xodimlari harakatlariga eʼtiroz bildirishi oʻrinsiz. Majburiy ijro Byurosi mazkur qarzdor korxonaga nisbatan ijro harakatlarini faqatgina sud qarori ijrosini qatʼiy taʼminlash doirasida amalga oshirmoqda.

Majburiy ijro harakatlari davomida Yakkasaroy tumani A.Qaxxor koʻchasi 25-uy (Chelsea ARMS, bahosi 4 mlrd. soʻm) hamda Toshkent viloyati, Boʻstonliq tumani, Xoʻjakent mavzesida joylashgan (Cinaraʼs, 6 mlrd. soʻm) bino inshootlar xatlanib, qarzdor korxona rahbarlariga tegishli tartibda xabarnoma yuborilgan holda 14.05.2019-yilda elektron onlayn-auktsion savdolariga chiqarilgan. Ushbu koʻchmas mulklarning auksion savdolari joriy yilning 13 va 14-iyun kunlari oʻtkazilishi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?