MIB Bogʻdod tumani fuqarolari boʻynidagi 1 mlrd. 218,7 mln soʻmlik asossiz qarzdorlikka barham berdi

17:01 24 Sentyabr 2019 Jamiyat
263 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi tashkil etilgunga qadar elektr energiyasi va tabiiy gazdan hisobga olish priborlaridan tashqari asossiz qarzdorlikni sunʼiy yaratish va ularni toʻlash talab etilganlik holatlari aholini qiynab kelgan muammolardan biri edi.

Birgina, Byuroning Margʻilon shahar boʻlimi tomonidan 2019-yilning 8 oyi davomida elektr energiyasi va tabiiy gazdan jami 2707 ta aholi isteʼmolchilari hisobvaraqlariga notoʻgʻri kiritilgan qarzdorliklar tegishli normativ-huquqiy hujjatlarga asosan “Elektrhisob” va “Billinggaz” dasturlaridan hisobdan chiqarilgani holda ularning buzilgan huquqlari tiklangan.

Jumladan, Margʻilon shahar, Chilonzor MFY, Tinchlik koʻchasi, 159-uy, 4-xonadonda yashovchi fuqaro X. Xamidjanovning yashash manzili boʻyicha elektr energiyasidan boʻlgan mavjud 27 mln. 704,8 ming soʻm qarzdorlikni davlat inspektori toʻlashni talab qilgani yoʻq, aksincha isteʼmolchidan ariza olib, tegishli mutaxassislar jalb qilgan holda oʻtkazilgan oʻrganishda mazkur qarz mutlaqo asossiz ekanligi aniqlangan va tegishli hujjatlar asosida dasturdan chiqarilgan. Yoki Margʻilon shahar, Zumrad koʻchasi 8-uyda yashovchi fuqaro A.Umurzakovning xonadoni boʻyicha 22 mln. 228,4 ming soʻm, Qozi roziy koʻchasi, 39-uyda yashovchi fuqaro B. Komilovning xonadoni boʻyicha 20 mln. 503,3 ming soʻm, Barkamol avlod koʻchasi, 27-uyda yashovchi fuqaro A. Xolmirzayevning xonadoni boʻyicha 2 mln. 340,8 ming soʻm asossiz qarzdorliklar belgilangan tartibda hisobdan chiqarilgan.

Ayrim holatlarda tabiiy gaz isteʼmoli toʻxtatilgan hududlarda yashovchi aholiga ham asossiz qarzdorliklar yozilishiga yoʻl qoʻyilgan.

Jumladan, Margʻilon shahar, B. Naqshbandiy koʻchasi 200-uyda yashovchi fuqaro X. Djalilovning xonadoni 2014-yilda tabiiy gaz tarmogʻidan uzilgan boʻlsada, unga keyingi 5 yil davomida 5 mln. 848,8 ming soʻm qarz yozilgan. Byuro shahar boʻlimi aralashuvi bilan mazkur qarzdorlik “Billingaz” dasturidagi isteʼmolchining shaxsiy hisobvaragʻidan hisobdan chiqarildi. Shu kabi, fuqaro B. Aliyevga 3,5 mln. soʻm, J. Saidovga 2,8 mln. soʻm, M. Rasulovga 2,3 mln. soʻm, B. Bekmirzayevga 1,9 mln. soʻm asossiz hisoblangan qarzdorliklar ham hisobdan chiqarilgan.

Bagʻdod tumanida esa aholiga ichimlik suvi yetkazib berish va xizmatlari koʻrsatish boʻyicha taʼminot korxonasi maxsus dasturiga kiritilgan jami 35867 ta suv isteʼmolchilari Byuroning tuman boʻlimi xodimlari tomonidan toʻliq xatlovdan oʻtkazilib, 29249 ta isteʼmolchilarning yashash xonadonlariga ichimlik suvi yetkazib berilmagani holda 1 mlrd. 218,7 mln soʻmlik qarzdorlik mutlaqo asossiz hisoblanganligi aniqlangan va hisobdan chiqarilgan.

Hozirda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan shu kabi ijobiy tadbirlar Byuroning barcha tuman-shahar boʻlimlari tomonidan davom ettirilmoqda.

Endilikda isteʼmolchi fuqarolar shaxsan asossiz hisoblangan qarzdorliklar masalasida bevosita MIBning tegishli boʻlimiga murojaat qilishlarini toʻgʻri, deb hisoblay boshlamoqdalar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?