Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarishning kompleks tizimi tashkil etiladi

14:03 18 Oktyabr 2018 Iqtisodiyot
1695 0

Meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra:

yuridik shaxslar – meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlari eksportini dastlabki toʻlovsiz, akkreditiv ochmasdan, bank kafolatini rasmiylashtirmasdan hamda eksport shartnomasini siyosiy va tijorat xavflaridan sugʻurta polisisiz amalga oshirish huquqiga ega;

meva-sabzavot mahsulotlari eksportidan tushumlarni oʻz vaqtida taʼminlamagan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilari meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilishda 100 foizlik oldindan toʻlov olish talablari ularga qoʻllangan holda nohalol meva-sabzavot mahsulotlari eksport qiluvchilar reyestriga kiritiladi;

tadbirkorlik subyektlari ulgurji savdo qilish litsenziyasiga ega boʻlmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini amalga oshirish huquqiga ega. Bunda eksport tushumlariga yagona soliq toʻlovi toʻlanishini nazarda tutuvchi soliqqa tortish tartibi qoʻllaniladi;

eksport qilinadigan meva-sabzavot mahsulotlari bojxona koʻrigidan oʻtkazilmaydi;

tadbirkorlik subyektlari oʻzlariga ajratilgan yer uchastkalarida meva-sabzavot mahsulotlarini bevosita ularni yetishtirish joylarida sugʻorish, tayyorlash va saqlash boʻyicha infratuzilma obyektlari qurish uchun yengil konstruksiyalarni qurish yuzasidan qurilish-montaj ishlarini amalga oshirishlari mumkin.

Qarorga muvofiq Oʻzbekiston meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar uyushmasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiqlikka sertifikatlashtirish boʻyicha xalqaro tan olingan tashkilotlar bilan hamkorlik oʻrnatiladi.

2019 yil 1 martga qadar:

internet tarmogʻida “TradeUzbekistan.com” elektron savdo maydonchasi hamda eksport jarayonining barcha bosqichlarini real vaqt rejimida kuzatish imkonini beruvchi Meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qiluvchilar axborot portali yaratiladi;

mamlakatda “Global GAP”, “Halal” va “Organic” standartlari talablariga muvofiq meva-sabzavot yetishtiruvchi mahalliy korxonalarni sertifikatlash boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash tashkil etiladi.

Qaror bilan hududlarda mahalliy hokimiyat va davlat organlari meva-sabzavot mahsulotlari eksportiga toʻsqinlik qilinganligi uchun shaxsan masʼul etib belgilandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?