Meva-sabzavot mahsulotlarini “O‘zagroeksport” AJ belgilagan narxlar bo‘yicha eksport qilish tartibi bekor qilindi

11:14 02 Avgust 2018 Iqtisodiyot
475 0
Illyustrativ foto

O‘zbekistonda meva-sabzavot mahsulotlariga eksport kontraktlarini “O‘zagroeksport” AJ tomonidan e’lon qilingan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha tuzish tartibi bekor qilindi. Bu davlatimiz rahbarining 2018 yil 1 avgustdagi “O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida belgilab qo‘yildi.

O‘z navbatida mazkur hujjatga muvofiq, “O‘zagroeksport” AJ rasmiy veb-saytida qayd etilgan narxlardan past bo‘lmagan narxlar bo‘yicha invoys asosida bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish tartibi ham bekor qilindi.

Ma’lumot uchun, ushbu tartib o‘tgan yil dekabr oyida hukumatning tegishli qarori bilan o‘rnatilgandi.

Uni bekor qilish bo‘yicha taklif esa O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi hamda Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ishlab chiqildi va aytib o‘tilganidek, yuqoridagi Farmon asosida ma’qullandi.

Zero, bundan oldin tadbirkorlar o‘z mahsulotlarini xorijga belgilangan narxlardan past qiymatda sotish imkoniyati yo‘qligi tufayli paydo bo‘layotgan qiyinchiliklardan shikoyat qilib kelayotgandi.

Ma’lumot uchun, “O‘zagroeksport” AJ 2016 yil aprel oyida tashkil etilgan bo‘lib, meva-sabzavot mahsulotlarini tashqi bozorlarga chiqarish bo‘yicha monopoliyaga ega bo‘lgandi. Prezidentimizning tegishli qarori bilan, o‘tgan yil iyul oyidan boshlab esa mazkur tashkilot ana shu huquqdan mahrum etilgandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?