“Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Qonun kuchga kirdi

15:03 17 Oktyabr 2019 Jamiyat
176 0

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 23-yalpi majlisida maʼqullangan “Metsenatlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolandi va kuchga kirdi.

Qonun metsenatlik sohasidagi munosabatlarni tartibga soladi. Qonuniylik, ixtiyoriylik, insonparvarlik va hisobotlarning ishonchliligi metsenatlik faoliyatining asosiy prinsiplari hisoblanadi.

Qonunga koʻra, metsenat — metsenatlik faoliyatini amalga oshiruvchi jismoniy yoki yuridik shaxs boʻlishi mumkin. Oʻzbekiston Respublikasining rezidentlari va norezidentlari metsenatlar boʻlishi mumkin. Ular metsenatlik faoliyatini ixtiyoriylik hamda bu faoliyatning maqsadlarini erkin tanlash asosida moneliksiz amalga oshirishga haqlidir.

Metsenatlik faoliyati deyilganda, madaniyat va sanʼatni, shuningdek, mazkur sohadagi ilm-fanni, taʼlimni, maʼrifatni rivojlantirishga homiylik qilish tushuniladi. 

Metsenatlik koʻmagi — homiylar tomonidan begʻaraz yoki imtiyozli shartlar asosida beriladigan mol-mulk, koʻrsatiladigan xizmatlar va qoʻllab-quvvatlashning boshqa turlaridan iborat.

Mazkur faoliyat mamlakatimizdagi madaniy meros obyektlarini saqlash, muhofaza qilish va ulardan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratish, ushbu sohalarga yoʻnaltirilgan davlat dasturlarini hamda boshqa dasturlarni, loyihalarni roʻyobga chiqarishda ishtirok etish, madaniyat va sanʼat sohasidagi kasbiy faoliyatni qoʻllab-quvvatlash, madaniy meros obyektlarini saqlash maqsadlarida amalga oshiriladi.

Metsenatlik faoliyati metsenat va metsenatlik koʻmagini oluvchi oʻrtasida tuziladigan metsenatlik koʻmagini berish toʻgʻrisidagi shartnoma asosida amalga oshiriladi. Ular metsenatlik koʻmagini koʻrsatish fakti va uning maqsadlari toʻgʻrisidagi axborotni jamoatchilik eʼtiboriga yetkazish, shu jumladan ommaviy axborot vositalari va Internet jahon axborot tarmogʻidagi axborot resurslari orqali yetkazish huquqiga ega. Ushbu axborot faqat metsenatning roziligi bilan tarqatilishi mumkin.

Shuningdek, Qonunga koʻra davlat metsenatlik faoliyatini metsenatlarga soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar hamda tariflar boʻyicha imtiyozlar va preferensiyalar berish, metsenatlarni davlat mukofotlari yoki boshqa mukofotlar bilan taqdirlash, metsenatlarning nomlarini abadiylashtirish orqali qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi metsenatlik faoliyatini axborot va tashkiliy jihatdan qoʻllab-quvvatlash, metsenatlik faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikning ijobiy fikrini shakllantirish maqsadida metsenatlik faoliyati subyektlariga uslubiy va maslahat yordami koʻrsatilishini taʼminlaydi.

Odiljon Mamatkarimov,
Oliy Majlis Senati aʼzosi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?