Metan “zapravka”larda vaziyat qachon yaxshilanadi? “Oʻztransgaz” AJ rahbariyati vaziyatga izoh berdi

17:51 29 Noyabr 2019 Iqtisodiyot
486 0

Mana, bir haftadirki, avtomobillarga gaz toʻldirish kompressor shoxobchalari (AGTKSH)da uzundan-uzun navbatlar yuzaga kelmoqda. Oqibatda haydovchilar bir necha soatlab vaqtini metan “zapravka”lar oldida oʻtkazishga majbur boʻlmoqda. Bu esa aholi, ayniqsa, uzoq yoʻlga chiqqan haydovchi va yoʻlovchilarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlyapti.

Muhokamalar esa ijtimoiy tarmoqlarga koʻchib, bu masala atrofida turli gaplar aylanmoqda. Kimdir muammoni magistral gaz quvurlarining eskirib ketgani bilan bogʻlasa, boshqasi sovuq tushishi bilan gaz bosimining pasayib ketishining oqibati sifatida baholanmoqda. Bu holatni gaz narxi oshirilishi yoʻlidagi bir qadam sifatida talqin qilayotganlar ham yoʻq emas. Ular eʼtiroz bildiruvchilarga 2018-yil dekabr oyidagi ana shunday holatlarni eslatib, shundan soʻng gaz bahosi oshib ketganini roʻkach qilishmoqda.

Xoʻsh, bu kabi gap-soʻzlar qanchalik asosli? AGTKSH faoliyatidagi uzilishlarda, turnaqator navbatlarga yuzaga kelishi nima sabab boʻldi? Bu vaziyatni “Oʻztransgaz” aksiyadorik jamiyati rahbariyati qanday izohlaydi?

Savollar jamiyat mutasaddilariga murojaat qildik.

“Oʻztransgaz” AJdan maʼlum qilishlaricha, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari”ning 10-bandida tabiiy gaz yetkazib berish ustuvor boʻlgan isteʼmolchilar toifalari belgilangan. Aholi, qonun hujjatlarida belgilangan issiqlik elektr stansiyalari, shifoxona, maktab va bogʻcha kabi ijtimoiy ahamiyatga ega obyektlar ana shu toifaga kiritilgan boʻlib, kuz-qish davrida, birinchi navbatda, ularga tabiiy gaz yetkazib berilishi koʻzda tutilgan. Boshqa kafolatlanmagan isteʼmolchilar esa tabiiy gazga muqobil yoqilgʻi turlaridan foydalanishlari kerak.

“Oʻzgidromet” xabariga koʻra, respublika hududida 22-30-noyabr kunlari ob-havo -10°S ÷ -15°S atrofida boʻlishini inobatga olib, yuqoridagi meʼyoriy hujjatlarga asosan, ulgurji isteʼmolchilar bilan imzolangan tabiiy gaz yetkazib berish shartnomasining 2.5 hamda 2.8-bandlariga muvofiq (havo harorati keskin pasayganligi sababli), ularga ogohlantirishlar berildi”, deyiladi bizga taqdim etilgan maʼlumotda.

Shunday ekan, aholi ogohlantirilmadi? Nega ular bexabar qolishdi?

Ammo jamiyat vakillari ob-havoning keskin sovishi natijasida “Oʻztransgaz” AJ rasmiy sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali aholi, ijtimoiy soha obyektlari hamda strategik ahamiyatga ega korxonalarga kech soat 17.00 dan 22.00 gacha maksimal darajada tabiiy gaz yetkazib berish maqsadida avtomobil haydovchilari avtoulovlariga yonilgʻi quyishda ushbu vaqt oraligʻini inobatga olishlarini soʻrab xabar berganini aytishmoqda.

Shu bilan birga, qoidalarning 58-bandidan kelib chiqib, Hududiy gaz taʼminoti filiallari va “Oʻzdavneftgazinspeksiya” tomonidan tuzilgan (havo sovib ketgan paytlarda tabiiy gaz tarmogʻidan ajratilishi koʻzda tutilgan) 32253 ta kafolatlanmagan korxona roʻyxati Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri xokimliklari tomonidan tasdiqlanganini, bugungi kunda ularni tarmoqdan uzish ishlari olib borilayotganini aytishmoqda.

Kuzatishlarga qaraganda, respublika va xalqaro ahamiyatga ega avtomobil yoʻllari chetlaridagi AGTKSHlarning aksariyati ishlamayapti. Baʼzilari esa kuniga oʻrtacha 6-7 soat faoliyat koʻrsatayotgani maʼlum boʻlmoqda. sababi bilan qiziqqanimizda baʼzi “zapravka”lar xodimlari gaz limiti kamaytirilganini aytishmoqda. Biroq “Oʻztransgaz” AJ tomonidan bu inkor qilindi. Hozirgi paytda respublikamizda 831 ta AGTKSH faoliyat koʻrsatayotgan boʻlsa, ularga joriy yilning oktyabr, noyabr oylari davomida belgilangan koʻrsatkichlar boʻyicha kunlik hajmlar toʻliq yetkazib berilayotgan ekan.

“Tabiiy gaz limiti kamaytirilmagan. AGTKSHning toʻliq ishlamasligi faqat tabiiy gaz bilan bogʻliq emas. Ob-havo keskin pasayib ketgan paytlarda aholiga, ijtimoiy soha obyektlariga va strategik ahamiyatga ega korxonalarga tabiiy gaz maksimal darajada yetkazib berish asosiy maqsadimiz. Bundan tashqari, “Oʻzneftgazinspeksiya”, “Oʻzstandart” agentligi, MIB va Hududiy gaz taʼminoti idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan oʻtkazilayotgan oʻrganish natijalariga asosan, ayrim shoxobchalarda meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga zid ravishda faoliyat yuritish holatlari aniqlanmoqda. Ayrim AGTKSHda litsenziya shartlariga muvofiq ish yuritmaganliklari uchun kamchiliklarni bartaraf etgunga qadar vaqtincha gaz yetkazib berilishi toʻxtatilgan holatlar ham mavjud. Ularda aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgach, gaz taʼminoti qayta tiklanmoqda. Ijtimoiy tarmoqlardagi “Gaz yetkazib bermaganligi sababli AGTKSHda turna qator navbatlar boʻlmoqda”, degan fikrlar oʻrinsiz”, deydi jamiyat matbuot xizmati xodimi.

Mutaxassislar yana bir bir holat haqida toʻxtalishimizni soʻrashmoqda. Ularning aytishicha, aholiga, AGTKSHga ham tabiiy gaz belgilangan bosimda yetib bormasligiga kafolatlanmagan isteʼmolchilar tomonidan maksimal darajada tabiiy gaz isteʼmol qilinishi, ayrim odamlar tomonidan qoʻlbola yoki maxsus nasoslar yordamida gaz taqsimlash tizimlaridan tabiiy gazni soʻrib olinishi tizimdagi gidravlik rejimning buzilishiga olib kelayotgan emish.

“Oʻztransgaz” AJ bugungi kunda tabiiy gazning narxlari oʻzgarishi yuzasidan hech qanday maʼlumotga ega emasligini taʼkidlab, hozir kuzatilayotgan holat vaqtincha ekanligini, tez orada barchasi oʻz iziga tushib ketishiga vaʼda bermoqda.

Biz ham hammasi tezda oʻz iziga tushib ketishiga umidvormiz.

Said RAHMONOV (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?