Messining “Barselona”dagi izdoshi yoxud otasi endi oʻlimdan qoʻrqmaydigan futbolchi haqida nimalarni bilasiz?

08:49 12 Oktyabr 2020 Sport
363 0

17 yoshidayoq Ansu Fati oʻndan ziyod rekordni yangilashga muvaffaq boʻldi. U 17 yoshu 311 kunligida gol kiritib, Ispaniya terma jamoasi tarixida shunday natijaga erishgan eng yosh futbolchiga aylandi. 17 yoshu 94 kunligida ispan La Ligasida dublga erishib, rekord oʻrnatdi. 17 yoshu 40 kunligida Yevropa Chempionlar Ligasida raqib darvozasini ishgʻol etib, bu nufuzli turnir tarixida gol kiritgan eng yosh futbolchi nomini oldi.”Kam Nou”da gol kiritgan eng yosh (16 yoshu 318 kun) futbolchi ham Ansu Fati boʻlib turibdi.

Bu kabi dalillar futbol jamoatchiligi eʼtiborini darhol Lionel Messidan Ansu Fatiga qaratilishiga olib keldi. Koʻplar unga “Messining “Barselona”dagi izdoshi”, deya taʼrif bera boshlashdi.

Shunisi muhimki, Fati maydonda oʻzini butun boʻy-basti bilan koʻrsatgani sayin uning tashqarisida kamtar, kamgapligicha qolyapti. Mabodo, gapirganida hamMessi bilan yonma-yon oʻynashidan, Ispaniya terma jamoasi sharafini himoya qilayotganidan, «Kamp Nou»da gol kiritishidan faxrlanishini aytish bilan cheklanadi. Tabiiyki, kelajagi yorqin boʻlishi kutilayotgan bu yosh iqtidor egasi haqida “millionlar oʻyini”, xususan, “Barselona” muxlislarining koʻproq bilgilari keladi. Zero, Oʻzbekistonda «Barsa»ga ishqibozlik qiladiganlar oz emas.

2003-yilda Gvineya-Bisauda fuqarolar urushi boshlandi. Oʻshanda Ansu bir yoshda edi. Otasi Bori Fati oilasi bilan Portugaliyaga koʻchib keldi. Bori bir necha yil davomida shu mamlakatning quyi divizioni klublarida toʻp surdi. Aytarli yutuqlarga erisha bilmadi. Keyin esa ishsiz qoldi. Xonadon sohibi “Qanday qilib qora qozonni qaynatsam ekan”, degan oʻylar girdobida yurgan chogʻida Marinaleda qishlogʻi haqida eshitib qoldi. Bu ispan qishlogʻida 2,5 ming aholi yashardi. Unda qadimiy osori atiqalardan asar ham koʻrinmas, sayyohlarni oʻziga jalb etadigan plyajlar ham yoʻq edi. Ammo bir jihat migrantlarni ohanrabodek oʻziga tortadi. Gap shundaki, oʻtgan asrning 70-yillarida bir guruh yollanma ishchilar ish sharoitlaridan norozi boʻlib qoʻllariga qurol olishadi va zaytun daraxtlari benihoya koʻp ushbu qishloqni egallashadi. Zaytun plantatsiyalari asrlar osha u yoki bu aristokrat oilaga tegishli edi. Ishchilar egallagan plantatsiyalar aristokrat Albalar oilasi mulki edi. Ish sudgacha borib yetdi. Noroziliklar, ish tashlashlar besamar ketmadi. Albalar oilasi oxiri koʻrinmaydigan sudlashuvlardan charchadi va 1200 gektar yerni namoyishchilarga topshirmoqdan boʻlak chora topmadi. Bizning til bilan aytganda, qishloq oqsoqoli xususiy mulk oʻrnida kooperativ tashkil etdi. Shundan buyon bu qishloq aholisi zaytun yogʻi eksporti bilan shugʻullanadi. Qizigʻi, bu yerda uyni hashar yoʻli bilan qurishadi. Uy toʻlovi oyiga 15 yevroni tashkil etadi. Ansu Fatining otasi Bori aynan shu qishloqqa kelib, oʻziga mos ish topdi. Yuk mashinasi haydovchisi boʻldi. Roʻzgʻor tashvishi yengillashgach, ota oʻz oʻgʻlini futbolga qoʻyish vaqti kelganini anglab yetdi.

Errerada «Peloteros» nomli kichik futbol akademiyasi bor. Ota toʻngʻich oʻgʻli Braim va kichigi Ansuni shu yerga olib bordi. Mahalliy murabbiy Xose Luis Peres Menaning bir qarorga kelishi uchun ikki daqiqa kifoya qildi. Braim ham durust edi, ammo Ansu murabbiyni chinakamiga hayratlantirdi. ”Men 50 yildan beri futboldaman. Ammo bolaning bunaqangi oʻynashini hech qachon koʻrgan emasman. Biz unga sport kiyimi va butsi sotib oldik. Lekin futbol oʻynash nuqtai-nazaridan unga hech nimani oʻrgata olmasdik,”, deya ilk taassurotlarini oʻrtoqlashgandi murabbiy. Bu ikki iqtidor daragini eshitgan “Sevilya” ularni darhol oʻz maktabiga qabul qildi. Lekin Peres Minaning koʻngli xotirjam emasdi. U Fati “Sevilya” uchun haddan ziyod yaxshi”, deb hisoblayotgandi. Shu boisdan “Barselona” akademiyasining oʻsha paytdagi direktori Albert Puchga qoʻngʻiroq qilib, Ansuning taʼrifini keltirdi. Oʻz navbatida Albert Puch har ikkala bolaning oʻyinini oʻz koʻzi bilan koʻrdi. Mana uning soʻzlari: ”Ikkalasi ham yaxshi edi. Ammo Fatining talanti shundoq koʻzga tashlanardi. Nimadir qilish kerak edi. Ularni “Sevilya”ga qabul qilishgandi. Lekin men ularning otasi bilan bir necha bor uchrashdim. Oilaning qanday yashayotganini koʻrdim. Hatto qishloq oqsoqoli bilan ham gaplashdim. Men bolaning otasiga oʻgʻli «Barsa»da nafaqat futbol oʻynash, balki ideal sharoitlarda oʻsib-ulgʻayish imkoniga ega boʻlishini tushuntirdim”.

Oxir-oqibat Bori Fati rozi boʻldi. Bu nafaqat “Sevilya”, balki “Real”ga ham yoqmadi. Madrid klubi ham bolaning daragini eshitib, Bori bilan muzokaralar oʻtkazayotgandi. Toʻgʻri, “Real” katta pul taklif qildi, ammo Boriga bolasining yashashi uchun yaratiladigan shart-sharoit maʼqul kelmadi. Bu orada “Sevilya” ham tinch turmadi. Oʻz akademiyasining Ansu Fati bilan tuzgan shartnomasini futbol federatsiyasiga taqdim qildi. Oqibatda bolani bir yil davomida boshqa klubda oʻynash huquqidan mahrum etishdi.

Albert Puchning eslashicha, bu taqiq yosh futbolchining foydasiga “ishlagan”. ”U akademiyamizga ahyon-ahyonda kelar, asosan uyda boʻlardi. Ota-onasi uni tartib-intizomga oʻrgatishdi. Ansu shu tariqa asta-sekin muhitga moslashdi. Adaptatsiya bilan bogʻliq muammolarni chetlab oʻtdi. Bunaqasi juda kam uchraydi”, deydi A. Puch.

Ansuning agenti avvaliga Xose Mingella boʻldi. Lekin yangi shartnoma tuzish masalasida qiyinchiliklar yuzaga kelgach, Ansuning otasi Bori Rodrigo Messiga murojaat qildi. Leoning akasi va agenti sanalgan bu inson vositachiligida tezda kelishuvga erishildi. Agar gap-soʻzlarga ishoniladigan boʻlsa, yangi shartnoma oʻyinchidan koʻra, «Barsa» uchun qulayroq. Unga koʻra, Ansuning yillik maoshi har yili 250 ming yevroga oshib borishi sharti bilan 700 ming yevroni tashkil etadi. ”Barsa”ning asosiy jamoasida oʻynay boshlashi bilan bu miqdor 1 million yevroga yetadi va 250 ming yevroga oshib borishi sharti kuchda qoladi. Shartnoma 2022-yilgacha amal qiladi. Biroq klub bu kelishuvni bir tomonlama tarzda yana ikki yil muddatga uzaytirish huquqini saqlab qoldi.

Oʻtgan mavsum davomida “Barselona”ga Fati boʻyicha bir nechta taklif tushgani maʼlum boʻldi. Jumladan, «Manchester Yunayted» bu iqtidor egasi uchun 100 million yevro taklif qildi. Lekin futbolchining otasi “Men oʻgʻlimni “Barselona”dan boshqa klubda tasavvur ham etolmayman. Ansu «Barsa»ning asosiy jamoasida oʻynamoqda. Endi oʻlim ham men uchun qoʻrqinchli emas”, deya bu gap-soʻzlarga uzil-kesil nuqta qoʻydi.

Hali juda yoshligi bois Ansu gʻalati holatlarga ham duch kelyapti. Masalan, yaqinda «Vilyareal»ga qarshi oʻyinda u ikkita gol kiritib, Messi uchun penalti ham ishlab berdi va haqli tarzda uchrashuvning eng yaxshi oʻyinchisi deb topildi. Ammo unga sovrinni topshirishmadi. Gap shundaki, La Liga pivo ishlab chiqaruvchi kompaniya bilan hamkorlik qiladi. Aynan shu kompaniya u yoki bu uchrashuvning eng kuchli futbolchisiga sovrinni topshiradi. Ansu esa hali voyaga yetgan emas. Shu boisdan tashkilotchilar noqulay ahvolda qolishdi. Oxir-oqibat sovrin Jordi Albaga berildi.

Maosh masalasiga kelsak, uning nisbatan kamligi Ansuni umuman qiziqtirgani yoʻq. Agar sermahsul futbol namoyish etishda davom qilsa, daromadi oʻz-oʻzidan osha borishini u yaxshi biladi. Boshqacha aytganda, pulning oʻzi uni izlab keladi. Jamoadoshi Lionel Messining faoliyati bunga yaqqol misoldir. Darvoqe, Messi Ansuning iqtidoriga yuksak baho berayapti. Uning choʻqqilarni asta-sekinlik bilan zabt etishini istamoqda.Chunki Messining oʻzi ham xuddi shunday yoʻlni bosib oʻtdi. Aytmoqchi, Messi Fati bilan tushgan suratini instragramda eʼlon qilgach, Ansuning obunachilari soni 55 mingdan 870 mingtaga koʻpaydi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda, hozir ular soni 3 million nafarga yetgan. Ansuning bevosita futbolchilik faoliyatiga qaytadigan boʻlsak, “Barselona”da uni vaqti kelib jamoaning Messiga oʻxshagan buyuk futbolchilariga qiyoslash umididalar. Kataloniya klubining yaqin oʻtmishdagi afsonaviy futbolchisi, “Bunyodkor”dagi oʻyinlari bilan ham bizga yaxshi tanish Rivaldo buni alohida taʼkidlab, klub Ansuni Messi darajasiga koʻtarilishiga umid bogʻlayotganini aytdi. Buyogʻini vaqt koʻrsatadi, albatta. Darvoqe, ayni damda Ansu Fatining tovon puli 400 million yevro etib belgilangan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?