“Mening ijod mahsulim” kimning yodida qoladi?

18:23 07 Yanvar 2019 Madaniyat
849 0

Foto: "Xalq so'zi"

Yangi yil “Xalqaro yoshlar oromgohi”da hordiq chiqarayotgan 192 nafar aʼlochi oʻquvchi uchun quvnoq doʻstlar davrasi, maroqli va foydali taʼtil bilan boshlandi. Oromgohda 3 yanvardan buyon davom etayotgan “Aʼlo taʼtil” loyihasi ularning doʻstlik rishtalarini bogʻlashi, bilim hamda tajriba orttirishi uchun mahorat maktabi vazifasini oʻtamoqda.

Bugun loyiha doirasida “Mening ijod mahsulim” oʻquvchi-yoshlar media-festivalining respublika bosqichi yakunlandi. Media-festival Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi va Xalq taʼlimi vazirligi hamkorligida Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Oʻzbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Oʻzbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi koʻmagida uyushtirildi.

Media-festival ilk marotaba oʻtkazilganiga qaramay, unda 1786 nafar oʻquvchi qatnashish istagini bildirgan. Ishtirokchilar “Eng yaxshi ijtimoiy rolik”, “Eng yaxshi media ishlanma”, “Eng yaxshi targʻibot katalogi”, “Eng yaxshi maktab roʻznomasi”, “Eng yaxshi maktab radioeshittirishi” hamda “Mening orzuimdagi zamonaviy maktab” loyihasi yoʻnalishlarida bahslashdi.

Foto: "Xalq so'zi"

Yakunda “Eng yaxshi ijtimoiy rolik” yoʻnalishida Qoraqalpogʻiston Respublikasi vakili Aysuluv Baltamuratova, “Eng yaxshi media ishlanma” yoʻnalishida Xorazm viloyatilik Javohir Shomuratov, “Eng yaxshi targʻibot katalogi” yoʻnalishida fargʻonalik Qilichbek Qurbonov, “Eng yaxshi maktab roʻznomasi” yoʻnalishida Sirdaryo viloyatidan Yorqinjon Hayitboyev, “Eng yaxshi radioeshittirish” yoʻnalishida poytaxtlik Nasiba Abdullayeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ular gʻoliblik nashidasini uzoq vaqtgacha unutmasliklari, kelgusida bundan-da ruhlanib, oʻz yoʻnalishlarida yanada joʻshib ijod qilishlari aniq.

Shohida DAMANOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?