“Mening hikmatlarim olamda sulton...”

16:24 23 Aprel 2018 Madaniyat
824 0
Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

G‘ishtko‘prik chegara postidan pasportlarimizga kerakli muhr bosilgach, qo‘shni mamlakatga o‘tishimiz hamono kirakashlar Almati, Chimkent, Sayram, Turkiston va boshqa shaharlarga olib borishni taklif qilishdi. Pulni ham shu yerda almashtirib olish mumkin.
Avtobusda yo‘lga tushdik. Chimkent va Qizilo‘rda trassasida yo‘l-yo‘lakay ta’mirlash ishlari ketyapti. Trassaning har 15 kilometrida transportlarni ta’mirlash uchun chuqur yo‘laklar tashkil etilgan. Yo‘l belgilariga katta e’tibor qaratilgan. Har bir shahar, qishloq, daryo, ko‘l yo‘l ko‘rsatgichida belgilangan. Yo‘ldagi qayrilish, mehmonxona, AYoQSh, hojatxona va boshqa zaruriy maskanlarga qancha metr qolgani yo‘l belgilari orqali ko‘rsatilgan. Trassadagi onlayn tezlik o‘lchagich uzoqdan qancha km/soat tezlikda harakat qilayotganingizni ko‘rsatib, ogoh etib turadi. Darvoqe, agar shaxsiy mashinangiz bilan safarga chiqsangiz, Qozog‘iston chegarasiga o‘tishingiz bilan kunduz kuni ham chiroqni yoqib yuring. Aks holda 10000 tanga jarima to‘lashingizga to‘g‘ri kelarkan. Belgilangan tezlikda yuring. Trassa chetida DAN xodimi ko‘rinmaydi, lekin ular mashinalarida aylanib yurishadi. Agar yo‘l harakati qoidalariga to‘liq amal qilayotgan bo‘lsangiz, xotirjam yuravering. Qoida buzmasangiz, to‘xtatishmaydi. 
Yo‘l-yo‘lakay mezbonlar bir qancha rivoyat va afsonalarni aytib berishdi. Shulardan biri Nuh payg‘ambar bilan bog‘liq. Emishki, Nuh to‘fonidan keyin payg‘ambarning kemasi Chimkent atrofida to‘xtagan. Ushbu rivoyat asosida ramziy yasalgan kema maketini suratda ko‘rib turibsiz. 

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

Buyuk sohibqiron Amir Temur Xitoyga yurishi paytida O‘trorda bir muddat to‘xtagan, qahraton qish sovug‘i zabtiga olgach, shu yerda kasallikka chalingan va vafot etgan. Ul zot aynan qaysi manzilda vafot etganlari xususida aniq ma’lumotlar yo‘q, ammo O‘tror ekanligi tarixiy manbalardan ma’lum. Shu bois O‘trordan o‘tayotganimizda butun dunyoga dong taratgan, saltanatda adolat tarozisini mahkam o‘rnatgan bobokalonimizni eslab, g‘ururlandik, haqlariga duoyi fotihalar qildik. 
Biz dastlab Chimkent markazida joylashgan o‘zbek milliy drama teatri ijodkorlari bilan uchrashdik. 480 tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu ma’naviyat maskani joriy yilda o‘tkazilgan teatrlar festivalida 2-o‘rinni egallabdi. Ijodkorlar 2018 yil Qozog‘istonda O‘zbekiston yili deb e’lon qilinishi munosabati bilan juda ko‘plab madaniy tadbirlar o‘tkazilayotganini ta’kidlar ekan, bunday ezgu munosabatlarga yo‘l ochib bergan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevga minnatdorlik so‘zlarini izhor etishdi. Ushbu samimiy tilaklarga qo‘shilgan holda Sayram shahriga jo‘nadik. U yerda Ahmad Yassaviyning padari buzrukvori Ibrohim ota hamda volidasi Muso Shayxning qizi Oysha xotun (Uni Qorasoch momo ham deydilar)ning ruhi poklariga Qur’on tilovat qilindi. 

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

Ahmad Yassaviyning ustozi Arslonbob maqbarasiga bordik. Maqbara Turkistondan 70 kilometr uzoqlikda, dasht ichida joylashgan. Arslonbob haqida xalq og‘zaki ijodida bir qancha afsonalar mavjud. Ulardan birida aytilishicha, Amir Temur Ahmad Yassaviy maqbarasini qurarkan, poydevor yiqilaveradi. So‘ng Temurning tushiga Xoja Ahmad Yassaviy kirib, “Avval ustozim Arslonbobni obod qil” deydi. Amir Temur Arslonbobga maqbara tiklaganidan so‘ng, Turkistondagi majmuani qurishni boshlaydi.
Sohibqiron Temur tiklagan maqbara saqlanib qolmagan. Hozirgi maqbara 1909 yili barpo etilgan. Maqbara ichida Arslonbob, uning shogirdlari Qarg‘abob va Lochinbob qabrlari joylashgan. Maqbara ayvonining o‘ng tarafida masjid bor. Maqbara atrofi qabriston bo‘lib, u yerda ham yangi-yangi maqbaralar paydo bo‘lgan. Yassaviy so‘fiylaridan Qurbon ota (1620-1710) va partiya va davlat arbobi O‘zbekali Jonibek (1931-1998) maqbaralari shular jumlasidandir.

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

Turkiston shahridan 35 kilomert shimolda Ukkosha ota ziyoratgohi joylashgan. O‘tgan asrning 90-yillarigacha bu yerda maqbara bo‘lmagan. 1990 yili maqbara tiklangan. Mahalliy aholi 22,5 metrli qabr egasi sahoba Ukkosha bo‘lganligiga ishonadi. Afsonalarga ko‘ra, Ukkosha ota judayam botir bo‘lgan, unga qilich ham, o‘q ham ta’sir qilmagan emish. Faqatgina bomdod namozi vaqtida uning yonida hech kim bo‘lmas ekan. Ukkoshaning dushmanlari uni bomdod namozini ado etayotgan vaqtida kallasini olib, masxara qilmoqchi bo‘lganda kalla pastga yumalab bir chuqurga tushib ketganmish. Shu yerdan buloq otilib chiqqan emish. Bu buloq yerosti yo‘llari orqali Makkai mukarramadagi Zam-zam bulog‘iga tutasharmish. 
Quduq ustiga o‘tovga o‘xshagan bino qurilgan. Quduqning chuqurligi 22-25 metr. Quduq bilan ham bog‘liq bir qancha afsonalar mavjud. Quduqda doim ham suv bo‘lavermaydi. Emishki, kimki gunohsiz bo‘lsa, u tashlagan chelak suv bilan chiqarkan, gunohi bo‘lsa, suv chiqmas ekan.
Va, nihoyat Ahmad Yassaviy majmuasidamiz. 

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".


Xoja Ahmad Yassaviy (Yassi yaqinidagi Sayram shahri, taxm. XI asrning ikkinchi yarmi — 1166) — tasavvufning mashhur namoyandalaridan biri. Otasi Shayx Ibrohim javonmardlik tariqatiga mansub nufuzli zotlardan bo‘lgan. Yassaviy tug‘ilgach, ko‘p o‘tmay onasi vafot etadi. 7 yoshida otasidan ham ajraladi. Yassaviy tarbiyasi bilan opasi Gavhar Shahnoz mashg‘ul bo‘ladi. Yassaviy opasi bilan Yassiga ko‘chib borgach, birinchi ustozi Arslonbob bilan uchrashadi va undan tahsil oladi («Yetti yoshda Arslon bobom izlab topdim...»). Yassaviy Yassida botin ilmi sirlarini mukammal o‘zlashtirgan. O‘sha zamonlarda ilm-ma’rifatning Movarounnahrdagi markazlaridan bo‘lgan Buxoroda Turkistonning turli tomonlaridan tolibi ilmlar yig‘ilishgan. Arslonbob ko‘rsatmasi bilan Yassaviy ham Buxoroga boradi. Davrning eng peshqadam olimi va sufiysi Shayx Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, unga murid tushadi.
Buxoroda u arab tili bilan bir qatorda fors tilini ham chuqur o‘rganadi. Forsiyda yaratilgan tasavvufiy adabiyot bilan tanishadi. Xoja Abduxoliq G‘ijduvoniy, Abdulloh Barqiy, Xoja Hasan Andoqiylar bilan hamsuhbat va hammaslak bo‘lib, Yusuf Hamadoniy muridlari qatoridan o‘rin oladi. 
Alisher Navoiy Yassaviy to‘g‘risida «Maqomoti oliy va mashhur, karomoti matavoliy va nomahsur ermish. Murid va ashob g‘oyatsiz va shohu gado aning irodat va ixlosi ostonida nihoyatsiz ermish», deydi. Bu fikr Yassaviyning Yassiga qaytib kelib, yangi bir tariqatga asos solgan murshid sifatida shuhrat topgan davrlariga tegishlidir. Yassaviy turkiy xalqlarni islomga yanada kengroq jalb qilish va tasavvuf g‘oyalarini omma ko‘ngliga chuqur singdirish maqsadida she’riyatdan ham foydalangan. Uning hikmatlarini xalqimiz sevib o‘qiydi. Ul zot bir hikmatida shunday yozadi: 
Mening hikmatlarim olamda sulton,
Qilur bir lahzada cho‘lni guliston.
Mening hikmatlarim dardsizga aytmang, 
Bahosiz gavharim nodonga sotmang.

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

Aytishlaricha, Yassaviyning o‘zi «Devoni hikmat» nomi bilan biron bir kitob yaratmagan. Ushbu nodir asar uning murid va izdoshlari tomonidan tartib berilgan. 
Yassaviyga atab qurilgan majmuaning kirish qismi mehrobi balandligi 37,5 metr, devorining qalinligi 2 metr. Xonaqoh devori qalinligi 3 metr. Asosiy gumbazning balandligi 44 metr, diametri – 20 metr. Majmua ichida maqbara, masjid, kutubxona, katta va kichik saroy, 35 ta hujra, quduqxona, oshxona mavjud. Majmua xonaqohiga ulkan toy-qozon o‘rnatilgan.

Foto: Hasan Paydoev, "Xalq so`zi".

Bu ulkan qozon Amir Temur buyrug‘i bilan tabrizlik usta Abdulaziz ibn Sharafiddin tomonidan 1399 yili Turkiston yaqinidagi Qarnoq qishlog‘ida quyilgan. Qozonning vazni 2 tonna, sig‘imi 3000 litr, diametri 242 sm, balandligi 162 sm. Qozonni tayyorlashda mis, rux, oltin, kumush, bronza, qo‘rg‘oshin va temir metallaridan foydalanilgan. Toy-qozonning ichida hech qanday yozuv yo‘q. Tashqi qismiga Qur’oni karimdan oyatlar, hadisi sharif, qozonning Amir Temur buyrug‘i bilan Xoja Ahmad Yassaviy maqbarasi uchun quydirilgani haqida yozuv va ustaning ismi yozilgan. Tarixiy manbalarda kelishicha, ushbu ulkan qozonda haftada ikki marta halim pishirilgan, u ilm toliblari, beva-bechoralarga tarqatilgan. Toy-qozon 1935 yili Leningraddagi Ermitaj muzeyiga olib ketilgan, 1989 yili Turkistonga qaytarilgan. 

Yassaviy maqbarasi atrofida yana bir qancha yodgorlik maqbaralari o‘rnatilgan. Ulardan biri Mirzo Ulug‘bekning qizi Robiya sulton begimga tegishli. 
“Yurgan daryo, o‘tirgan bo‘yra” deydi xalqimiz. Darhaqiqat, sayru sayohatning zavqi o‘zgacha, ayniqsa, ulug‘larni ziyorat qilish ruhga quvvat, ko‘ngilga taskin baxsh etadi. Bunday manzillarda dunyoning o‘tkinchi ekanligi, inson esa faqat yaxshi nom, ezgu amallar bilangina eslanishini o‘ylaysiz, o‘zingizga tegishli xulosalar chiqarasiz. 

Maqsud JONIXONOV


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?