Mening 500 soʻmim...

20:02 04 Mart 2019 Jamiyat
630 0

Illyustrativ foto

Qoʻl koʻtarmasimdan marshrutka gʻiz etib kelib toʻxtadi.

Mashina eshigini ochar-ochmasimdan “Qayergacha?” deb savol berildi. Borar manzilimni aytdim. “Unday boʻlsa, 2000 soʻm, — dedi bamaylixotir. — Yaqinroqda tushsangiz, 1500 soʻm boʻladi”.

“Qayergacha” odatiy hol. Vaholonki, Qarshi shahrida yoʻlkira narxi 1500 soʻm. Amalda esa 2000 soʻm. Yaqinroq manzilga boruvchilardan belgilangan narxni, sal uzoqroqqa boradiganlardan esa 2000 soʻmdan olishadi. “Nega, yoʻlkira haqi 1500 soʻm emasmi?”, desangiz, “Narx-navo qimmat, uyushma toʻlovi falon pul, xarajatlar koʻp”, deya dardini sanashga tushadi ular ham.

Aslida-chi? Aslida qanday boʻlishi kerak? Buni kim nazorat qiladi? Har bir yoʻlovchidan 500 soʻmdan ortiqcha haq olish qanchalik toʻgʻri? Bir kishidan 500 soʻmdan bir kunga 1000 soʻm. Bir oyda 30 000 soʻm boʻladi. Bu faqatgina yoʻnalishli marshrutkalardan kuniga ikki marta foydalansangiz... Ammo ish yuzasidan kuniga besh-olti marotaba mashinaga chiqsangiz, ortiqcha 2500 — 3000 soʻmga borib turibdi-da. Yana bu faqat bir kishiga.

Avtoulovlardan esa kuniga necha kishi (tabiiyki, aholining koʻp qismi!) foydalanadi? Mayli, 1000 soʻmning oʻzini 100 ga koʻpaytirsak. Bitta haydovchi bir kunda ortiqcha 100 ming soʻm topyapti shuning ortidan. Ammo haydovchilarning soni qancha? Aholining-chi? Buning ortida necha 100 minglab soʻmlar turibdi? Hisoblasak, nollar qatorlashib ketmaydimi?

Bir kun hisobida qancha pul ortiqcha toʻlanyapti? Bunga masʼullar, mutasaddilar nega jim? Toʻgʻri, ular marshrutkada yurishmaydi-da. Lekin vazifasi-chi?

“Shu 500 soʻm uchun haydovchi bilan tortishib oʻtiramanmi”, deb indamay ketuvchilar ham koʻp. Ammo siz befarq, biz befarq boʻlaversak... Aslida katta-katta muammolar mana shunday kichkinasidan, xuddi shu kabi “500 soʻmlardan” boshlanmaydimi?

“Toma-toma koʻl boʻlar” deydi xalqimiz. Nazarimda, shu 100 ming soʻm faqat haydovchining choʻntagidagina qolib ketmasa kerak. Yoʻqsa, mutasaddi tashkilotlar vakillari indamay qarab turishmasdi. Nima dedingiz?!

Toʻgʻri, haydovchilarning aholining uzogʻini yaqin qilishi, issiq-sovuq kunlarda oʻydim-chuqur yoʻllardan nolimaygina (ravon koʻchaning oʻzi yoʻq) gʻizillab qatnashi bor gap. Bundan ham koʻz yummaymiz. Ammo nega ortiqcha 500 soʻm toʻlashimiz kerak?! “Qaysi yoʻnalishda shunday ekan”, deysizmi? Qarshi shahridagi har bitta yoʻnalishda. Bunga koʻpchilik koʻnikib qoldi. Masʼullar-chi? Ular ham koʻnikishdimi yoki koʻniktirishdimi?

Xullas kalom, mening 500 soʻmim alaloqibat kimlarning choʻntagiga borib tushayotgan ekan? Ana shunisi koʻproq qiziq...

Umida Elbekova.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?