“Meni kechir, ona tilim, meni kechir...”

13:35 07 May 2019 Jamiyat
1477 0

Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, taniqli genetik olim, Butunjahon Fanlar akademiyasi aʼzosi, akademik Ibrohim Abdurahmonovning rus tiliga davlat tili maqomi berilishini soʻrab maktub yozgan “ziyoli”larga bildirgan otashin munosabatini oʻqib, nihoyatda taʼsirlandik. Ayniqsa, “ziyoli“ soʻzining qoʻshtirnoqqa olinganligi ayni muddao boʻlibdi. Qoʻshtirnoq oʻzbekning zabardast shoirlaridan biri, rahmatli Aʼzam Oʻktamning “Tashxis“ sheʼridagi mazkur misralarni bizning yodimizga soldi:

Rost koʻrindi ozdek –

qoʻshib gapirdi, yozdi.

Koʻpirtirdi: Ziyoli

“Ziyonli”ga aylandi.

Akademik olimimiz toʻgʻri taʼkidlaganlaridek, bir guruh “ziyoli“larning bu xati oʻzbek xalqining tarixi, buguni va kelajagiga ziyon yetkazishdan boshqa narsa emas. Bu xatga boshqacha tashxis qoʻyib ham boʻlmaydi. Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusufning satrini ham bejiz keltirmadik. Biz hali oʻtgan XX asrda tilimiz oldida qilgan gunohlarimizni yuvganimiz yoʻq. Ona sutidek aziz va muqaddas, moʻtabar ona tilimiz bizning gunohlarimizni hali kechirgani yoʻq. Kechirmaydi ham. Gunoh ustiga yana gunoh qilish shartmi?!

Muhtaram Prezidentimiz 2017 yil 3 avgustda ijodkor ziyolilar bilan boʻlgan uchrashuvda: “Bugun odamlarimizning qonini tozalash kerak, bu maʼnaviy tozarish jarayonida adabiyotning oʻrni beqiyos. . Adabiyotga, kitobxonlikka katta eʼtibor qaratayotganimiz ham shundan“, deya alohida taʼkidlagan edilar. Akademik I. Abdurahmonov ona tilimizga munosabatda bizning genlarimiz, yaʼni qonimiz muhim ahamiyat kasb etishini ilmiy jihatdan isbotlab berdilar. Taniqli genetik olimning “ genlarni “oʻqish” jarayonida fan tilida mutatsiya deyiladigan hodisaga asoslanib genetik tarixga bir nazar solsa boʻladi. Soddaroq qilib aytsam,odamzod paydo boʻlibdiki, genlarni ajdodlardan avlodlarga berilishida muhrlangan oʻzgarishlarni koʻra olasiz. Bu esa Oʻzbekiston xalqlarining genetik tarixi oʻrtacha ellik ming yildan ziyod ekanini koʻrsatib turibdi. Demak, biz Yevropa xalqlaridan 16 ming yil qadimiyroqmiz” degan fikrlari bizning mudroq shuurimizni uygʻotishi, farzandlarimiz qalbidagi ona yurt va ona til bilan faxrlanish tuygʻularini yanada yuksaltirishi shart! Bu ilmiy xulosalar xorijda, xalqaro jurnallarda chop qilingan, xorijlik olimlar tomonidan eʼtirof etilgan! Yoki Oʻzbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ozod Sharafiddinov umrining oxirgi yillarida ona tilimizning buyuk jonkuyari sifatida maydonga chiqdilar. Ha, aynan “maydonga“ chiqdilar. Ona tilimizni himoya qilishimiz uchun hali yana koʻp martalar maydonga chiqishimiz zarur ekanligini xalqning ildiziga bolta urishdan choʻchimaydigan, xalqqa ziyo tarqatishning oʻrniga unga ziyon yetkazayotgan bir guruh “ziyoli“larning xati ham koʻrsatib turibdi. Muhtaram Prezidentimiz, “odamlarimizning qonini tozalashimiz kerak, bu maʼnaviy tozarish jarayonida adabiyotning oʻrni beqiyos“, degan boʻlsalar, Ozod domla oʻtgan asr 90 - yillarida “Adabiyot tildan boshlanadi“ sarlavhali maqola yozgan edilar. Tilimizni yana qargʻalarga choʻqitib qoʻyadigan boʻlsak,odamlarimizning qoni qachon tozalanadi? Oʻsib kelayotgan yosh avlodning, xalqimizning , moʻtabar adabiyotimizning kelajagi nima boʻladi?

Oʻzbekiston Qahramoni, taniqli jamoat arbobi Ozod Sharafiddinovni koʻpchilik adabiyotshunos, choʻlponshunos olim va tarjimon sifatida yaxshi biladi. Hayotining soʻnggi yillarida Ustoz asosan badiiy publitsistika bilan shugʻullandilar va adabiyotimiz, maʼnaviyatimiz xazinasiga bebaho boylik boʻlib qoʻshilgan goʻzal esselar va maqolalar yozdilar. Olimning “Navoiy saboqlari“,“Ona tilim - iftixorim, inja ganjinam“, “Tilda hikmat koʻp“, “Til ilmining dargʻasi“, “Otajon Hoshimov shaxsiyati. Taqdiri. Ijodi“, “Fan goʻzallik hissi bilan tirik” kabi esse va maqolalarida milliy til, til taʼlimi, til taraqqiyoti va sofligi singari eng yetakchi muammolar dadillik bilan koʻtarilgan. “Oʻzbek tili nafaqat qadimiy til, u gʻoyatda nafosatga boy til, u har qanday maʼnoni eng nozik, eng inju qatlamlarigacha ifodalab bera oladigan, oʻzining goʻzalligi bilan odamga zavq - shavq ulasha oladigan, bahri dilini ochib, goʻzallik tuygʻusini qondira oladigan til“,deb yozadilar Ozod domla. Yana bir oʻrinda Ustoz: “Afsuski, yillar oʻtgan sayin, hatto oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganidan keyin ham ziyolilarimiz oʻrtasida oʻzbek tilini biladiganlari, ona tilida fikrini ifodalab berishga qurbi yetadiganlar borgan sari kamayib ketyapti. Televideniyeni koʻrib oʻtirib, turli -tuman shifokorlar, olimlar, davlat arboblari, muhandislar, moliyachilar, soliq idorasining xodimlari va hokazo hokazolargina emas, hatto suxandonlar, muharrirlar va boshqalarning ham poyintar - soyintar jumlalarini eshitib, ega-kesimini muvofiqlashtira olmayotganiga, jumlaning boshi bilan oxirini qovushtira olmayotganiga guvoh boʻlib soching tikka boʻlib ketadi. Bularning bari el-u yurtning koʻz oʻngida ona tilimizni tahqirlashdan oʻzga narsa emas-ku!Tilni mensimaslik, millatni mensimaslik, vatanni mensimaslikni koʻrsatadigan oʻta noxush bir holdir“.

Rus tiliga davlat tili maqomi berilishini talab qilib xat yozgan “ziyoli“larning hammasi Oʻzbekiston atalmish muqaddas Vatanda tugʻilib oʻsgan,Vatanimizning eng yuksak mukofotlari bilan taqdirlangan boʻlsalar-da,ularning koʻpchiligining Ustoz aytganlaridek “ona tilida fikrini ifodalab berishga qurbi yetmaydi“. Ular bizning tilimizni mensimaganlari uchun ham oʻzga til uchun davlat maqomi berilishini soʻrashyapti. Tilimizni mensimaslik orqali ular oʻzlarining millat va Vatanga munosabatlarini ham ochiq bildirishdi. Oʻzimizning dunyodagi eng bagʻrikeng, mehmondoʻst xalq ekanligimiz bilan faxrlanamiz. Lekin, xokisorlik ham shunchalik boʻladimi, oʻz farzandlari oʻz ona tilini bilmasa, bilmagani ham mayli, oʻzga bir tilga davlat tili maqomini berishni talab qilsa, bu bedodlikka qanday chidash mumkin? Biz har qanday xorijiy tillarni oʻrganish tarafdorimiz. Koʻp til bilish dunyoning barcha darvozalarini ochadi, xalqlarni bir biri bilan yaqinlashtiradi, doʻstlashtiradi. Faqat xorijiy tilni oʻrganish oʻz ona tilini bilmaslik, uni unutish evaziga boʻlmasligi kerak. Axir, hamma narsaning javobi borku! Biz koʻngli ochiq, qoʻli ochiq, oʻzimiz poygakda oʻtirib, mehmonni toʻrga oʻtkazadigan, farzandlarimizni “otam, onam” deb alqaydigan xalqmiz. Boshqa xalqlarda kam uchraydigan bu aziz milliy qadriyatlarimiz bilan faxrlanamiz. Bizning mehribon onamizdek, tabarruk ona yerimizdek aziz ona tilimizni kamsitishga hech kimning haqi yoʻq!

“Oʻzini oʻzbek ziyolisi deb hisoblagan har bir inson faqat til bayramlarida emas, doimiy ravishda ona tilimiz bayrogʻimizdek yuksak va pokiza boʻlishi toʻgʻrisida qaygʻurmogʻi ham farz, ham qarzdir”, deb yozadilar Ozod domla. Ustozning ona tilimiz haqida qaygʻurib, jismi jonlari ogʻrib yozgan maqolalarini oʻqib, xayolimizga bir fikr kelgandi. Bizning nazarimizda ona Vatan, ona tili va bizning kindik qonimiz tomgan tuproq mushtarak tushunchalardir. Ayniqsa, yoshimiz ulgʻayib, tuproqqa yaqinlashganimiz sari biz tilimizning qadrini, uning nihoyatda muqaddasligini anglab borsak kerak. Shunday ulugʻ qadrni anglamaganlarga, bilmaganlarga , yoki bila turib oʻzini bilmaslikka solayotganlarga shoir aytganidek bizning “rahmimiz keladi”. Ularga Yaratganning ham rahmi kelsin!

“Xalqimizning tarixi qadim–qadimlarga taqalar ekan, oʻzbek tiliga ham qadimiy til namunasi sifatida qarashimiz, uni asrab – avaylashimiz lozim. Butun sivilizatsiyadagi genlar toʻplami bizda mujassam boʻlgan,tilimizning naqadar boyligini , unda biz oʻzimiz tushunmagan qirralar hanuz borligini inkor qilib boʻlmaydi. Oʻzbek tilini oʻrganishdan insonlarda gʻurur paydo qilishimiz zarur”, deydi “Gazeta.uz” da bosilgan maqolasida Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri, akademik I. Abdurahmonov. Tilimiz – bizning oʻtmishimiz, bugunimiz, kelajagimiz va oʻzligimizdir. Ulugʻ ajdodlarimiz tomirlariga bogʻlab turgan rishtalarimiz, yuragimizda urib turgan qonimiz, jonimizdir bizning ona tilimiz!Yuraksiz, qonsiz, jonsiz yashash mumkinmi? Oʻz ona tilini bilmaslikdan uyalmaslik, yana buning ustiga bir xatoni ikki xatoga aylantirib, oʻzga tilga davlat tili maqomini berishni soʻrash tuzluqqa . . . emasmi?! Axir Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1 bob 4 – moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir” deb belgilab qoʻyilganku!

Har qanday milliy iftixor, milliy gʻurur ona Vatanni va ona tilini sevishdan boshlanadi. ”Ona tilimizning kamoloti yoʻlidagi saʼy –harakatimizni kuchaytirish kerakligi yaqqol sezilib turibdi. Tilimiz hamon parvarishga va himoyaga muhtoj” deb yozgan edilar Ozod domla. Oʻzga tilga davlat tili maqomi berilishini soʻrab yozilgan xat bizni ogohlikka daʼvat etishi shart. Ona tilimizni himoya qilish biz uchun eng muqaddas burch, buyuk ajdodlarimizdan qolgan meros, qarz ekanligini unutmaylik!

Raʼno Sayfullayeva, filologiya fanlari doktori, professor

Hulkar Hamroyeva, filologiya fanlari nomzodi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?