“Menga tayanch nuqtasini ko‘rsating, Yer sharini qo‘limda ko‘tara olaman”

17:38 06 Avgust 2018 Jamiyat
205 0
Illyustrativ foto

Buyuk faylasuf Arximedga tegishli ushbu ibora barchaga ma’lum. Alloma shu o‘rinda tayanch nuqtasi sifatida majoziy ma’noda qonunni nazarda tutgan, deb ham qabul qilsak bo‘ladi. Zero, insonning qonunga tayangan holda qiladigan xatti-harakati qudratli, eng muhimi, to‘g‘ri, asosli va adolatli bo‘ladi. Shu bois mamlakatimizda amalga oshirilayotgan har bir islohotning, tub o‘zgarishning nihoyatda pishiq, xalqchil va odilona qonun hujjatlariga asoslangan bo‘lishi hayotiy zaruratdir. Buning uchun esa milliy qonunchiligimizni doimo tahlil va tadqiq qilib borish, uning yaxlit va mustahkam huquqiy maydonga aylanishini ta’minlash talab etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan o‘tkazilgan “Huquqiy siyosat — davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishi” mavzusidagi matbuot anjumanida shular xususida so‘z yuritildi. “Yaqinda Prezidentining Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Huquqiy siyosat tadqiqot institutining tuzilishi ulkan huquqiy voqea bo‘ldi. Mazkur tuzilma yagona davlat huquqiy siyosatini amalga oshirish, qonuniylikni mustahkamlash, jamiyatda huquqiy madaniyat va huquqiy ongni oshirishga qaratilgan tadqiqotlarni tashkil etish va o‘tkazish sohasida respublikaning yetakchi davlat ilmiy-tadqiqot ekspert muassasasi hisoblanadi”, — deydi professor I. Nasriyev.

Xo‘sh institut nima bilan shug‘ullanadi? Uning ahamiyati nimalardan iborat? Tadqiqot institutiga milliy qonunchilikni va uning tarmoqlarini rivojlantirish sohasida ilmiy-amaliy tadqiqotlar o‘tkazish, jamiyat taraqqiyotiga hamohang keladigan ilmiy konsepsiyalar yaratish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini oshirishning innovatsion usullarini, sud-huquq sohasida qonun hujjatlari qo‘llanilish amaliyotini tahlil qilish, uni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat boshqaruvi samaradorligini oshirishning huquqiy muammolarini o‘rganish, ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi munosabatlarni huquqiy tartibga solishning rivojlanish yo‘nalishlarini aniqlash, yetakchi xorijiy ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlikni amalga oshirish vazifalari yuklatildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?