“Menga senday Vatan berdi!”

22:18 12 Oktyabr 2020 Madaniyat
302 0

“Xalq soʻzi” gazetasi yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida tahririyat rasmiy veb-sayti Madaniyat rukni ostida «Yosh ijodkorlar gurungi» ni tashkil etdi. Unda yosh shoir, nosir va tarjimonlarning ijodiy ishlari eʼlon qilib boriladi. Marhamat, oʻqing, bahra oling.

Navbatdagi ijodkor yosh shoira Kumush ABDUSALOMOVA — 1996-yil Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani, Yulduz qishlogʻida tugʻilgan. Oʻzbekiston milliy universiteti jurnalistika fakultetini tamomlagan (2019). 2015-yil “Kuylamasam boʻlmaydi” nomli sheʼriy toʻplami Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan 20 ming nusxada chop etilgan. Zomin respublika yosh ijodkorlar seminari ishtirokchisi. Hozirda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti Oliy adabiyot kursi tinglovchisi. Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi aʼzosi.

Yerliklar

Osmonga ham chiqib oldi

Pullarining kuchi bilan.

Yerliklarni koʻrsatdi soʻng

Oyogʻining uchi bilan.

Qilgan barcha yumushlari

Qilindi qoʻl uchi bilan.

Oʻlgach, yaxshi inson edi,

Dedilar til uchi bilan...

Moddaga sharh

Vijdon deb bong urishga

Vijdonsizlar haqlimas.

Vijdon erki vijdoni

Yoʻqlarga taalluqlimas.

Kampir

Ketib borayotgan anov kampirning

Shunchalar ogʻirmi toʻrva xaltasi?

Zoʻrgʻa nafas olar. Bering, ogʻirmi?

Desam, yoʻq, bolam deb, nega aldadi?

Oʻzimdan uyaldim rostini aytsam.

Vujudim titradi bir ovoz, sasdan.

Uyalmay Xudodan yordam soʻrabman

Boʻm-boʻsh yuragimni koʻtarolmasdan.

Seni sevmoq

Kim shon berdi, kim jon berdi,

Kimlar taqdirga tan berdi.

Kim senga ne bersa berdi,

Menga senday Vatan berdi!

Xola sevsa, amma sevsa,

Seni hamma-hamma sevsa,

Mana bundoq, mana shundoq –

Manfaatsiz, betaʼma sevsa…

Haq dil yozsam, xalqchil yozsam,

Ogoh yozsam, xijil yozsam,

Mendan rozi boʻlasanmi?

Shu xalq uchun maqbul yozsam?

Ilm kerak, urfon kerak,

Senga joni qurbon kerak,

Oq kerakmas, koʻk kerakmas,

Menga Oʻzbekiston kerak!

Ikki koʻzim – charosimmi?

Seni sevmoq marosimmi?

Agar shundoq boʻlsa, har kun

Oʻtkazay shu marosimni!

Menga ne zer-zabarlaring?

Buncha shirin, buncha totligʻ

Sening ul xushxabarlaring.

Shu sheʼrimni eshitsaydi,

Shu yerimni eshitsaydi,

Sening har darbadarlaring…

Yurak qurgʻur hovliqmami?

Baxtim senga bogʻliq mani.

Sen demasam, bir kun kelib

Kechirarmi Xoliq mani?

Zamin – xaritadan berdi.

Har kasga bittadan berdi.

Kimga nima bersa berdi,

Menga senday Vatan berdi!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?