Men vatanli boʻldim, oʻksik qalbim quvonchga toʻldi

10:30 10 Iyun 2019 Jamiyat
295 0

Uyining toʻrida savlat toʻkib oʻtirgan bobo, qadoq qoʻllarini duoga ochadi: Ilohim, yurtimizga koʻz tegmasin. Xonadonimizga osoyishtalik, dasturxonimizga qut-baraka keltirsin.

Mana shu moʻtabar kalom har kuni millionlab oʻzbek xonadonlarida jaranglaydi. Soat millari aylanadi. Vaqt esa bir joyda toʻxtab qolmaydi. Hayot davom etmoqda. Odam bolasi oʻz umrining mazmuniga oshiq. Baʼzida ortiga oʻgirilib, qilgan eng ezgu ishlarini xotirlaydi va magʻrur boshini koʻtaradi. Bu faqat buyuk qalb egalariga xos kechinmadir. Ishdan horib qaytayotgan yigitni vatan ichra moʻjaz vatan boʻlmish uyida shoʻx-shodon, qiyqirib oʻynab yurgan bolalari qarshi oladi. Quchogʻiga otilib, charchogʻini oladi. Uning yashash va yaratish ishtiyoqini orttiradi.

Bugun Samarqand viloyat xokimligi tashabbusi bilan, Samarqand shahridagi “Shukrona” mahallasida tantanali marosim boʻlib oʻtdi. Unda 37 nafar nogironligi boʻlgan, kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj fuqarolarga 2 sotixli hovlidan iborat 37 ta kottej foydalanishga topshirildi. Mazkur uy sohiblarining asosiylari koʻp yillardan beri uy-joyga navbatda turgan, ijarama-ijara qiynalib yashab kelgan odamlardir.

Tadbirni viloyat hokimi Erkinjon Turdimov ochib berdi va mamlakatimizda kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, nogironligi boʻlgan eʼtiborga muhtoj fuqarolarga hukumatimiz tomonidan katta eʼtibor va gʻamxoʻrlik koʻrsatilayotganligini taʼkidlab, yangi uy-joyga ega boʻlgan fuqarolarni tabriklab, bu ezgu ishlar hali yana davom ettirilishini aytib oʻtdi.

-Uch farzandim, olti nafar nabiram bor. Bir oʻgʻlim nogiron. Yigirma yil ijarama-ijara yashab keldim,-deydi shu mahalla fuqarosi Rahima Yusupova quvonchdan koʻzlari porlab. Menga tekin uy berishdi. Vatanli boʻldim. Prezidentimizning biz kabi oʻksik oilalarga koʻrsatayotgan gʻamxoʻrligidan boshim osmonga etdi. Viloyat rahbarlariga ham chin dildan minnatdorchilik bildiraman. Orzu qilardim. Kutmagan edim axir, bunday uyning sohibiga aylanishni. Axir oʻzingiz oʻylang, ijarachi har oyda eshigingizni taqillatib tursa...

Koʻzni quvnatadigan 37 ta uy-joylarning 34 tasi Samarqand shahri, 1 tasi Samarqand tumani, 1 tasi Tayloq tumani va yana bittasi Urgut tumani fuqarolariga topshirildi. Uy-joy bilan taʼminlanganlarning ijtimoiy kelib chiqishiga koʻra, 18 nafari 1-guruh, 4 nafari 2-guruh nogironlari boʻlsa, 1 nafari chin yetim va qolgan 12 nafari esa kam taʼminlangan va uy-joyga oʻta ehtiyojmand fuqarolardir.

Mazkur uy-joylarning tanlab berilishida shahar hokimligi bosh-qosh boʻlgani, tuzilgan komissiya ishtirokida har bir fuqaroning yashash sharoiti sinchiklab oʻrganilganligi tadbirda eʼtirof etildi. Eng muhtoj fuqarolarning 35 tasiga viloyat mahalla xayriya jamgʻarmasi tomonidan 25 million soʻmdan pul koʻchirib berilgan boʻlsa, 2 tasi viloyat kasaba uyushmasi tomonidan moliyalashtirildi. Bundan tashqari bu uylarning qurilishiga viloyatdagi homiy va qurilish tashkilotlari ham katta hissa qoʻshishdi.

Tadbir toʻyga aylanib ketdi. Xalqimiz suygan sanʼatkorlar ishtirokidagi konsert dasturi tantanali marosimga oʻzgacha zavq va shukuh bagʻishladi.

Umid SORIYEV, “Xalq soʻzi“


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?