“Men uchun mehmonxonadan koʻra xonadonda yashash qiziq edi...”

09:34 05 Iyul 2019 Welcome to uzbekistan
642 0

Feysbuk ijtimoiy tarmogʻida faolman. Tarmoqdoshlarim safi keng boʻlishiga qaramay, imkon qadar barchalarining postlarini – fikr-mulohazalarini kuzatib boraman. Tarmoqda xorijlik suhbatdoshlarim ham yoʻq emas. Ularni-da, ayniqsa, yurtimizda mehmon boʻlgan doʻstlarimning joylagan yangiliklarini qiziqish bilan oʻqib boraman. Ana shunday doʻstlarimizdan biri, yurtimizda aziz mehmon boʻlgan amerikalik Kristina Smartning xotiralariga quloq tutdik.

– Smart xonim, Oʻzbekistonga ummon ortidan kelganingizni oʻzi alohida eʼtirofga loyiq. Biz bundan juda ham xursandmiz. Ijtimoiy tarmoqlar orqali bilamizki, siz dunyoning koʻplab mamlakatlariga tashrif buyurgansiz. Oʻzbekistondan qanday taassurotlarga ega boʻldingiz? Uning boshqa yurtlardan qanday oʻziga xos jihatlari eʼtiboringizni tortdi?

– Oʻzbekistonda kechgan har bir kunimni sogʻinaman. Samimiy, koʻngli toza insonlar, ozoda shahar, ham ishlash, ham yashash uchun xavfsiz yurt menda ulkan taassurotlar qoldirgan. Bu yerda koʻplab yaxshi doʻstlar orttirdim. Yurtimga qaytganimga qaramay ijtimoiy tarmoqlar orqali bugungacha xabarlashib turamiz. Men uchun mehmonxonadan koʻra xonadonlarda yashash koʻproq qiziq edi.Mehmondorchilik, ayniqsa milliy taomlaringiz mazasi haligacha ogʻzimdan ketmaydi. Oʻzbek doʻstlarim uyida turgan kezlari bir necha oʻzbekcha soʻzlarni oʻrgandim! Masalan, “Assalomu alaykum”, “xush kelibsiz”, “katta rahmat” va boshqa jumlalar. Shuningdek, Oʻzbekistonda koʻrgan muzeylar, tarixiy qadamjolarni tez-tez xotirlayman, doʻstlarimga katta hayajon bilan takror-takror soʻzlab beraman.

– Har qanday inson boshqa davlatga borganida u bilan albattabiror bir qiziq voqealar yuz beradi. Siz bilan ham shunday voqealar sodir boʻldimi?

– Oʻzbekistonga kelganimda bu yerdagi yoshlarning til bilish darajasi-da meni hayratda qoldirdi. Hatto bozordagi sotuvchi bolakay ham ingliz tilida bemalol savdolashyapti! Bu albatta mamlakatda xorijiy tillarni oʻrganishga qaratilgan eʼtiborning yuksakligidan deb bildim. Poytaxtda men bilan juda koʻp qiziqarli voqealar yuz bergan. Yana biri – metroda. Baʼzan poyezd bir bekatga kelib, boshqa bekatning nomi aytilganida adashib ketar edim. Ammo yonimda doim hamroh boʻlgan oʻzbek hamrohlarim, doʻstlarim menga bu anglashilmovchilik boʻlganini tushuntirib berishar edi.

Toshkentda yashagan boʻlsam-da Samarqand, Buxoro, Shahrisabz va Nukus shaharlariga ham borish baxtiga muyassar boʻldim. U yerlarning tabiati koʻz oldimda muhrlanib qoldi. Ayniqsa, oqlangan daraxtlar... ajoyib... men ilgari hech qayerda daraxtlarning oqlanishini koʻrmaganman. Keyin oʻzbek doʻstlarimdan soʻrab bildimki, ular turli qurt-qumursqalardan himoyalash, parvarishlar maqsadida shunday qilinarekan. Qolaversa, shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib turganday oʻzgacha koʻrindi.

– Xorijlik mehmon oʻz yurtiga qaytar chogʻida esdalik uchun nimadir olmay ketmaydi...

– Albatta! Amerikaga qaytar chogʻimda oʻzimga va yaqinlarimga esdalik uchun juda koʻp narsalar olganman. Ularning orasida ikki juft choynak-piyola jamlanmasi bor. Oʻzbek xonadonlarida mehmonga choy uzatishdan avval uning uch marta choynakka quyib, soʻng uzatilishini koʻrib bildimki, milliy qadriyatlaringizning negizida, hatto eng oddiysida ham bir-biringizga boʻlgan hurmatning soʻzsiz ifodasi yashiringan. Shundanmi, choynak va piyola ham eʼtiborimni tortgan edi. Bundan tashqari, yogʻoch oʻymakorlik namunalaridan, turli naqshlar, miniatyura sanʼati bilan bezatilgan sopol haykalchalar, milliy bezak berilgan pichoqlar va adras choponlar sotib oldim.

Kelgusida koʻproq muddatga Oʻzbekistonga takror kelishni niyat qildim. Koʻrib ulgurmagan tarixiy qadamjolarni va boshqa(kutubxonalar, teatr, konsert zallari kabi) maskanlarni koʻrib, oʻrganmoqchiman. Qolaversa, men kitoblarda, teleekranlardagina koʻrib yurgan Oʻzbekistonning boshqa goʻzal goʻshalarini koʻrish niyatidaman. Va ishonamanki, bu galgi safarimda yanada ulkan va yorqin xotiralarga ega boʻlaman.

Yulduz OʻRMONOVA suhbatlashdi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?