“Men gʻolib” shiori ostida oʻtkazilgan musobaqada “Eng ilgʻor artilleriyachilar” aniqlandi

11:36 28 Avgust 2019 Jamiyat
88 0

“Kattaqoʻrgʻon” dala-oʻquv maydonida artilleriya qoʻshinlari mutaxassislari oʻrtasida “Men gʻolib” shiori ostida “Eng ilgʻor artilleriya mutaxassisi” tanlovining respublika bosqichi oʻtkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti xabar berdi.

Tanlovning tantanali ochilish marosimida harbiy orkestrning konsert dasturi, badiiy-musiqiy chiqishlar, qoʻl jangi guruhining koʻrgazmali namoyishi barchaga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi. Unda soʻzga chiqqanlar milliy armiya qudratini yanada mustahkamlash, harbiy xizmatchilarning bilim va mahoratini yuksaltirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidlab, barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Jamoa rahbarlari oʻrtasida qurʼa tashlangandan soʻng, musobaqa shartlariga start berildi. Tanlovda “Hisobchi”, “Aygʻoqchi”, “Topobogʻlovchi”, “Orudiyachi” va “Minomyotchi” yoʻnalishlari boʻyicha musobaqalar murosasiz va qizgʻin tus oldi. Barcha harbiy okruglardan yigʻilgan qatnashchilar dastlab ommaviy qirgʻin qurollaridan himoyalanish uchun umumqoʻshin himoya kiyimini qisqa fursatda kiyish-yechish meʼyorlarini bajardi. Keyingi bosqichda optik razvedka, topogeodezik boʻlinmalari va hisobchilar maxsus tayyorgarlik mashqlari boʻyicha bellashdi. Okopda turgan holda, 2 ta qoʻl granatasini uloqtirishda qarama-qarshi esayotgan shamol xalal bergan boʻlsa-da, tanlov ishtirokchilari otish tayyorgarligi boʻyicha avtomatni yigʻish-yoyish meʼyorlarini muvaffaqiyatli uddaladi.

Shahdu shiddat bilan oʻtgan tanlov yakunida yakkalik va jamoaviy hisobda gʻoliblar aniqlandi. Jumladan, yakkalik bahslar boʻyicha “Hisobchi” yoʻnalishida 1-oʻrin shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar S.Narziyev (Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug)ga nasib etdi. Shartnoma boʻyicha harbiy xizmatchi, oddiy askar A.Mamajonov (Markaziy harbiy okrug) “Aygʻoqchi”, serjant U.Ikromov (Markaziy harbiy okrug) “Topobogʻlovchi” yoʻnalishida 1-oʻrinni egalladi.

Jamoaviy oʻrinlarning “Orudiya” yoʻnalishida Markaziy harbiy okrug jamoasi 1-oʻringa sazovor boʻldi. Sharqiy harbiy okrug hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug vakillari kuchli uchlikdan joy oldi. “Minomyotchi” yoʻnalishida 1-oʻrinni Sharqiy harbiy okrug jamoasi egallagan boʻlsa, 2- va 3-oʻrinlarni Markaziy harbiy okrug hamda Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug vakillari band etdi.

Umumiy hisobda harbiy okruglar oʻrtasida 1-oʻrin Markaziy harbiy okrug (3 ta oltin, 3 ta kumush va 2 ta bronza medal)ga nasib etdi. Jami 4 medal jamgʻargan Janubi-gʻarbiy maxsus harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 2 ta bronza medal) 2-oʻringa munosib koʻrildi. Sharqiy harbiy okrug (1 ta oltin, 1 ta kumush va 1 ta bronza medal) jamoasi esa uchta medal bilan kuchli uchlikni toʻldirdi.

Tanlov yakunida gʻoliblarga kubok, diplom va esdalik sovgʻalari topshirildi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?