Mеn — fuqaroman! Juda ko‘p ma’noga ega xitob

17:14 19 Iyun 2018 Jamiyat
1258 0

Turmush tashvishlari bilan band bo‘lib, ro‘zg‘or tebratish oson emasligi, oilaviy muammolar va boshqa ko‘ngilsizliklardan o‘qtin-o‘qtin shikoyat qilar ekanmiz, o‘z yurtingning to‘la huquqli fuqarosi bo‘lishdek katta baxtning qadriga har doim ham yetavermaymiz. Binobarin, O‘zbekiston fuqarosi degan huquqdan daf’atan mahrum bo‘lish naqadar ayanchli ekani hammaning ham xayoliga kelavermaydi. Holbuki fuqarolikdan mahrum bo‘lish ovoz berish huquqidan mahrum bo‘lishga olib keladi,o‘z huquq va manfaatlaringni himoya qilish qiyinlashadi, ta’lim olish, mehnat qilish, oyoqqa turib olib, kelajak rejalarini tuzish va farovon keksalik bilan bog‘liq umidlardan ayrilishni bildiradi.

Samarqandlik Xurshida Djalilova ham mana shu huquqlardan kutilmaganda mahrum bo‘ldi. Oldiniga fuqarolikdan, keyin o‘zi yaxshi ko‘rgan ishidan ajradi, nihoyat doimiy ro‘yxatdan chiqarildi. U bilan birga ikki o‘g‘li ham ayni huquqlardan mahrum bo‘ldi.

X. Djalilova 80-yillarda Toshkent Oliy militsiya maktabi kursanti Habibullo Mamatqulov bilan o‘z taqdirini bog‘lagandi. Nikoh Samarqand shahrida qayd qilingan, keyinchalik ularning oilasida ikki o‘g‘il dunyoga keldi. Firdavs – 1987, Fuzuliy esa – 1988 yilda.

X. Djalilovaning turmush o‘rtog‘ini Ichki ishlar vazirligi 1989 yilda xizmatni davom ettirish uchun Qirg‘istonga komandirovka, ya’ni xizmat safariga jo‘natadi.

- Turmush o‘rtog‘im H. Mamatqulov bilan birga Qirg‘izistonga kelishimizbilan qayg‘uli O‘sh voqealari boshlanib ketdi, - deb hikoya qiladi X. Djalilova. – Erim Qirg‘izistondagi militsiya organida yagona o‘zbek bo‘lgani bois uni keskinlik avj olgan O‘zgan shahriga yuborishadi. Biz O‘zgan shahrida bo‘lgan dahshatli voqealarning guvohi bo‘ldik. Keyinchalik ittifoqdosh respublikalar ajralib chiqib, mustaqillik e’lon qila boshlashdi. Oxir-oqibat Qirg‘izistonda ishlashning imkoni bo‘lmay qoldi.

Uzoq sarson-sargardon bo‘lgandan keyin, bir shahardan boshqasiga ko‘cha-ko‘cha yosh eru xotin o‘z yurtiga qaytib keladi. H. Mamatqulov Namangan viloyat Ichki ishlar bo‘limiga ishga joylashtiriladi, X. Djalilova esa O‘zgan shahridagi eriga berilgan kvartirani sotishga kirishadi. Ayni shu davrda X. Djalilovaning turmush o‘rtog‘i vafot etadi. U Qirg‘istondagi kvartirani nihoyat sotib, u yerda ro‘yxatdan chiqib, ro‘yxatdan chiqqani to‘g‘risidagi varaqa bilan Samarqand shahriga, ota-onasining bag‘riga qaytib keladi.

- Qaytib kelgan davrimizda, - deydi X. Djalilova, - bir manzilda ro‘yxatdan chiqib, boshqa bir manzilda bemalol pasportni ro‘yxatga qo‘ysa bo‘lardi. Men ham shunday qildim. O‘sh voqealari oqibatida kvartiramizdagi barcha hujjatlar yo‘q qilingani bois men loaqal pasportni qayta olishim kerak edi. Nima qilish kerak? Agar pasportsiz qaytib kelsam, Samarqandda menga hech kim yangi pasport bermas edi. Shu bois o‘zim ro‘yxatdan o‘tgan shahar ma’muriyatiga pasport berishlarini so‘rab murojaat qildim. Natijada Qirg‘izistonda 1993 yil iyunda menga 1974 yil namunasidagi SSSR pasporti berildi.

X. Djalilova Samarqandga qaytib kelgach, ro‘yxatdan o‘tish, keyinchalik esa O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi pasportini olish maqsadida hujjatlar yig‘ishga kirishadi. U 1994 yilda viloyat hokimiyatidagi komissiyadan o‘tib, ro‘yxatga qo‘yiladi, keyin fuqarolik masalasi ikki yil mobaynida hal qilinadi. Barcha zarur ishlar qilingach, X. Djalilova O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi pasportini oladi. Shuningdek, marhum erining ishini davom ettirishga ahd qiladi. O‘zi tarixchi bo‘lgani holda ikkinchi marta oliy ta’lim olib huquqshunos malakasiga ega bo‘ladi va Samarqand viloyat IIBda xizmat qila boshlaydi. Uchastka inspektori sifatida ish boshlab, katta tergovchi lavozimigacha ko‘tariladi. X. Djalilova 2011 yil oxirida navbatdagi “mayor” unvonini olish uchun attestatsiyadan o‘tadi, bu uning oilasi uchun kutilmagan katta tashvish keltiradi. Ichki ishlar vazirligi xodimlari yana uning fuqaroligi masalasini tekshiradi. Xizmat tekshiruvi viloyat Viza berish, ruyxatga olish va fukarolik rasmiylashtirish bo‘limi orqali qilindi. Shu maqsadda viloyat hokimiyati, shuningdek Qirg‘iziston RespublikasiO‘sh shahri va Samarkandga arxivlariga so‘rovnoma jo‘natildi. Samarqand viloyat arxividan domiy ro‘yxatdan o‘tish uchun zarur hujjatlar yo‘qligiga oid javob keladi.

Qo‘shni respublikaga qayta-qayta so‘rovnomalar yuboriladi. Bishkekdagi Manzillar byurosida X.B. Djalilovaning kartochkasi saqlanib qolgan ekan. Qirg‘izistonlik hamkasblar “u haqiqatdan ham ko‘rsatilgan manzilda ro‘yxatda turadi. Shu bois Qirg‘ziston Respublikasining “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonuniga binoan, uQirg‘ziston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi”, deb ma’lum qiladilar. Ayni paytda Pasport-viza va ro‘yxat ishlari O‘sh hududiy bo‘limi 2012 yil 3 apreldagi №23-52/463 xati bilan “Djalilova Xurshida Botirovna Qirg‘iziston Respublikasining vakolatli organlariga Qirg‘iziston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lish va pasportni hujjatlashtirish masalalari bilan murojaat qilmagan”ligini tasdiqlaydi.

Shu joyda savol tug‘iladi: Biz qachongacha boshqa mamlakatning qonunchiligiga asoslanib ish ko‘ramiz? Nahotki ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganlik to‘g‘risidagi kartoteka boshqa mamlakatning pasportiga ega emasligiga nisbatan salmoqli hujjat hisoblanadi? U holda “Qirg‘iziston Respublikasining vakolatli organlariga Qirg‘iziston Respublikasi fuqaroligiga ega bo‘lish va pasportni hujjatlashtirish masalalari bilan murojaat qilmagan”ligini ham e’tiborga olish kerak emasmi?

-Mazkur jiddiy dalillarga qaramasdan Samarqand viloyat IIBning boshlig‘i 2012 yil 29 iyunda meni fuqarolikdan mahrum qilish, keyinchalik esa ro‘yxatdan chiqarish haqida qaror qabul qildi, - deb hikoya qiladi mazkur tashkilotning sobiq tergovchisi Xurshida Djalilova.

Shundan keyin u lavozimidan bo‘shatiladi. Shu bilan birga ikki farzandi ham fuqarolikdan mahrum qilinadi va ro‘yxatdan chiqariladi. U katta qiyinchilik bilan o‘zi tekshiruv o‘tkazadi. Ro‘yxatdan o‘tishi va O‘zbekiston fuqarosi pasportini olishga ruxsat beruvchi 1994-1996 yildagi arxiv hujjatlari Samarqand viloyat arxivida yo‘qolganini aniqlaydi. Bu hujjatlar boshqa fuqarolarning Samarqandda doimiy ro‘yxatda turish huquqini olish bilan bog‘liq ko‘plab hujjatlari bilan birga, mumkin, ataylab yo‘qotilgan bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘ladi. Binobarin, mazkur ishning qonuniyligi yoki noqonuniyligini baholash dargumon.

Ayni paytda advokat N.Abdullayeva Pasport-viza va ro‘yxat ishlari O‘sh hududiy bo‘limiga so‘rovnoma jo‘natadi va Xurshida Djalilova pasport organi xodimlarining sustkashligi oqibatida yashab turgan joyidan o‘z vaqtida ro‘yxatdan chiqarilmagan, degan javob oladi.

O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonunining 21-moddasiga binoan, bunday huquqqa faqat mamlakat Prezidenti ega bo‘lgani holda uni fuqarolikdan qanday qilib mahrum qilishganini sobiq tergovchi haligacha tushuna olmayotir.

Bizlar bu savolga javob topish maqsadida Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga murojaat qildim. Xodimlarning aytishlaricha, Djalilova eri va farzandlari bilan, o‘z xohishlariga ko‘ra emas, balki Ichki ishlar ministrligining buyrug‘iga ko‘ra 1989 yilda Qirg‘iziston Respublikasiga ko‘chib ketgan. 1991 yildan 1994 yilgacha dastlab O‘sh shahridagi 2- va 6-sonli maktablarda, keyin esa O‘zganda o‘rta maktabda o‘qituvchilik qilgan. Bunga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand IIB tomonidan Qirg‘iziston Respublikasiga yana so‘rovnoma yuborildi.

-Olingan ma’lumotlarga ko‘ra aniqlanishicha, Djalilova 1993 yil 12 oktyabrdan hozirgi paytgacha O‘zgan shahar, Skryabina ko‘chasi, 40/28 uyda ro‘yxatda turadi, bu O‘zgan shahar IIB tomonidan 1993 yil 23 iyunda berilgan sobiq Ittifoq pasporti bilan hujjatlashtirilgan, - deb tushuntiradi Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi katta inspektori Shavkat Hamdamov. Uning Qirg‘istonda doimiy ro‘yxatda turgani, ish joyi hamda O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonuni 1992 yilda kuchga kirgandan keyin Qirg‘izistondagi kvartiradan ro‘yxatdan chiqmasdan Samarqandda ro‘yxatdan o‘tganiga oid barcha ma’lumotlar to‘plandi. Natijada viloyat IIB boshlig‘ining tasdiqlangan xulosasiga binoan, Djalilovaning pasporti va ro‘yxatdan o‘tganligini noqonuniy deb topishga oid qaror qabul qilindi.

Sobiq tergovchining e’tirofiga ko‘ra esa, 1994-1996 yillarda fuqarorlik masalasini hal qilishga oid hech qanday ma’lumotlar yashirilgan emas, buning ustiga butun mehnat faoliyati qayd etilgan yagona mehnat daftarchasi mavjud.

Fuqarolikdan mahrum qilishga oid qaror davlat rahbari tomonidan emas, balki viloyat IIB boshlig‘i tomonidan imzolanganiga oid savolga ayni o‘sha Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi katta inspektori Shavkat Hamdamov shunday javob beradi:

“O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga 2017 yilda kiritilgan o‘zgarishlarga binoan, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tiklash, undan mahrum qilish masalalari faqat Prezident vakolatlari doirasiga kiradi. Lekin bu sanachaga Ichki ishlar vazirligining buyrug‘iga binoan, fuqarolikdan mahrum qilish masalasi IIV vakolatlari doirasiga kirgan”.

Fuqarolikni tiklash esa ilgari qanday bo‘lsa hozir ham davlat rahbari vakolatlari doirasida qolgan, deb e’tirof etadi Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi xodimlari. Qisqasi, 2012 yilda qilingan ishlarning haqqoniy ekaniga huquq-tartibot xodimlarida hech qanday shubha yo‘q.

Bizning qahramonimiz esa o‘z haq-huquqlarini tiklash maqsadida bosh urmagan idorasi qolmadi hisob. Biroq hozirgacha barcha urinishlari samarasiz ketmoqda.

-Bu nohaqlik azobini yetti yildan buyon tortayapman, - deydiXurshida Djalilova. – Men ishimdan ajradim. Farzandlarim ham ishsiz. Pasportimiz yo‘qligi uchun ishga kira olmaymiz. Turmush uchun zarur mablag‘ga ega bo‘lmay qanday yashaymiz?! Farzandlarim hayotlarini yo‘lga qo‘ya olmayapti, uylana olmayapti. Kattasi – 31, kichigi 30 yoshda. Bu haqda kim bosh qotiradi? Eng asosiysi qaysi aybimiz uchun bunday muammolarga girdobida qolishimiz kerak? Ikki farzandim bilan beva qolganimga qaramasdan hech kimdan hech qachon hech qanday yordam so‘ragan emasman. Butun ro‘zg‘orni yolg‘iz boshim bilan, kechayu kunduz mehnat qilib tebratganman. Bular esa oyog‘imga, oilamiz negiziga bolta urishdi. O‘zimga achinmayman. Biroq farzandlarim-chi?! Ularda nima ayb?! 36 yoshimda beva qolganman. Afsuski, bu muammolarga hech kim e’tibor bermayapti, - deydi ko‘zlarida yosh bilan Xurshida Djalilova.

Bu ishda qator mavhumliklar bo‘lib, ularni jiddiy o‘rganish zarur. Agar X. Djalilova tomonidan xatoga yo‘q qo‘yilgan, ya’ni oldingi yashagan joyidan ro‘yxatdan o‘chirilmagan, qaysidir hujjatlar kerakli tartibda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa ham, nahotki bular uchun faqat bizning qahramonimiz aybdor bo‘lsa? Samarqand viloyat IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasidagilar Xurshida Djalilovaga fuqarolik berish to‘g‘risidagi farmon o‘z vaqtida mamlakat prezidenti tomonidan imzolanmagan deya, pisanda qilayotirlar. Mamlakat prezidenti imzolashi kerak emasdi ham! Bu borada IIB xodimlari ayyorlik qilayaptilar, mazkur masalani hal qilishni paysalga solayotirlar. Axir, “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonunning 21-modda 1-bandiga ko‘ra, X.Djalilova tavalludiga binoan O‘zbekiston fuqarosi hisoblanadi, ya’ni u O‘zbekistonda tug‘ilgan va voyaga yetgan. Agar Ichki ishlar organlari o‘z e’tiroflarida haqli bo‘lsalar, o‘sha 2012 yilda va keyinchalik X.Djalilovani O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum qilish to‘g‘risida davlat rahbariga belgilangan tartibda taklif kiritishlari mumkin edi. Biroq bunday qilinmagan. Agar shunday qilinganda, yuqori hokimiyat tashkiloti tomonidan tekshiruvlar boshlanardi, ularga esa ortiqcha bosh og‘rig‘ining sira ham keragi yo‘q. Buning ustiga uning ota-onasi, shuningdek bobosi va buvisi ham bizning mamlakatimizda tug‘ilgan, tavalludiga ko‘ra fuqarolik huquqini belgilashda bu ham muhim ahamiyatga ega. Shu jihat ham muhimki, uning o‘zi ham, farzandlari ham hech qachon boshqa mamlakatfuqarosi bo‘lmagan. Buni Samarqand viloyat IIBning so‘rovnomalariga Qirg‘iziston Respublikasidan olingan javoblarning barchasi tasdiqlaydi.

Mana shunday so‘rovlarni rasmiylashtirishning muayyan tartibi ilgari ham bo‘lgan, hozir ham bor, bu bilan aynan IIV organlari shug‘ullanadi. Agar hujjatlarning barchasi belgilangan tartibda rasmiylashtirilmagan bo‘lsa, buning uchun nega yolg‘iz bizning qahramonimiz javob berishi kerak? Alam qiladigan jihati shundaki, sodda aytganda, aynan hamkasblari o‘z hamkasbini, shuningdek o‘z hamkasblarining bevasini og‘ir ahvolga solib qo‘yganlar, qolaversa masalaning mohiyatini anglashga birorta ham odam hatto urinib ham ko‘rayotgani yo‘q. Buning kelgusidagi huquqiy oqibatlarini nima uchun hech kim o‘z paytida o‘ylamadi, axir katta tergovchi bo‘lib ishlab yurgan paytlarda X. Djalilova jiddiy huquqiy qarorlar qabul qilgan edi-ku?

X.Djalilova Qirg‘izistondan qaytib kelgandan keyin Samarqandda yigirma to‘rt yil uzluksiz yashaganini, shundan olti yil mobaynida ichki ishlar organlarida sidqidildan xizmat qilganini nahotki hisobga olishmagan?

Prezidentning virtual qabulxonasi ishlay boshlaganidan buyon X.Djalilova mamlakatning vakolatli organlariga o‘z dardi bilan qariyb yigirma marta murojaat qildi. Uning arizasi har gal aynan viloyat IIBga yoki “kelib-ketish va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasiga”, endilikda esa O‘zbekiston Respublikasi IIVning “Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasiga” yuborilmoqda. Har safar go‘yo ko‘chirmakashlik qilingandek, g‘ayriinsoniy sovuqqonlik bilan yo‘g‘rilgan quruqdan-quruq javoblar olinmoqda, so‘nggi paytlarda esa “bu murojaatga ilgari javob berilgan” degan javob bilan cheklanmoqdalar. Beixtiyorbu javoblarni muayyan mansabdorlar va mas’uliyatli shaxslar emas, allaqanday qalbsiz, jonsiz mavjudotlar yozayotgandek tasavvur paydo bo‘layotir.

Nihoyat o‘tgan yildan boshlab O‘zbekiston Respublikasi IIVning Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish Bosh boshqarmasi rahbariyati X.Djalilovaning virtual qabulxonaga murojaatlariga javoblarida doimiy yashash joyida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs sifatida rasmiylashtirishniva shundan keyin O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasida ko‘rsatilgan tartibda O‘zbekiston Respublikasig fuqaroligini olish uchun ariza berishni taklif qila boshladi. Mazkur tashkilotning bu taklifiga jiddiy e’tiroz bor. Binobarin, fuqaroligi bo‘lmagan shaxs mamlakatda yashayotganiga besh yil to‘lgandan keyin O‘zbekiston Respublikasi “Fuqarolik to‘g‘risida”gi qonunining 17-moddasi 2-qismiga binoan tegishli hujjatlarni to‘plashi va O‘zbekiston fuqaroligini olishga da’vo qilishi mumkin. Qolaversa, mazkur iltimosni qondirish-qondirmasliklari ham oldindan ma’lum emas.

X.B.Djalilovaning arizalari, shikoyatlarini tekshirish yuzasidan ko‘pdan-ko‘p komissiyalarni tashkil qilish asnosida barcha mansabdor shaxslar keyingi yetti yil davomida yuqoridagi “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonunning 10-moddasini xayoliga ham keltirmayotgani ajablantiradi. Holbuki, mazkur Qonunning 10-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi hisoblangan shaxsning xorijiy davlatlar fuqarosi ekani tan olinmaydi” deb tushunarli qilib yozib qo‘yilgan. Juda yaxshi eslatma! Gap yo‘q, qonunshunoslarga rahmat!

Shunday ekan, toki bu qoidani hech kim inkor etmas ekan, IIV organlari nima uchun bu moddani X.Djalilova bilan ro‘y bergan holatda qo‘llamayapti? Bu mamlakat qonunchiligidagi juda muhim qoidani rad etish emasmi? Mamlakat qonunchiligi boshqa davlat fuqaroligini tan olmaydigan holatda davlat organlari o‘z rasmiy javoblarida “Siz, muhtarama Xurshida Batirovna, boshqa mamlakatning fuqarosi hisoblanasiz”, deb hamisha bahona qilishlari ularga yarashadigan javobmi?

IIVning aybi va xatosi ayni mana shu joyda yaqqol ko‘zga tashlanadi! Axir, 1996 yildan 2012 yilgacha barcha hujjatlarga ko‘ra X.Djalilova O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan va buni tasdiqlaydigan pasport ham qo‘lida bo‘lgan. Uni ro‘yxatga qo‘yish ham, pasport olishini rasmiylashtirish ham bunday holatlarda qilinadigan barcha tekshiruvlarga binoan amalga oshirilgan. “Ataylab yolg‘on ma’lumotlar yoki soxta hujjatlar taqdim etgan holda” pasport olganlikga X.B. Djalilovaga hozirgacha birorta vakolatli organ ta’na ham qilmayapti, uni ayblamayapti ham. Shunday muttahamlik bilan pasport olganlar “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonunning 21-moddasi 3-bandiga binoan fuqarolikdan mahrum qilinadi.

Xurshida Djalilovaning arizayu shikoyatlari o‘z yechimini topadi, deb umid qilamiz. O‘z vataniga o‘n besh yil sidqidildan xizmat qilgan sobiq tergovchi, IIV xodimining bevasi, ikki farzandning onasi, ularni beva boshi bilan tarbiyalab elga qo‘shgan bu ayol yetti yildan buyon o‘z haq-huquqlarini tiklashga urinayotir. Uning asosiy niyati loaqal o‘z farzandlariga mehnat qilib, hozir isloh qilinayotgan mamlakati rivojlanishiga munosib hissa qo‘shishlari, oila qurishlari, baxtiyor hayot kechirishlari uchun imkoniyat yaratishdan iborat. Ular bir necha yillardan buyon o‘z vatanlarida o‘zlarini kamsitilgan va keraksiz kimsalardek his qilishlariga shu tariqa nihoyat barham beriladi...
Zarina Amritdinova
Sultonov Raximjon

Tahririyatdan: Mazkur holatni sharhlashni “SIMAY KOM” advokatlik firmasining rahbari, taniqli huquqshunos Sergey Mayorovdan iltimos qildi:

- Djalilova X.B. ishi bilan bevosita tanishgan emasman. Lekin advokatlik tajribamdan bilamanki, oldin hujjatlashtirilgan, keyin esa turli vaj-karsonlar bilan O‘zbekiston fuqaroligidan mahrum qilingan bunday shaxslar mamlakatimizda juda ko‘p. Ichki ishlar organlari fuqarolik masalalarini ko‘pincha ro‘yxatga qo‘yish va chiqarish tartibi bilan bog‘laydilar, holbuki bu ikki masala bir-biri bilan hech qanday bog‘liq emas.
Bunda IIV organlari amaldagi idoraviy hujjatlar va instruksiyalarni ro‘kach qiladilar.

Biroq mazkur hujjatlar va instruksiyalarni biz O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlari milliy bazasidan topa olmaymiz. Holbuki, O‘zbekiston Respublikasining “Huquqiy-normativ hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 27-moddasi 2-qismiga ko‘ra, “Vazirliklarning davlat ro‘yxatidan o‘tmagan huquqiy-normativ hujjatlari tegishli ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solish uchun asos bo‘lib xizmat qila olmaydi va huquqiy oqibatlar keltirib chiqarmaydi”. Buning ustiga, yuqoridagi Qonunning 28-moddasi 1-qismiga ko‘ra, “Huquqiy-normativ hujjatlar rasmiy nashrlarda e’lon qilingan bo‘lishi kerak. Rasman e’lon qilinmagan qonun asosida hech kimga nisbatan hukm chiqarilmaydi, jazoga tortilmaydi, mol-mulkidan yoki biron-bir haq-huquqidan mahrum qilinmaydi”. Endi mamlakatimizning Asosiy qonuni – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga murojaat qilamiz. O‘zbekiston Konstitutsiyaning 16-moddasi 2-qismida shunday deyilgan: “Konstitutsiya normalari va prinsiplariga hech bir qonun yoki boshqa biron-bir huquqiy-normativ hujjat zid bo‘o‘lishi mumkin emas”. Yana qo‘shimcha qiladigan bo‘lsam, 2012 yil noyabrda “Huquqiy-normativ hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunga to‘ldirishlar va o‘zgartirishlar kiritilgan, ayni Qonunda “davlat boshqaruvi organlariga mazkur Qonunga zid huquqiy-normativ hujjatlarni qayta qo‘rib chiqish va bekor qilishni ta’minlash” ko‘rsatmasi berilgan.

Xullas, mamlakatimiz Konstitutsion sudi, shuningdek qonunchilik tashabbusi huquqiga ega tegishli organlar bu borada jiddiy bosh qotirishlari kerak.
Mamlakatimizda ayni kunlarda ko‘plab xayrli o‘zgarishlar ro‘y bermoqda, aybsiz hukm qilinganlar oqlanmoqda yoki yaqinda Toshkent shahar sudida bo‘lganidek, nohaq jinoiy javobgarlikka tortilganlar bevosita sud zalida ozod qilinmoqda. Binobarin, 1992 yilda qabul qilingan “Fuqarolik to‘g‘risida”gi Qonunning bundan buyon amal qilishi masalasiga ham jiddiy yondoshish kerak.

Davlat va ijtimoiy hayotni liberallashtirish ko‘lamlari fuqarolik bilan bog‘liq masalalarni ham qamrab olishi zarur. Qolaversa, amaldagi qonunchilik imkoniyatlaridan ham to‘la-to‘kis foydalanilmayapti. Yurtdoshlarimizning jiddiy hayotiy masalalarini mazkur qonun doirasida ham hal qilsa bo‘ladi. Bunga ishonchim komil, bu esa jamiyat uchun ham, davlat uchun ham juda xayrli ish bo‘ladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?