Mehribonlik uyiga “Damas” rusumli avtomobil hamda 500 dan ortiq badiiy va ilmiy adabiyotlar tuhfa qilindi

18:48 27 Avgust 2019 Jamiyat
86 0

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki tomonidan Toshkent viloyati Boʻka tumanidagi 15-sonli Mehribonlik uyiga “Damas” rusumli avtomobil hamda 500 dan ortiq badiiy va ilmiy adabiyotlar tuhfa qilindi. Bu haqda ushbu moliya muassasasi axborot xizmati xabar berdi.

Mamlakatimiz mustaqilligining 28 yillik shodiyonasi arafasida Xalq banki koʻrsatgan ushbu muruvvat mazkur muassasaning 200 nafarga yaqin tarbiyalanuvchilari hamda tarbiyachilari uchun haqiqiy bayram sovgʻasi boʻldi.

Qayd etish joizki, Xalq banki yurtimizdagi eng koʻp tarmoqqa ega moliya muassasasi boʻlib, u davlatning bir qator ijtimoiy yoʻnalishdagi loyihalarida faol ishtirok etadi. Xususan, bank sportni rivojlantirish, mehribonlik uylari, oilaviy poliklinikalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, mahallalarni obodonlashtirish, shuningdek, urush qatnashchilari, front orti mehnat faxriylari, nogiron, qariya va ijtimoiy himoyaga ehtiyoji bor hamda kam taʼminlangan oilalarga moddiy yordam ajratib keladi. Birgina oʻtgan yilning oʻzida Xalq banki tomonidan homiylik ishlariga 8,1 milliard soʻmlikdan ortiq xayriya mablagʻlari yoʻnaltirilgani fikrimiz tasdigʻidir.

Asosiysi, bu kabi xayrli tadbirlar joriy yilda ham izchil davom ettirilmoqda. Buning natijasida qanchadan-qancha mehrtalab qalblar hamda xonadonlarga ezgulik va xursandchilik kirib borayotgani yanada diqqatga sazovordir.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?