Mehnat migrantlari qoʻllab-quvvatlanadi

17:06 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
101 0

Oʻzbekiston Respublikasida fuqarolarning mehnat huquqlarini xalqaro huquq prinsiplari va normalariga muvofiq taʼminlashga qaratilgan normativ-huquqiy baza yaratildi. Mamlakatimiz qoʻshilgan, bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga yoʻl qoʻyilmasligini nazarda tutuvchi xalqaro konvensiyalar talablari samarali bajarilmoqda. Umuman, bandlik masalasiga eʼtibor kuchaytirilmoqda. Ammo...

Xoʻsh, bu borada amalda qanday ishlar qilinyapti? Aholi bandligini taʼminlash masalasida qanday natijalarga erishilyapti-yu qanday muammolar vujudga kelyapti? Ishsizlikning oldini olish borasidagi chora-tadbirlar amalda qanday samara beryapti?

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2019-yil 29-oktyabrda oʻtkazilgan majlisida deputatlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasining joriy yil toʻqqiz oyidagi ijrosi toʻgʻrisida”gi axborotini eshitar ekan, ana shu savollarga atroflicha javob izladilar, deb yozadi quyi palata matbuot xizmati.

Yigʻilish avvalida aholi bandligini taʼminlash maqsadida davlat buyurtmasi boʻyicha 2019-yilda 370 mingta yangi ish oʻrni tashkil etish va 182 ming aholining bandligini taʼminlash boʻyicha masʼul ijrochilarning faoliyati koʻrib chiqildi.

Vazir hisobotida qayd etilishicha, joriy yilning 9 oy davomida respublikamizda 266,3 mingta ish oʻrni yaratilgan. Xususan, ishsizlik darajasi va aholi bandligini taʼminlash ehtiyoji yuqori boʻlgan Qoraqalpogʻiston Respublikasida — 15,6 ming, Andijonda — 24,4 ming, Qashqadaryoda — 22 ming, Jizzaxda — 13,4 ming, Samarqandda — 27,6 ming, Fargʻonada 32,2 mingta ish oʻrni tashkil etilishiga erishilgan.

Mamlakatimizda qulay ishbilarmonlik muhitini yaratish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlarning rolini yanada oshirishga qaratilgan koʻplab qarorlar qabul qilinmoqda. Natijada yaratilgan ish oʻrinlarining qariyb teng yarmi — 129 mingtasi kichik korxonalar va mikrofirmalar hisobiga toʻgʻri kelmoqda.

Olib borilgan ishlar natijasida 30,6 ming ishsiz aholi bugungi kunda mehnat bozoridagi talabdan kelib chiqqan holda, kasbga oʻqitilgan hamda ushbu maqsadlar uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan 21,4 mlrd. soʻm sarflangan. Hunarmandchilikni rivojlantirish, shuningdek, xalq amaliy sanʼatini targʻib etish va qoʻllab-quvvatlash natijasida qariyb 19,7 ming nafar aholining bandligi taʼminlangan. Joriy qilingan yangicha tartibga asosan, subsidiya va grant berish uchun Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 15 mlrd. soʻm ajratildi. Hozirgi kungacha ajratilgan 8,2 mlrd. soʻm miqdoridagi subsidiyalar hisobiga 9,1 ming ishsiz aholining bandligi taʼminlangan, 823,5 mln. soʻmlik grant mablagʻlari evaziga 776 nafar ishsiz fuqaro kasbga oʻqitilgan.

Qayd etilganidek, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 9-iyuldagi qarori bilan yana bir yangilikka qoʻl urildi: oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga mehnat guvohnomasi berish amaliyoti joriy qilindi. Mazkur qarorga asosan, bugungi kunda 3,5 ming ana shunday fuqaroga mehnat guvohnomasi berildi.

Joriy yilning 9 oyida 48 ming ishsiz shaxsga ishsizlik nafaqasi tayinlanib, Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi hisobidan 17,2 mlrd. soʻm toʻlab berilgan (oʻtgan yilga nisbatan - 4,5 baravarga, xarajat – 9,3 baravarga oshgan), 33 ming nafar fuqaroga mehnat huquqi va ishga joylashtirish imkoniyati haqida axborot va maslahatlar berilgan.

Ish oʻrinlarini legallashtirish boʻyicha ilk bor rasmiy sektorda bandlar soni 326,3 mingga yoki 6,2 foizga oʻsib, 5 million 403 ming kishini tashkil qildi. Norasmiy sektorda bandlar soni esa, 137,7 mingga (1,7 foiz) kamayib, 7 million 964 ming nafarga tushdi.

Muhokamalar davomida taʼkidlanganidek, ishsiz fuqarolarni talab yuqori boʻlgan kasb-hunarga oʻqitish masalasiga yetarlicha eʼtibor qaratilmayotgani tufayli mehnat bozoriga ilk bor kirib kelayotgan yoshlar ehtiyoj yuqori boʻlgan kasblarga, aksariyat ish beruvchining talabiga javob bermayapti. Taʼlimning kasb standartlari bilan uygʻunlashmagani tayyorlanayotgan kadrlarning mehnat bozorida munosib oʻrin egallashiga toʻsqinlik qilmoqda.

Shuningdek, yigʻilishda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining Qonunchilik palatasi tomonidan yuborilgan “Aholini ish bilan taʼminlash doirasida mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash, fuqarolarning chet ellarda mehnat qilishiga doir qonun hujjatlarini takomillashtirish, shuningdek tashqi mehnat migratsiyasi boʻyicha xalqaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida vazirlik tomonidan koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi parlament soʻroviga bergan javobi ham muhokama qilindi.

Eshituv yakunida bildirilgan fikr-mulohazalar, takliflar asosida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining tegishli qarori qabul qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?