«Mehnat faxriysi» ko‘krak nishonlari topshirildi

12:22 20 Aprel 2018 Jamiyat
1351 0

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatrida bir guruh nuroniylarni Prezidentimiz tomonidan ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq ta’sis etilgan “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni bilan mamlakatimizning iqtisodiyot, ishlab chiqarish, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, yurisprudensiya hamda boshqa sohalarida ko‘p yillar davomida halol va samarali mehnat qilgan nafaqa yoshidagi yurtdoshlarimiz, shuningdek, ishlamaydigan, hayotini oilalar mustahkamligini saqlash, farzandlarimizni jamiyat oldida mas’uliyat, milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarga, kattalarga va yosh avlod vakillariga hurmat, ona-Vatanga muhabbat, istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash ishlariga bag‘ishlab, jamiyatimizda hurmat qozongan onalar taqdirlanadi.

Joriy yilda respublikamiz bo‘yicha jami 873 nafar keksa avlod vakili ko‘kragini ushbu yuksak nishon bezadi.

— Har kim keksayganda umr bo‘yi qilgan mehnatlari rohatini ko‘rsin ekan, — deydi I darajali “Mehnat faxriysi” ko‘krak nishoni sohibasi Muborak Yunusxo‘jayeva. — Kishining ko‘ngli ko‘tarilib, ruhi tetiklashadi. Yurtimizda biz, nuroniylar mana shunday baxtga muyassar bo‘layotganimizdan behad mamnunmiz.

Tantanali marosimda I, II, III darajali “Mehnat faxriysi” nishonlari o‘z egalariga topshirildi. San’at ustalari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosarlari — O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Vasiylik kengashi raisi Q. Akmalov, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi T. Narbayeva so‘zga chiqdi.

Dilshod KARIMOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?