Mehnat bilan band boʻlmagan fuqarolar kasb-hunar oʻrganishga yoʻnaltirilmoqda

11:35 07 Sentyabr 2020 Jamiyat
189 0

Shahrixon tumanida aholining mehnat bilan band boʻlmagan qismini kasb-hunarga yoʻnaltirish boʻyicha ishlar koʻlami kengayib bormoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tizimida tashkil etilgan kasb-hunarga oʻqitish markazida 110 nafar fuqarolar 11 ta guruh tarkibida 8 ta mutaxassislik boʻyicha tahsil olmoqdalar.

— Tumanimizdagi foydali ijtimoiy mehnat bilan band boʻlmagan yurtdoshlarimiz mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan kasb-hunarlarni oʻzlashtirishlari uchun barcha sharoitni yaratdik, — deydi muassasa direktori Gulnoraxon Ahmedova. — Qolaversa, tumanimizda ishlab chiqarish sohasining taraqqiyoti bilimli mutaxassislar tayyorlash ehtiyojini tugʻdirmoqda. Ayni paytda markazda 50 nafar mutaxassis tomonidan avtomobillarga texnik xizmat koʻrsatish, buxgalteriya, tikuvchilik, maishiy va mobil qurilmalarni taʼmirlash, axborot texnologiyalari va veb-saytlar yaratish, goʻzallik saloni, oshpaz-qandolatchi va santexnik kabi yoʻnalishlar boʻyicha tinglovchilarga saboq berilmoqda. Kelgusida kutubxonachilik ishi, erkaklar sartaroshi, nutq madaniyati, sahna bezagi va deklaratsiya yoʻnalishlarini tashkil etishni rejalashtirganmiz.

Markazga dastlab kam taʼminlangan, ehtiyojmand, “Temir daftar”ga kiritilgan oila aʼzolari jalb etildi. Ular 3 oy davomida oʻzlari tanlagan soha boʻyicha yetarli bilim va koʻnikmaga ega boʻladilar. Shu bilan birga har oyda 223 ming soʻm mablagʻ bilan taʼminlanmoqdalar. Mashgʻulotlarni tamomlaganlarga oʻz yoʻnalishlari boʻyicha doimiy ish joyi tavsiya etiladi.

Saminjon HUSANOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?