Mehmonxonalarda oʻzbekona nonushta standarti joriy etilishi rejalashtirilmoqda

18:43 08 Noyabr 2018 Jamiyat
570 0

Oʻzbekistondagi mehmonxonalar, hostellar va mehmon uylarida qisqa vaqt ichida nonushtaning milliy koʻrinishi paydo boʻladi. Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi ana shunday tashabbus bilan chiqdi.

Gap shundaki, qaymoq, obi non, somsa, mavsumiy mevalar va sabzavotlar, choy, novvot, yongʻoqlar, quruq mevalar va milliy shirinliklar — bularning barchasini “oʻzbekona nonushta” standartiga kiritib, turklar, inglizlar yoki fransuzlardagi kabi haqiqiy brendga aylantirish rejalashtirilyapti.

“Bizning inglizlar yoki turklar kabi oʻz anʼanalarimiz bor. Qadim-qadimdan tongda oʻzbek oilasi dasturxonidan nimalar joy olgan — qaymoq va obi non, albatta, xushboʻy shirin choyi bilan. Bu asos hisoblanadi. Mehmonxonalarda “oʻzbekona nonushta” standartini joriy etish gʻoyasi shundan paydo boʻldi. Hududlardan kelib chiqib mazkur andoza muayyan viloyatda dasturxonga qoʻyiladigan non, somsa va boshqa taom turlari hisobiga toʻldirilishi mumkin. Masalan, Fargʻona vodiysida nonushtaga mastava berishadi. Ushbu barcha oʻziga xosliklarni inobatga olamiz va “oʻzbekona nonushta” standartini shakllantiramiz”, - dedi Oʻzbekiston oshpazlar uyushmasi raisi Akbar Umarov.

Hozircha bu muhokamalar bosqichida turibdi. Yurtimizdagi yirik mehmonxonalarda “oʻzbekona nonushta” yagonaligicha qolmaydi. Yaqin kunlar ichida mahalliy mehmonxonalarda nafaqat mashhur inglizcha va fransuzcha, balki aytaylik, koreyscha, ispancha yoki hindcha nonushtalar ham paydo boʻladi. Mahalliy oshpazlar esa boshqa mamlakatlardan kelgan hamkasblariga “oʻzbekona nonushta” sirlarini ochishadi.

Akbar Umarov yirik mehmonxonalarda “oʻzbekona nonushta”ning joriy etilishi oʻziga xos yangilikka aylanishi qatorida byudjetni tejash imkonini berishini ham aytdi. Zero, milliy nonushta uncha qimmat boʻlmasa-da, yetarli darajada xushtaʼm va toʻyimlidir. Ayni paytda milliy standartni yulduzlari sonidan qatʼiy nazar mehmonxonalar, hostellar va mehmon uylariga tatbiq etish moʻljallanyapti.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?