Mehmonxonalarda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun alohida sharoitga ega xona tashkil etiladi

11:01 16 Oktyabr 2020 Hujjatlar
197 0

“Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi Qonun Prezident tomonidan imzolandi.

Qonun bilan nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashning asosiy prinsiplari belgilab berildi.

Qonunga asosan tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari faoliyati yana-da takomillashtirildi.

Unga koʻra, tekshiruvdan oʻtkazish tibbiy hujjatlar qabul qilingan kundan eʼtiboran 10 kun ichida bepul amalga oshiriladi.

Nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish va ularning huquqlarini kafolatlashga oid qator masalalar Qonun darajasida belgilandi. Jumladan:

Tashkilotlar nogironligi boʻlgan shaxslarning sport inshootlari, dam olish, shuningdek turistik obyektlardan bepul foydalanishini taʼminlash uchun shart-sharoitlar yaratadi;

Davlat nogironligi boʻlgan shaxslarga, fuqarolarga bepul tibbiy yordam koʻrsatishning davlat kafolatlari dasturi doirasida malakali tibbiy yordam koʻrsatilishi boʻyicha choralar koʻradi;

Davlat nogironligi boʻlgan bolalarning bepul umumiy oʻrta, maktabdan tashqari, oʻrta maxsus va professional taʼlim olishini kafolatlaydi;

Nogironligi boʻlgan shaxslar uchun oliy taʼlim muassasalarida davlat granti asosida abituriyentlarni qabul qilish umumiy sonining 2 foizi miqdorida qoʻshimcha qabul kvotasi ajratiladi;

Nogironligi boʻlgan shaxslar sanatoriy-kurortda bepul sogʻlomlashtirish, shuningdek dori vositalari, nogironligi boʻlgan shaxslarni parvarish qilish uchun moʻljallangan tibbiy buyumlar va nogironligi boʻlgan bolalar uchun maxsus shifobaxsh oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlanish huquqiga ega;

Nogironligi boʻlgan shaxslar imtiyozli shartlar asosida ijtimoiy uy-joy olish huquqiga ega;

Mehmonxonalarda kamida bitta xona oʻrindiqli aravachadan foydalanadigan nogironligi boʻlgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanishi, shuningdek eshitish va koʻrish boʻyicha nogironligi boʻlgan shaxslar uchun displeylar hamda ovozli qurilmalar oʻrnatilishi taʼminlanishi shart;

Mahalliy davlat hokimiyati organlari nogironligi boʻlgan shaxslarga mahalliy byudjet mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha ijtimoiy kafolatlar belgilash huquqiga ega.

Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy oʻtgach kuchga kiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?