Mehmonxonalar qurilishini davlat tomonidan subsidiyalash tartibi keng jamoatchilik muxokamasiga qoʻyildi.

19:14 08 Mart 2019 Jamiyat
603 0

Illyustrativ foto

Davlatimiz tomonidan dunyoning nufuzli mehmonxona brendlaridan foydalanish qisman moliyalashtirilishi koʻzda tutilmoqda. Bu haqda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Prezidentimizning 2019-yil 5-yanvardagi “Turizm tarmogʻini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosi doirasida Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va Moliya vazirligi hamkorligida Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi ishlab chiqildi.

Loyiha bilan yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlarning xarajatlarini hamda tashkilotlarning taniqli mehmonxona brendlaridan foydalanish boʻyicha franchayzing xarajatlarini qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi toʻgʻrisida Nizom tasdiqlanishi koʻzda tutilgan.

Ayni vaqtda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yangi mehmonxonani qurish va jihozlash uchun investorlarga subsidiya ajratish hamda tashkilotlarni franchayzing toʻgʻrisidagi shartnoma asosida qisman moliyalashtirish uchun Davlat byudjetidan mablagʻ ajratish tartibi haqidagi Nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga muhokama uchun qoʻyildi. Shu munosabat bilan Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi barcha yurtdoshlarimizni mazkur qaror loyihasining muhokamasida faol qatnashishga chorlamoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?