Mehmet Sureyya Er: “Shavkat Mirziyoyevning Turkiyaga amalga oshiradigan bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda”

10:48 19 Fevral 2020 Siyosat
915 0

Avval xabar qilinganidek, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 19-20-fevral kunlari Turkiyada boʻladi. Mazkur tashrif oldidan muxbirimiz Turkiyaning Oʻzbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Mehmet Sureyya Er bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdi.

— Elchi janoblari, Oʻzbekiston hamda Turkiya oʻrtasidagi munosabatlarning bugungi holatini ­qanday baholaysiz, ular nimalarda namoyon ­boʻlmoqda?

— Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi rishtalar boshqa yurt orasidagi odatiy xalqaro munosabatlardan keskin farq qiladi. Avvalo, biz umumiy tarix, til, din, madaniyat, qisqasi, mushtarak tamaddunga ega qardosh xalq­larmiz. Movarounnahrda qadim sivilizatsiyani boyitgan koʻplab olimlar yetishib chiqqan. Ularning asarlari, hattoki, bugun ham umumiy qadriyatlarimizning jon tomirlarini tashkil etmoqda. Mana shu sabablar tufayli biz Oʻzbekistonga doimo ota ­yurtimiz sifatida qaraymiz.

Oramizda minglarcha kilometr masofa boʻlsa-da, bizning umumiy tariximiz insonlarimiz oʻrtasidagi aloqalarning uzilmas vositasi sifatida xizmat qiladi. Mazkur rishtalar tufayli odamlarimiz Oʻzbekistonning 1991-yilda mustaqillikka erishganidan soʻng bir-biriga xuddi oʻsha mehr ila bogʻlana oldi.

Muhtaram Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga kirishganidan soʻng oʻtgan qisqa davr, yaʼni uch yil mobaynida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar yuksak surʼatda rivojlanmoqda. Hozirgi bosqichda ikki tomonlama munosabatlarimizni kuchli qardoshlikka tayanuvchi strategik sheriklik darajasidagi aloqalar, deb baholaymiz.

Ikki mamlakat munosabatlari Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil oktyabr oyida Turkiyaga amalga oshirgan tashrifi chogʻida yangi bosqichga koʻtarildi. Muhtaram Prezidentimiz Rejep Tayyip ­Erdogʻanning 2018-yil 29-aprel — 1-may kunlari Oʻzbekistonga amalga oshirgan davlat tashrifi chogʻida ham ikki mamlakat oʻrtasida Strategik hamkorlik kengashi mexanizmi barpo etildi.

Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylarining Turkiyaga amalga oshiradigan bu galgi tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi tarixiy burilish yasashi kutilmoqda. Bu tashrif doirasida Prezidentlarimiz raisligida Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi oʻtkaziladi.

Zotan, soʻnggi uch yilda eng yuqori darajali muloqotlarda qoʻshimcha ravishda ­tashqi siyosat, iqtisodiyot, energetika, transport, madaniyat, taʼlim, turizm kabi qator sohalarda hamkorligimiz jadal ­ravishda rivojlanishda davom etmoqda.

Hamkorligimiz faqatgina ikki tomonlama munosabatlarimiz va ularning mexanizmlari bilan chegaralanib qolmay, ­xalqaro platformalarda ham namoyon boʻlmoqda. Bunga yaqqol namuna sifatida oʻtgan yili Oʻzbekistonning aʼzo boʻlishi bilan yangi maʼno kasb etgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashini misol qilib ­koʻrsatish mumkin.

— Oʻtgan yil noyabr oyida Toshkentda boʻlib oʻtgan ­Oʻzbekiston — Turkiya biznes forumi va biznes muzokaralarida turkiyalik ishbilarmonlar Oʻzbekistonni investitsiya uchun eng qulay mamlakat, deya taʼkidlagan edi. ­Ayting-chi, ayni paytda yurtimizga Turkiyadan yoʻnaltirilayotgan investitsiyalar hajmi qanday va ular qaysi sohalarga daxldor?

— Mamlakatlarimizning iqtisodiy salohiyati ulkan. Bu borada muhtaram ­Prezidentlarimiz tomonidan belgilab ­berilgan 5 milliard AQSH dollari qiymatidagi savdo hajmiga yaqin vaqtlarda erishish uchun ish olib boryapmiz.

Turkiya Statistika idorasi keltirgan maʼlumotlarga koʻra, ikki davlat oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi 2019-yilda 2018-yildagiga nisbatan 27 foiz oʻsgan.

Eksportimiz 19 foizlik oʻsish bilan 1 milliard 137 million dollar; importimiz esa 35 foizlik oʻsish bilan 1 milliard 76 million dollarni tashkil etgan. Tarixda ilk bor ham eksport, ham import koʻrsatkichlarida 1 milliardlik chegaradan oʻtdik.

Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi ­tashqi savdo koʻrsatkichlariga xizmat savdosini qoʻshgani tufayli ham mazkur tashkilot taqdim etgan jadval yana-da quvonarlidir. Oʻzbekiston koʻrsatkichlariga muvofiq, 2019-yilda ikki tomonlama savdo aylanmasi hajmi 2,5 milliard dollarga yetgan.

Qolaversa, 2020-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekistonda Turkiya kapitali ishtirokidagi 1271 firma bor. Bu bilan turklar ota yurtimizga eng koʻp sarmoya kiritgan xorijliklar orasida Rossiya va Xitoydan keyingi oʻrinni egallab turibdi. Taxminlarga koʻra, bank ishi, dori-darmon, qurilish, avtosanoat, poyabzal, turizm va oziq-ovqat tarmoqlariga kiritilgan jami 1 milliard dollardan ortiq turk kapitali ishtirokidagi investitsiyalar yordamida Oʻzbekistonning eksportiga yiliga 300 million dollardan ortiq hissa qoʻshilgan, shu orqali 50 ming kishining bandligi taʼminlangan.

Pudratchi firmalarimiz tomonidan bugungi kungacha Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ­loyihalarning jami qiymati 3 milliard dollardan oshgan.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida muzokara qilinayotgan Preferensial savdo bitimining tezroq imzolanishi va amal qilishni boshlashi bilan davlatlarimizning savdo hamda investitsiya salohiyatidan yana-da samaraliroq foydalana olishimizga ishonamiz.

Turk ishbilarmonlari doirasining Oʻzbekis­tondagi investitsiyalarini yana-da jadal­lashtirish uchun 2020-yil 5-6-mart kunlari oʻtkaziladigan Toshkent Xalqaro investitsiya forumiga katta ahamiyat bermoqdamiz. Kelgusida anʼanaviylashadigan va dunyo miqyosidagi investitsiya forumiga aylanishiga ishonchimiz komil boʻlgan ushbu yirik tadbirga yurtimizda katta qiziqish bor. Hozirgi kunda juda koʻp turkiyalik tadbirkorlarning forumda ishtirokini taʼminlash uchun saʼy-harakat olib boryapmiz.

— Prezident Shavkat ­Mirziyoyevning Turkiyaga ­amalga oshiradigan mazkur tashrifidan nimalar kutilmoqda?

— Kuchli qardoshlik rishtalariga tayanuvchi strategik sheriklik darajasidagi munosabatlarimiz jihatidan yana tarixiy ahamiyatga molik tashrif amalga oshmoqda. Oʻzbekiston ­Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyev ­Janobi Oliylari Prezidentimiz Rejep ­Tayyip Erdogʻan taklifiga binoan, 19-20-fevral kunlari Turkiyada boʻladi. Yuqorida aytganimdek, ushbu tashrif davomida Prezidentlar raisligida Strategik hamkorlik kengashining birinchi yigʻilishi oʻtkaziladi. Unda ikki tomonlama munosabatlarimizning barcha qirrasi keng qamrovda koʻrib chiqiladi, qoʻshma loyi­halar boʻyicha fikr almashib olinadi. Bu orqali ikki tomonlama aloqalarimiz yuzasidan yangi hamkorlik mexanizmlari tuzilishiga ishonchimiz komil. Qisqacha aytganda, bu tarixiy tadbirning hammamiz uchun ezguliklar keltirishini tilaymiz.

Tashrif doirasida Prezident Shavkat ­Mirziyoyev Turkiya Prezidenti Milliy kutubxonasining ochilish marosimida ham ishtirok etadi. Turk madaniyati va sivilizatsiyasi bosib oʻtgan shonli yoʻl nuqtai-nazaridan muhim burilish nuqtasi, deb qabul qilganimiz ushbu Milliy kutubxonaning ochilish marosimida ota yurtimizning Prezidenti muhtaram Shavkat Mirziyoyevning qatnashishi biz uchun katta sharafdir.

— Oʻz faoliyatingiz ­davomida Oʻzbekiston bilan Turkiya oʻrtasidagi hamkorlikning qaysi yoʻnalishlarini rivojlantirishni ustuvor vazifa, deb hisoblaysiz?

— Albatta mumkin boʻladigan har sohada munosabatlarning imkon qadar rivojlanishi va chuqurlashishi mening bu yerdagi vazifamdir. Lekin bizning Turkiya elchixonasi sifatidagi eng muhim maqsadimiz munosabatlarning barcha qirrasini rivojlantirishga erishishdir.

Oʻzbekistonda roʻy berayotgan oʻzgarish va islohotlar jarayonini qoʻllab-quvvatlaymiz. Oʻzbekistonga xizmat — biz uchun ham qarz, ham farz. Biz oʻzbek qardoshlarimizning ehtiyojlari va talablari boʻyicha baholi qudrat har qanday hamkorlikka ­tayyormiz.

Bu borada eng muhim xususiyatlardan biri xalqlarimiz orasidagi qardoshlik tuygʻulari va rishtalarini yana-da mus­tahkamlash, oʻrtamizdagi minglab kilometr boʻlgan zaminlarimizni aniq hamkorlik loyihalari bilan yurakda birlashtirish. Bu borada taʼlim va madaniyat kabi sohalarda olib borilayotgan ishlar, odamlarimizning oʻzaro tashriflarni amalga oshirishlari ustuvor masalalardir.

— Joriy yilda Xiva ­shahri “Turkiy dunyo ­madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilindi. Ushbu muhim voqea haqida fikringizni ­eshitishni istardik.

— Xivaning “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti”, deb eʼlon qilinishi bizga ham katta gʻurur bagʻishladi. Turkiy jugʻrofiyaning yuragi boʻlmish Oʻzbekistonning ardoqli shahri Xiva butun Turk-Islom sivilizatsiyasi uchun juda ­qadrli shahardir.

Xivada Oʻzbekiston va Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi tomonidan oʻtkaziladigan tadbirlarni hayajon bilan kutib, ularni qoʻlimizdan kelganicha qoʻllab-quvvatlashni sabrsizlik bilan kutyapmiz. Bunga qoʻshimcha ravishda, biz ham bu soʻlim diyorda qator sanʼat va madaniy tadbirlar oʻtkazish niyatidamiz. Bundan tashqari, ushbu yilda tashrif buyuradigan delegatsiyalarimiz bilan Xivaga borishni rejalashtirganmiz.

— Mazmunli suhbatingiz uchun ­tashakkur.

Omonulla FAYZIYEV “Xalq soʻzi” suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?