Mediatur: Sirdaryoda yana 31 turdagi davlat xizmatlari tajriba tariqasida yoʻlga qoʻyilgan

17:27 06 Noyabr 2019 Jamiyat
102 0

“Xalq soʻzi Online”. Ahmadali Shernazarov/Sirdaryo. Davlat xizmatlari agentligi Sirdaryo viloyat boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun mediatur tashkillashtirildi.

DXA Sirdaryo viloyati boshqarmasi Jamoatchilik va OAV bilan aloqalar shoʻbasi bergan maʼlumotga koʻra, dastlabki manzil - Sayxunobod tumani davlat xizmatlari markazining yangi binosi va uning eng zamonaviy axborot texnologiya vositalari bilan jihozlangani, internetga ulanish uchun bepul WiFi oʻrnatilgani, elektron navbat tizimi, infokiosk hamda koʻrsatilayotgan xizmatlarda shaffoflik mezoni taʼminlangan ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

-Markazimiz tomonidan tumanimiz aholisiga 120 turdagi davlat xizmatlari koʻrsatilmoqda, - deydi Sayxunobod tumani davlat xizmatlari markazi direktori Sherzod Umarov. – Murojaat bilan kelganlarga barcha sharoitlar yaratilgan. Masalan,ularning farzandlari uchun oʻyin maydonchasi, tibbiyot xonasi tashkil qilingan.Yana bir jihat, belgilangan davlat xizmatlaridan tashqari tuman fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimi,tadbirkorlar uchun bosh vazir qabulxonasi, notarius xonasi ham shu binoga joylashtirilgan.

Jurnalistlar markazga tashrif buyurgan fuqarolar bilan ham suhbatlashib, ulardan koʻrsatilayotgan davlat xizmatlari sifati va xodimlarning muomala madaniyati boʻyicha soʻrovnomalar oʻtkazdilar.

Soʻngra Sirdaryo tumani davlat xizmatlari markaziga tashrif buyurildi.

-Sirdaryo tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan joriy yilning oʻtgan davrida 120 turdagi qariyb 50 mingdan ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi, - deydi mazkur markaz direktori Ravshan Usmonov. –Aytish joizki, qoʻshimcha 31 turdagi davlat xizmatlari tajriba sifatida faqat bizning markazimizda yoʻlga qoʻyilgan.

Mediaturda ishtirokchilar oʻzlarini qiziqtirgan koʻplab savollarga atroflicha javoblar olishdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?