MDH “poytaxti” Minskdan Toshkent yo Ostonaga oʻzgaradimi?

18:15 01 Noyabr 2018 Jamiyat
535 0

“Rossiya segodnya” xalqaro axborot agentligining xalqaro multimedia matbuot markazida “MDH doirasida oʻzaro iqtisodiy aloqalar” mavzusida telekoʻprik tashkil etildi. Unda ekspertlar Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi “poytaxti”ni Minsk(Belarus)dan Ostona(Qozogʻiston) yoki Toshkent(Oʻzbekiston)ga koʻchirish imkoniyatlari hamda oqibatlari muhokama qilindi.

Sputnikning yozishicha, Qirgʻiziston Respublikasi savdo-sanoat palatasi sanoat siyosati, eksport, infratuzilmalar va davlat-xususiy sheriklik masalalari boʻyicha qoʻmitasi raisi Kubat Rahimov MDH “poytaxti”ni koʻchirish taklifini bildirdi.

U Hamdoʻstlik mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalar dinamikasi muammolari haqida gapirar ekan, oʻsishning yangi nuqtasini topish lozimligini qayd etib oʻtdi. Uning fikricha, atom energetikasini rivojlantirish, Qozogʻiston hamda Oʻzbekistonning shu boʻyicha rejalari bunga turtki berishi mumkin.

“Komil ishonch bilan aytamanki, MDH “poytaxti”ni Markaziy Osiyo davlatlaridan birining markaziga koʻchirish kerak. Oʻzbekistonning Navoiyda AES qurish boʻyicha rejalari, shuningdek, Qozogʻistonning atom elektrostansiyasi barpo etish boʻyicha davom etayotgan qiziqishlari, oʻylaymanki, MDH “poytaxti”ni Ostona yoki Toshkentga koʻchirishni taqozo etadi”, - dedi Rahimov.

Uning fikricha, stajirovka va ichki dinamika nuqtai nazaridan kadrlarni rotatsiya qilish ham bunga yangi surʼatlar bagʻishlaydi.

“Markaziy Osiyo mamlakatlaridan faqat Turkmanistongina MDHning toʻlaqonli aʼzosi hisoblanmaydi, u boshidanoq shunday maqomga ega edi. Lekin qolgan toʻrtta davlat MDHning toʻlaqonli aʼzolaridir. Bu borada yoshlar MDH nima ekanligini tushunmasligini ham inobatga olish lozim. Ularning fikricha, bu mansabdorlar klubidir. Va bunday hududiy oʻzgarish oʻz samaralarini beradi”, — dedi qirgʻiz siyosatchisi.

MDH hukumat rahbarlari Kengashida muhokama qilinishi kutilayotgan yadro energetikasi masalasi aʼzo davlatlarni bir-biriga yanada yaqinlashtirishi mumkin.

“Sababi Markaziy Osiyoda energetika balansi chuqurlashyapti, aholi soni esa oʻsmoqda — qariyb 70 mln. Agar iqtisodiy kun tartibini olib qaraydigan boʻlsak, MDH asosiy eʼtiborni energetikaga qaratmoqda. Jumladan, atom energetikasiga ham. Rossiya bu borada hayratlanarli muvaffaqiyatlarga erishayotir: “Rosatom”ning buyurtmalari qariyb 150 mlrd. dollarni tashkil etmoqda. Uran eksporti boʻyicha birinchi uchtalikka kiruvchi Qozogʻiston yutuqlari, shuningdek, oʻzbek atom sanoatini ishga tushirish rejalari, “Rosatom” vakilining “Oʻzatom” bosh direktori oʻrinbosari lavozimiga tayinlanishi bizga MDH hamon tirik, degan ishonchni beryapti”, — dedi K. Rahimov.

Maʼlumot uchun, ayni paytda Minsk MDH “poytaxti” hisoblanadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?