MDH Hukumat rahbarlari kengashining boʻlajak majlisi Abdulla Aripov raisligida oʻtadi

14:00 28 May 2020 Siyosat
194 0

Ertaga, 29-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi raisligi doirasida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi ishtirokchi davlatlari Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi videoanjuman shaklida boʻlib oʻtadi.

Oʻzbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov raisligida oʻtadigan majlisda Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Belarus Bosh vaziri Sergey Rumas, Qozogʻiston Bosh vaziri Asqar Mamin, Moldova Bosh vaziri Ion Kik, Rossiya Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzoda, Armaniston Bosh vaziri oʻrinbosari Mger Grigoryan, Qirgʻiziston Bosh vaziri oʻrinbosari Erkin Asrandiyev, Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisining oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov va MDH Ijroiya qoʻmitasi raisi – Ijrochi kotibi Sergey Lebedev ishtirok etishi kutilmoqda.

Hukumat rahbarlari kengashi majlisi kun tartibiga Hamdoʻstlik ishtirokchi davlatlarining turli jabhalardagi hamkorligiga oid 15 ta masala kiritilgan.

Muzokaralar chogʻida iqtisodiy, transport-logistika, energetika, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari yuzasidan fikr almashiladi, COVID-19 koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi birgalikdagi saʼy-harakatlar muhokama qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?