MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi ham videokonferensaloqa shaklida tashkil etilishi mumkin

01:24 14 May 2020 Siyosat
350 0

Oʻzbekiston tashqi ishlar vaziri MDH TIVK majlisi yakunlari boʻyicha nutq soʻzladi.

Uning taʼkidlashicha, Mustaqil davlatlar hamdoʻstligi mamlakatlari bilan ikki va koʻp tomonlama aloqalarni rivojlantirish Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishlari, deb belgilangan,.

"Oʻzbekiston MDHni koʻp qirrali amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish, birinchi navbatda savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, transport-tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek madaniy-gumanitar hamkorlikni kengaytirish sohasidagi muhim maydon sifatida koʻradi, — dedi u. — Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan mamlakatimiz oʻz tarixida birinchi marta 2020-yilda MDH raisligini qabul qildi. Koʻp tomonlama hamkorlikni izchil kengaytirish va samaradorligini oshirish raislikning asosiy ustuvor yoʻnalishi sifatida belgilandi.

Shu maqsadda 70 ga yaqin turli tadbirlarni oʻz ichiga olgan raislikning Konsepsiyasi va uni amalga oshirish Rejasi tasdiqlandi. Ushbu tadbirlarning 40 tasini Oʻzbekistonda oʻtkazish rejalashtirilgan.

Albatta, 2020-yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtadigan MDH Davlat rahbarlari kengashining majlisi, MDH Hukumat rahbarlari kengashi majlisi, shuningdek, MDH Iqtisodiy kengashi majlisi raisligimizning eng muhim va ahamiyatli voqealari boʻladi.

Hamdoʻstlik mamlakatlari va butun dunyodagi ogʻir epidemiologik vaziyatga qaramay, bugun Oʻzbekiston tashabbusi bilan MDH faoliyati doirasida ilk marta videokonferensiya shaklida Hamdoʻstlik Tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisi samimiy va doʻstona muhitda oʻtdi.

Tashqi siyosat idoralari rahbarlari bilan birgalikda kun tartibidagi masalalarni har tomonlama muhokama qildik va kutilgan natijalarga erishdik.

Xususan, transport, taʼlim, turizm, jismoniy tarbiya va sport sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirishga qaratilgan hujjatlar koʻrib chiqildi va maʼqullandi. Ushbu hujjatlar Hamdoʻstlik ishtirokchi davlatlari rahbarlari va hukumat rahbarlarining boʻlajak majlislariga taqdim etiladi.

Shuningdek, MDH mamlakatlari tashqi siyosat idoralari oʻrtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar boʻyicha tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida koʻp darajali Maslahatlashuvlar rejasi tasdiqlandi.

Bugun fashizm ustidan qozonilgan umumiy Gʻalabamizning 75 yilligi munosabati bilan oʻzaro tabriklar bildirildi va MDH mamlakatlarida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida axborot berildi.

Ushbu borada 9-may kuni Toshkentda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab qurilgan noyob Gʻalaba bogʻi ochilishi barcha MDH mamlakatlarida katta qiziqish uygʻotdi.

Tadbir kun tartibiga kiritilgan Hamdoʻstlik xalqlari farovonligini taʼminlash uchun MDH doirasida koʻp qirrali aloqalarni yana-da rivojlantirish va amaliy hamkorlikning qoʻshimcha zaxiralarini ishga solish masalalari hozirgi murakkab davrda har doimgidan ham dolzarbdir.

Shu maqsadda joriy yilning 29-may kuni Toshkent shahrida oʻtkazish rejalashtirilgan MDH Hukumat rahbarlari kengashining majlisini ham videokonferensaloqa shaklida tashkil etish tashabbusi bilan chiqdik.

Ishonchim komilki, MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining bugungi majlisi natijalari Hamdoʻstlik doirasidagi hamkorlikni tizimli rivojlantirishga, shuningdek, Oʻzbekiston raisligi oldiga qoʻyilgan vazifalarni toʻliq amalga oshirishga mustahkam zamin yaratadi".

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?