“Majburiyat hissini bilasizmi?” yoki masʼuliyatsiz fermerning talablari nechogʻli oʻrinli

01:53 17 Mart 2019 Jamiyat
603 0

Illyustrativ foto

Piskent tumanidagi sobiq “Abrorjon — Durdona” fermer xoʻjaligi rahbari Abdulaziz Abdusattorovning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan, davlatimiz rahbari nomiga yoʻllagan murojaatini tinglab, menda shunday savol tugʻildi. Agar fermer Prezidentimizga murojaat qilmoqchi ekan, buning uchun ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalarga, hech boʻlmaganda, “Ishonch telefoni”ga yoki davlatimiz rahbarining har bir tuman, shaharda mavjud boʻlgan Xalq qabulxonasiga murojaat etishi mumkin edi-ku.

Keling, endi xolislik uchun videomurojaatni bir tahlil qilib koʻraylik. Fermerning taʼkidlashicha, u surunkasiga 4 yildan buyon davlatga paxta tayyorlash boʻyicha kontraktatsiya shartnomalarini bajarmay kelayotgan ekan. Vaholonki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 9 yanvardagi 14-sonli qarorining 4-ilovasida yer uchastkasidan foydalanishda ijaraga olish shartnomasida koʻrsatilgan talablar va qishloq xoʻjaligi ekinlarini joylashtirish shartlari buzilganda hamda maqsadli, samarali va oqilona foydalanilmaganda uzoq muddatli yer ijara shartnomasi bekor boʻlishi belgilangan. Fermer esa 4 yil davomida davlatning 39,6 gektar maydondagi normativ qiymati 286 million 197 ming soʻm boʻlgan mulkidan foydalanib kelgan.

Shu yillar ichida kontraktatsiya shartnomalarining bajarilmagani oqibatida 158,9 tonna 228 million 844 ming soʻmlik paxta xom ashyosi yetkazib berilmagan. Bu esa, davlatga oʻrtacha hisobda (55,6 tonna tola, 103,3 tonna chigitdan olinadigan 33 tonna oʻsimlik yogʻi, 36,1 tonna sheluxa, 34,1 tonna shrot) 80 ming 100 AQSH dollarilik miqdorda tola, 380,6 million soʻmlik yogʻ, 111 million soʻmlik omixta yem mahsulotlari yetkazib berilmadi, deganidir.

Mutaxassislar taqdim etgan maʼlumotga koʻra, fermer faoliyat olib borgan vaqt davomida davlatga soliq toʻlovlaridan jami 39 million 500 ming soʻm qarzdorligi mavjud.

Mana shu raqamlarning oʻziyoq uning bu sohada tajribasi yetarli emasligini koʻrsatyapti. Taajjubki, har yili davlat hisobiga zarar bilan chiqqan fermer — oʻzining taʼkidlashicha — “fermer xoʻjaligining foydasidan” 37 bosh qoramol, 40 bosh qoʻy sotib olgan. Molxona qurishga ketgan xarajatlar ham xoʻjalikning foydasidan boʻlishi kerak, chunki oilaning boshqa hech qanday daromadi yoʻq. Mavjud tomorqalarda faqat chorva uchun ozuqa yetishtiriladi. Molxonada yana 30 bosh molga moʻljallangan joy boʻsh turgan ekan. “Agar, ozuqa manbai boʻlsa, yana koʻpaytirardim”, deydi fermer murojaatda...

Ammo afsuski, u “Agar menda yana ozgina imkon boʻlsa, oʻtgan yillar davomida soliqdan toʻlamay kelgan qarzlarimni toʻlar edim”, demayapti.

Keyingi yillarda ayrim toifa odamlar “murojaat” huquqini yaxshi oʻzlashtirdilar-u, “masʼuliyat” soʻzini va eng asosiysi, majburiyat hissini unutib yubordilar.

“Fermer xoʻjaligi yerida suv tanqisligi sababli paxtachilikdan yaxshi daromad olishning imkoni yoʻq”, deyayotgan murojaatchi biz bilan muloqotda “Bu yerlarga suv chiqarish uchun hov anavi simyogʻochga bitta tarmoq elektr simi tortilib, bitta nasos oʻrnatilsa, muammo hal”, dedi. “Nima uchun oʻsha bittagina elektr simini tortishga mablagʻ sarflamagansiz?!” degan savolimizga esa tayinli javob ololmadik.

Ammo taʼkidlash joizki, murojaatchi aytgan chorvachilik ozuqasi ekini uchun gʻoʻzaga nisbatan koʻproq suv talab qilinadi. Irrigatsiya boʻlimi tomonidan taqdim etilgan maʼlumotga koʻra, oxirgi 3 yil mobaynida xoʻjalik yerlariga jami 1,38 million kub metr suv sarflangan. Bu miqdor 39,39 gektar ekin maydonini sugʻorish uchun yetadi. Koʻrinib turibdiki, fermer hatto belgilangan limitdagidan ham ortiqcha suv sarflagan.

“Abrorjon — Durdona” fermer xoʻjaligi yer maydoniga elektr energiyasi taʼminoti uchun shartnoma “Akbarshoh — Sayyora” fermer xoʻjaligi orqali tuzilgan. Ushbu sugʻorish nasosi hududdagi 5 ta fermer xoʻjaligining jami 270 gektar yer maydoniga xizmat koʻrsatadi. 2018 yilda elektr energiyasi xarajati 14 million soʻmni tashkil etgan, shundan 9,6 million soʻmi Vazirlar Mahkamasining 320-sonli qaroriga asosan, Davlat byudjeti hisobidan toʻlab berilgan. Hozirga kunda murojaatchining elektr energiyasidan qarzdorligi 4,5 million soʻmlikni tashkil etmoqda.

“Oilamizda 9 kishi shu xoʻjalikda ish bilan band edi, ular ham endi ishsiz qoldi”, deydi sobiq fermer murojaatda. Oila aʼzolari xoʻjalikda ish bilan band boʻlganiga shak-shubha yoʻq, lekin sobiq fermer oʻz yaqinlarining kelajakdagi ijtimoiy taʼminoti masalasiga befarq boʻlganini qanday izohlash mumkin?

Ehtimol u soliqlarni toʻlamay, oʻzining aytishicha “yigʻib qoʻygan mablagʻi”ga ishonayotgandir. “Shuni olib, naslli molni koʻpaytirib”, emas, sizning oʻrningizda boʻlganimda, “Shuni olib, soliqlardan qarzimni toʻlab qoʻygan boʻlardim”, degim keldi unga.

Ilgari “er bermoq — jon bermoq”, degan maqol quloqqa chalinardi. Hozir xalq oʻrtasida, ayniqsa, fermerlar orasida bu maqolning yangi talqini koʻp uchrayapti: “yer bermoq — jon bermoq”. Abdulaziz Abdusattorov 2013 yildan 2018 yilgacha boʻlgan davr mobaynida faqat bir martagina shartnomaviy rejani bajargan.

Murojaatchining “Mening xabarim yoʻq edi”, deyishi nechogʻli yolgʻon maʼlumot ekanligi tuman hokimligiga yer maydonini qaytarishlarini soʻrab jami 3 marta va bir marta viloyat hokimligi mutasaddilariga ham murojaat qilganidan koʻrinib turibdi.

12 mart kuni ishchi guruh murojaatni oʻrganish uchun Abdusattorov koʻrsatgan, aslida otasi va ukasi yashaydigan xonadonga borganida, jami 0,8085 gektar yer maydoni, shunday 60 sotixga yaqini tomorqa sifatida foydalanilgan. Ayrim xonadonlarda bu paytda polietilen ostiga ekilgan birinchi mavsum ekinlar yigʻishtirib olinayotgan edi. Lekin mazkur xonadonda hali ekin-tikin yumushlariga tayyorgarlik umuman koʻrinmadi. Abdusattorovlarning 4 nafar oʻgʻli, shulardan 2 tasi fermer xoʻjaligiga ega boʻlgan. Mahalla fuqarolar yigʻini bergan maʼlumotga koʻra, har birining oʻz hovli-joyi, roʻzgʻori boʻlak. “Mening molxonam”, deyilgan tasvirdagi molxona esa kichik ukasi Abdusattorov Abdullaga tegishli. Molxona joylashgan hovli jami 80 sotixni tashkil etadi.

Soliq inspeksiyasidan taqdim qilingan maʼlumotga koʻra, tasvirdagi 80 sotixdan ortiq maydondagi hovli-joyning bor-yoʻgʻi 20 sotixi hujjatda koʻrsatilgan, ammo shugina qismi ham xonadon boshligʻi nogironligi boʻlgan shaxs ekani uchun yer soligʻidan ozod qilingan.

Murojaatchining oʻzi yashaydigan xonadon 15 sotix, 2018 yil uchun yer soligʻidan 357 ming soʻm, mulk soligʻidan 372 ming soʻm, jami 729 ming soʻm qarzdorligi mavjud.

Ushbu raqamlardan murojaatchi Abdulaziz Abdusattorovning fuqarolik majburiyatlariga munosabati ham yaqqol koʻrinib turibdi. Molxona qurilgan uy-joyning na kadastr hujjati, na qarori va na boshqa birorta hujjati rasmiylashtirilgan. Darvoqe, fermer 4 yillik faoliyati davomida tuman hokimligi bilan munosabatlarni shakllantiruvchi tegishli shartnomalarni ham imzolamagan.

Demak, 4 yildan buyon shartnoma rejalarini muntazam bajarmay kelgani, oʻzi, otasi va ukalari yashab turgan uy-joylarga tegishli hujjatlarni rasmiylashtirmagani, agrotexnika tadbirlari borasida yetarli malakasi yoʻq, yer maydoniga oʻzboshimchalik bilan noqonuniy qurilmalar (50x9 oʻlchamdagi molxona) qurib olgani uchun tegishli tartibda chora koʻrish oʻrniga unga mukofot tariqasida yer maydoni, yana davlat buyurtmasi asosida paxta emas, shaxsiy buyurtmasi asosida chorvachilikka ajratib berilishi qaysi qonun talablariga mos keladi? Bunda inson huquqlari buzilyaptimi yoki davlat manfaatlariga moddiy zarar yetkazilyaptimi?

Oʻzbekistonda inson huquqlari himoyasi haqida soʻz yuritayotganlar masalaning bu jihatiga nega eʼtibor berishmayotgan ekan? Ayrim matbuot vositalarining yurtimizdagi qonunlarga zid talablar bilan chiqayotgan fuqarolarga xayrixohlik bildirayotgani, ularni qoʻllab-quvvatlayotgani zamirida qanday manfaatlar yotadi? Oʻzimiz mamlakatimizda amalda boʻlgan qonunlarga zid ish qila turib, yana va yana oʻz huquqlarimiz himoyasi borasida ayrim ommaviy axborot vositalarida bong urishimiz nechogʻli adolatdan boʻlmoqda?

Eng avvalo, bu qonunlar bizning huquqlarimiz himoyasi uchun qabul qilingan. Shunday ekan, qonunlarni hurmat qilmaslikning oʻzi masʼuliyatsizlikni ifodalamaydimi? “Mening muammolarim yechilmayapti”, deyishdan oldin bu muammolarni oʻzimiz keltirib chiqarayotganimizni bilarmikanmiz? Murojaatchining davlatimiz rahbariga yoʻllagan murojaati ham xuddi topshirilgan vazifani bajarmagan bolakayning nooʻrin xarxashasiga oʻxshaydi. “Men 4 yil shartnoma shartlarini bajarmadim, lekin menga yana yer berilishini istayman”, degan talabda qanchalik adolat bor? Yillab faqat oʻz manfaatini davlat va xalq manfaatlaridan ustun qoʻyib, oldidagi rejalarni bajarmay kelgan fermerga qanday ishonch bildirish mumkin? Agar oʻsha yer maydonida ekin yetishtirish shunchalik qiyin ekan, nima uchun sobiq fermer yerni topshirishga tish-tirnogʻi bilan qarshilik qilyapti? Majburiyat hissi qayerda qoldi?

Shoira Radjabova, xalq deputatlari Piskent tumani Kengashi deputati.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?