Majburiy mehnatga jalb etganlik uchun jarima miqdori 10 karra oshiriladi

16:11 26 Avgust 2019 Jamiyat
95 0

Illyustrativ foto

Mehnatga biron bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash uchun jarimalar miqdori sezilarli darajada oshirildi. Yaqinda boʻlib oʻtgan Oliy Majlis Senatining yigirma birinchi majlisida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisidagi qonun Oʻzbekiston Oliy Majlisi Senati tomonidan maʼqullandi.

Hozirda mazkur qonunbuzarlik holati uchun jarima miqdori Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 51-moddasiga muvofiq EKOIHning 1 barobaridan 3 barobarigacha miqdorni tashkil etadi. Yangi tuzatishlar jarima miqdorini EKOIHning 10 barobaridan 30 barobariga qadar oshirishni nazarda tutgan, deb yozadi Gazeta.uz.

Shuningdek, ushbu modda xuddi shunday huquqbuzarlik maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etilgani uchun EKOIHning 30 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda jarima solishni nazarda tutuvchi qism bilan ham toʻldirilmoqda.

Voyaga yetmagan shaxsga nisbatan shunday huquqbuzarlik sodir etilgan boʻlsa, EKOIHning 30 barobaridan 50 barobarigacha, bir yil davomida takror sodir etilgan taqdirda – EKOIHning 50 barobaridan 100 barobarigacha miqdorda jarimaga tortiladi.

Majburiy mehnatga jalb etish holati uchun jarima miqdorini sezilarli darajada oshirish taklifini Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi oʻtgan yilning kuzida olib chiqqan edi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?