Majburiy mehnatga undaganlik uchun jazo kuchaytiriladi

17:12 28 Iyun 2018 Jamiyat
462 0
Foto: Sputnik

Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga joylarda majburiy mehnat holatlari yuzasidan mingga yaqin murojaat kelib tushgan. Ular atroflicha o‘rganilib, tegishli xulosalar taqdim etilyapti. Mehnat munosabatlarini buzgan va jamoa shartnomasiga xilof tarzda majburiy mehnatga undagan mas’ullarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llanilgan.

Bu haqda jurnalistlar uchun tashkil etilgan “Mehnat huquqlari himoyasini xolis yoritish va axborotni o‘z vaqtida taqdim etish mexanizmlari” mavzuidagi treningda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhiddinov ma’lum qildi.

Majburiy mehnatga undagan rahbarlarga nisbatan qonunchiligimizda eng kam ish haqining 3 barobaridan 5 barobarigacha jarima to‘lash jazosi belgilangan. Ammo, bu holat takroriy sodir etilganda ham jazo normasi kuchaytirilmasdan xuddi shu tarzda joriy etilgani sabablimi, ayni paytda takroriy ravishda qonun buzilish holatlari qayd etilyapti. Shuni inobatga olib, vazirligimiz tomonidan majburiy mehnatga undaganlikka nisbatan mansabdor shaxslarning ma’muriy javobgarligini oshirish yuzasidan takliflar ishlab chiqilmoqda. Yangi taklif etilayotgan normalarga ko‘ra, jazo turi yanada kuchaytirilishi nazarda tutilgan.

Taraqqiyot strategiyasi markazi, Xalqaro mehnat tashkilotining uchinchi tomon monitoringi loyihasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tashkil etilgan mazkur anjumanda qayd etilishicha, Harakatlar strategiyasiga asosan, fuqarolarni munosib ish bilan ta’minlash, bolalar va majburiy mehnatning istalgan ko‘rinishini oldini olish bo‘yicha samarali ish olib borilmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturi amalga oshirilayotgani e’tirof qilindi.

Galdagi muhim vazifa — bu borada jurnalistlarning kasbiy ko‘nikmalarini oshirish va huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashdan iborat. Treningda sohaning xalqaro ekspertlari ishtirokida tajriba mashg‘ulotlari ham tashkil etildi.
Munisxon KARIMOVA.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?