Majburiy mehnatga qarshi kurashish — barchaning vazifasi

11:26 24 Aprel 2018 Jamiyat
2371 0
Foto: kun.uz

Xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi huzuridagi Fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha hududiy komissiyasi yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga va xalqaro mehnat standartlariga muvofiq fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlashga doir chora-tadbirlarni kuchaytirish to‘g‘risidagi qarori ijrosi muhokama qilindi.

Yig‘ilishda milliy qonun hujjatlarimizda bolalarni mehnatga jalb etish hamda majburiy mehnatdan foydalanish, biron-bir jazoni qo‘llash bilan tahdid qilish, shu jumladan, mehnat intizomini saqlash vositasi tariqasida ish bajarishga majburlash uchun qat’iy taqiq nazarda tutilganligi va buning uchun ma’muriy javobgarlik joriy etilganligi ta’kidlandi.
Binobarin, O‘zbekiston Xalqaro mehnat tashkilotining a’zosi bo‘lgani holda, mazkur tashkilotning 14 ta konvensiyasini ratifikatsiya qilgan. O‘zbekiston Respublikasi hukumati bilan XMT o‘rtasida bu borada izchil muloqot olib borilayotganligi tegishli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni takomillashtirishga ko‘maklashayapti. XMT bilan hamkorlikda 2017 — 2020 yillarda O‘zbekistonda munosib mehnat bo‘yicha Mamlakat dasturi ro‘yobga chiqarilmoqda. Xalqaro mehnat standartlarini milliy qonun hujjatlarimizga hamda huquqni qo‘llash amaliyotiga implementatsiya qilish bosqichma-bosqich amalga oshirilayotir.

— Parlamentning Bolalar mehnati va majburiy mehnat masalalari bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengashi tomonidan XMT bilan hamkorlikni rivojlantirish hamda xalqaro mehnat standartlari prinsiplari joriy etilishini ta’minlash bo‘yicha kompleks tadbirlar, uchrashuvlar, konferensiyalar, seminarlar va davra suhbatlari o‘tkazib borilmoqda, — deydi komissiya a’zosi, senator Islomiddin Abrorov. — -Keyingi ikki yilda fuqarolarni ommaviy ravishda majburiy mehnatga jalb qilish holatlariga bosqichma-bosqich barham berildi. Lekin tan olishimiz kerak, ko‘p yillar shakllanib kelgan bu tizim sarqitlari hali to‘liq bartaraf etilgani yo‘q. Buning asoratini yaqinda Samarqandda yuz bergan voqealar misolida ko‘rdik. Prezidentimizning bu haqda aytgan fikrlarini biz murojaat, qat’iy ogohlantirish sifatida qabul qilib, bunday holatlarning oldini olish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim. Hududiy komissiya zimmasiga bu borada mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish, avvalambor, majburiy mehnatning oldini olish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini kuchaytirishni taqozo etmoqda.

Yig‘ilishda ushbu sohada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan ularning yaxlit hamda tizimli ijrosi yetarli darajada emasligi, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar to‘g‘risidagi axborotni jahon hamjamiyati va xalqaro tashkilotlar e’tiboriga yetkazish bo‘yicha davlat hamda jamoat tashkilotlari faoliyati qoniqarsiz qolayotganligi aytib o‘tildi. Bu esa, ayrim hollarda, mazkur sohadagi ishlarning holati haqida noxolis tasavvur shakllanishiga olib kelmoqda.

Bundan tashqari, mahalliy davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan mavsumiy qishloq xo‘jaligi hamda boshqa jamoat ishlariga doir axborot kampaniyasi samarali o‘tkazilmaganligi, ishlarning past saviyada tashkil qilinganligi, tashkilotlar va muassasalar, fermer xo‘jaliklari hamda dehqon xo‘jaliklari rahbarlari qonun hujjatlarini bilmasligi majburiy mehnatning oldini olish va unga yo‘l qo‘ymaslikka xalaqit bermoqda.

Yig‘ilishda fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini ta’minlash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarini hamda xalqaro shartnomalarni to‘liq ro‘yobga chiqarish, bolalar mehnati va majburiy mehnatni yuzaga keltiradigan har qanday holatning oldini olish hamda ularga yo‘l qo‘ymaslikka doir chora-tadbirlarni kuchaytirish, shartnoma asosida obodonlashtirish va jamoat ishlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan tadbirlar to‘g‘risida keng omma e’tiboriga ishonchli -axborotlarni yetkazish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilandi.

Ahad MUHAMMADIYEV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?