Majburiy mehnatga yoʻl qoʻygan masʼullar javobgarlikka tortildi

16:45 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
263 0

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining Davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan majburiy mehnatga qarshi kurash va mehnat huquqlarini muhofaza qilish ishlari davom ettirilyapti.

Inspeksiya kelib tushayotgan murojaatlarni diqqat bilan oʻrganmoqda va aybdor masʼullarni jarimaga tortyapti. Bunda Davlat mehnat inspeksiyasining 1176 qisqa raqamlari, dmi.mehnat.uz sayti va mehnathuquqbot Telegram boti orqali kelib tushayotgan murojaatlar hamda huquq himoyachilari bilan olib borilayotgan hamkorlik ishlari muhim vosita boʻlib xizmat qilmoqda.

Xususan, majburiy mehnatga jalb qilish holatlari, mehnat huquqi va mehnat sharoitlari boʻyicha qonunchilikda belgilangan talablarni buzganlik yuzasidan Inspeksiya ishchi guruhi tomonidan olib borilgan soʻnggi oʻrganish ishlari natijasida Xorazm, Fargʻona, Namangan, Jizzax viloyatlarida qonunbuzarliklar aniqlandi.

Masalan, Xorazm viloyati Qoʻshkoʻpir tumani Obodonlashtirish boshqarmasi xodimlarini majburan paxta terimiga jalb etgani uchun boshqarma boshligʻi, Xiva shahar Xalq taʼlimi boʻlimi mudirasi tomonidan “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatiga aʼzolik badali yigʻib olish toʻgʻrisida buyruq chiqarilib, badal puli maktab pedagog xodimlaridan talab etilgani sabab, boʻlim mudirasiga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 51-moddasi 1-qismiga binoan eng kam ish haqining 30 barobari – 6.690.000 soʻmdan jarima tayinlandi.

Xuddi shu jarima qiymati Fargʻona viloyati Fargʻona tumani 22-sonli umumtaʼlim maktabi oʻqituvchilarini ularning roziligisiz majburan maktabdan tashqari hududlarni obodonlashtirish ishlariga jalb etgani uchun maktab direktori, Namangan viloyati Yer-mulk davlat kadastri Toʻraqoʻrgʻon filiali xodimlarini majburan paxta terimiga jalb qilgan Yer-mulk kadastri Toʻraqoʻrgʻon filiali rahbari hamda Jizzax viloyati Paxtakor tumani Pensiya jamgʻarmasi xodimlarini paxta terimi ishlariga majburan jalb etgani uchun jamgʻarma rahbariga nisbatan ham qoʻllanildi.

Shuningdek, paxta terimi paytida terimchilarga yetarli shart-sharoitlar yaratilmagani, terim pullari oʻz vaqtida berilmagani va xodimlarni majburiy tarzda paxta terishga jalb etgani uchun Jizzax viloyatidagi qator mutasaddilar javobgarlikka tortildi.

Jumladan, terimchilar uchun yetarli shart-sharoit yaratmagan va terim pullarini oʻz vaqtida bermagan Sh.Rashidov tumani AT “Xalq banki” boshqaruvchisi, Mirzachoʻl tumani “Qaxramon Rasul Ota” fermer xoʻjaligi rahbariga nisbatan OʻzR MJtKning 49-moddasi 1-qismi bilan eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida jarima tayinlash uchun maʼmuriy bayonnomalar taqdim etildi.

Xodimlarni majburiy ravishda terimga jalb etgani uchun esa Jizzax shahar Obodonlashtirish boshqarmasi rahbari, Paxtakor tumani Moliya boʻlimi boshligʻi, Paxtakor tumani AT “Xalq banki” filiali boshkaruvchisi, Arnasoy tumanidagi Obodonlashtirish boshqarmasi, Suvoqava DUK va Tibbiyot birlashmasi rahbarlari MJtKning 51-moddasi 1-qismiga asosan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.

“Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasida majburiy mehnatning har qanday shakli qonunga xilofdir! Agar Sizni paxta terimi yoki boshqa biror ishga majburlashsa yoki shunday holatga duch kelsangiz, Davlat mehnat inspeksiyasining ishonch tarmoqlariga murojaat qiling!” deyiladi vazirlik xabarida.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?