Mavjud boʻlmagan bino uchun Davlat byudjetidan 836 million soʻm tovon puli toʻlandi

15:55 29 Oktyabr 2019 Jamiyat
234 0

Samarqand shahar hokimligi tomonidan 836 176 000,00 (sakkiz yuz oʻttiz olti million bir yuz yetmish olti ming) soʻm tovon puli (kompensatsiya) mavjud boʻlmagan bino uchun va beasos toʻlanganligi aniqlandi. Ushbu holat boʻyicha rasmiy maʼlumotlarga asoslangan surishtiruv quyida eʼlon qilinadi.

Oxirgi yillarda shaharlardagi buzilishlar boʻyicha juda koʻp xabar hamda yangiliklar eʼlon qilinib borilmoqda va shu bilan birga ushbu buzilishlarni tartibga solish boʻyicha qonunchilikning normativ-huquqiy asosalari ham takomillashtirilmoqda.

Buzilishlar boʻyicha toʻlanayotgan kompensatsiya pullari va ularning toʻlab berish mexanizmlari amalda kanday ishlayotganligini tekshirish maqsadida Samarqand shahri Amir Termur koʻchasi 14-uyda joylashgan oddiy bir qavatli bino misolida oʻrganishga harakat qildik. Aytib oʻtilgan hujjatlar nusxalari maqola oxirida ilova sifatida koʻrsatilgan.

Samarqand shahar hokimligining 2018-yil 2-maydagi №823-Q sonli qaroriga asosan (hujjat №1) Samarqand Davlat Tibbiyot Institutining 800 oʻrinli yangi oʻquv binosi qurilishi rejalashtirilgan hududdagi 15ta turar-joy va noturar obyektlarning buzililishi rejalashtirilgan.

Ushbu 15ta buzilishga tushgan obyektlarning ichida biz koʻrsatgan Amir Termur koʻchasi 14 manzilidagi bino ham bor. Yuqoridagi hokim qarorining 1-ilovasidagi 4-chi tartib raqamidagi qatorda Amir Termur koʻchasi 14-uy noturar “Ofis” sifatida Samarqand shahar hokimining 05.08.2016-yildagi №1122-Q-qaroriga asosan fuqaro D.I.ga tegishliligi koʻrsatilgan (hujjat №2).

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya Vazirligi Samarqand shahri boʻyicha gʻaznachilik boʻlinmasining maʼlumotiga asosan Samarqand shahar hokimligining 2019-yil 12-iyuldagi №570500728 sonli toʻlov topshiriqnomasiga asosan Amir Termur koʻchasi 14-uy egasi fuqaro D.I.ning omonat hisob raqamiga “UY JOY UCHUN” 836 176 000,00 (sakkiz yuz oʻttiz olti million bir yuz yetmish olti ming) soʻm tovon puli koʻchirib berilganligi bildirilgan (hujjat №3).

Hokim karorida “OFIS” deb koʻrsatilgan noturar bino (xujjat №2) toʻlov topshiriqnomasida nimagadir “UY JOY” deb koʻrsatilganligini shubha sifatida qabul qildik va ushbu holatni batafsil oʻrganishga harakat qildik.

Birinchi navbatda tovon pulini koʻchirib berilishiga asos boʻlgan mustaqil baholovchi tashkilotning baholash hisobotini olishga harakat qildik. Mustaqil baholovchi tashkilot – MCHJ “SAMARKAND IDEAL SERVIS” fuqaro D.I.ga tegishli Amir Termur koʻchasi 14dagi “UY JOY” binosini baholaganini tasdiqladi, ammo nomaʼlum sabablarga koʻra ushbu baholash hisobotidan nusxa taqdim eta olmasligini bildirdi (hujjat №4).

Shundan soʻng, tovon puli toʻlash uchun zarur boʻlgan ikkinchi asosiy hujjat - buzishga masʼul – shahar hokimik komissiyasi va mulk egasi fuqaro D.I. ishtirokidagi DALOLATNOMAni oʻrganishga harakat qildik. Samarqand shahar hokimi oʻrinbosari R.Olimov tomonidan imzo qoʻyilgan xatga asosan “Fuqaro D.I.ga tegishli boʻlgan A.Temur kuchasi 14-uy boʻyicha 08.07.2019-yilda tuzilgan Dalolatnoma shahar hokimligi hujjatlar saqlash arxivida mavjud emas” (hujjat №5).

800 million soʻmdan ortiq tovon puli toʻlashga asos boʻlgan dalolatnoma nusxasi faqat bitta shahar hokimligida turmasligi aniq va ushbu hujjatning hokimlik tomonidan yashirilishi esa mavjud muammoni xaspoʻshlashga urinishdan boshqa narsa emas. Hokimlik yashirayotgan dalolatnoma nusxasini ham olishga muvaffaq boʻldik. Ushbu 08.07.2019-yilda tuzilgan Dalolatnomada Samarqand shahar hokimligining 823-K sonli qaroriga asosan (hujjat №1) Amir Termur koʻchasi 14-manzilda joylashgan Samarqand shahar hokimligining 30.09.2014-yildagi №1649-Q-sonli qarori bilan fuqaro D.I.ga tegishli 4 ta yashash xonasi, oshxona, 3ta daxliz, hammom, hojatxona va yertoʻladan iborat “UY-JOY” koʻrsatilgan (hujjat №6).

Samarqand shahar xokimligi va mustaqil baholovchi MCHJ “SAMARKAND IDEAL SERVIS” tomonidan “UY-JOY” ligi iddao qilinayotgan Amir Termur koʻchasi 14-manzildagi bino nima sababdan buzilish boʻyicha shahar hokimligining 823-Q-sonli qarorida noturar “OFIS” (hujjat №2) deb yuritilganligini tekshirishga harakat qildik va bu holat bizni juda hayratlantirdi.

Haqiqatdan ham Samarqand shahar hokimligining 30.09.2014-yildagi №1649-Q-sonli qarori bilan Amir Termur koʻchasi 14-manzildagi bino turar “UY-JOY” sifatida fuqaro D.I.ga tegishliligi koʻrsatilgan (hujjat №7). Lekin, oradan ikki yil oʻtib Samarqand shahar hokimligining 05.08.2016-yildagi №1122-Q-sonli qaroriga asosan Amir Termur koʻchasi 14-manzildagi UY-JOY noturar joy toifasi (“Ofis”)ga oʻtqazilgan va shuning uchun shahar hokimining №823 qarori 1-ilovasidagi buzilishga tushgan obyektlarning roʻyxatida Amir Termur koʻchasi 14-uy hokimlik oxirgi qaroriga asosan noturar “Ofis” sifatida rasmiylaytirilgan (hujjat №8).

Bu degani, Samarqand shahar qokimligi 05.08.2016-yilda oʻz kuchini yuqotgan 30.09.2014-yildagi №1649-Q-sonli qarorga yaʼne yoʻq qaror va yoʻq “uy-joy” binosi uchun 836 176 000,00 (sakkiz yuz oʻttiz olti million bir yuz yetmish olti ming) soʻm tovon puli (kompensatsiya) toʻlagan.

Lekin bu hali hammasi emas. “Nima uchun mavjud qarorga asosan «Ofis” uchun emas, balki oʻz kuchini yuqotgan qaror bilan yoʻq “Uy-joy” uchun tovon puli toʻlangan?» - degan oʻrinli savol paydo boʻldi. Bu savolga javob bizni surishtiruvimizning qaynash nuqtasiga olib keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 29.05.2006-yildagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qoʻyilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 4-bandiga asosan “Tumanlar (shaharlar) hokimlari tomonidan yer uchastkasi olib qoʻyilishi va yer uchastkasida joylashgan uylar, ishlab chiqarish imoratlari va boshqa imoratlar, inshootlarni buzish va dov-daraxtlarni koʻchirish toʻgʻrisidagi qarori qabul qilingandan keyin yuqorida koʻrsatib oʻtilgan uylar (kvartiralar), imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar BOSHQA SHAXSLARGA BERILISHI MUMKIN EMAS” deb koʻrsatilgan. Ushbu Nizomga asosan Amir Termur koʻchasi 14-uy ham Samarqand shahar hokimligining 2018-yil 2-maydagi №823-Q-sonli bino va inshootlarni buzish toʻgʻrisidagi qaroridan soʻng (hujjat №1) boshqa shaxslarga berilishi (sotilishi yoki hadya etilishi) taʼqiqlangan. Umuman olganda Amir Termur koʻchasi 14-uyning sotilishiga taʼqiq 2016-yil iyundan mavjud boʻlgan (hujjat №9).

Taʼqiqlar faqat oddiy odamlar uchun qabul qilganligi kabi Amir Termur koʻchasi 14-uydagi “Ofis” buzilishga tushganligi va sotishiga taʼqiq borligiga qaramasdan 01.08.2018-yilgi oldi-sotdi shartnomaga asosan fuqaro D.I. tomonidan boshka bir fuqaro U.F.ga sotilgan. Binoning yangi egasiga Davlat kadastr xizmati tomonidan «Bino, inshootlar va koʻp yillik daraxtlarga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtqazilganligi toʻgʻrisida №SA0151401-sonli guvohnoma (hujjat №10) va «Yer uchastkasiga boʻlgan huquqning davlat roʻyxatidan oʻtqazilganligi toʻgʻrisida №SA0050022-sonli guvohnoma (hujjat №11) hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Taʼqiqdagi binoning boshqa shaxsga noqonuniy rasmiylashtirish natijasida ushbu Amir Termur koʻchasi 14-uydagi binoni Davlat tomonidan ikkinchi marta yangi egasi fuqaro U.F.dan ham sotib olishi shart boʻlib qoldi. Yaʼne, Davlat bitta binoni ikki shaxsdan ikki marta sotib olishi kerak.

Kimdir buzilishga tushgan yoki allaqachon buzib tashlangan shaxsiy mulki uchun tovon puli undirish bilan sarson boʻlgan bir paytda kimdir bitta bino uchun ikki marta tovon puli olayotganiligi achinarli hol albatta.

Holat yuzasidan Davlat byudjetiga masul boʻlgan tashkilotlardan rasmiy munosabat kutib qolamiz.

Mirzo Subxanov

hujjat №1

hujjat №2

hujjat №3

hujjat №4

hujjat №5

hujjat №6

hujjat №7

hujjat №8

hujjat №9

hujjat №10

hujjat №11


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?