Mavsumni uyushqoqlik bilan oʻtkazaylik

10:42 21 Sentyabr 2018 Jamiyat
255 0
Иллюстратив фото

OʻZBЕKISTON FЕRMЕR, DЕHQON XOʻJALIKLARI VA TOMORQA YER EGALARI KЕNGASHINING MUROJAATI

Aziz fermerlar, mirishkor dehqonlar!

Yil davomida paxta yetishtirish boʻyicha qilgan mashaqqatli va sharafli mehnatingiz hisobiga dalalarimizda moʻl hosil yaratildi. Bugun paxtazorlarga boqar ekanmiz, gʻoʻza maydonlarining yashil tusdan oqlikka burkanib, goʻyoki tovlanib, oʻz jozibasi bilan hammamizni dalaga chorlayotganiga guvoh boʻlamiz.

Prezidentimizning “Paxta xom ashyosi va boshoqli don yetishtirishni moliyalashtirish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori siz, mirishkor fermerlarning ishga boʻlgan munosabatingizni tubdan oʻzgartirdi. Xususan, paxta xarid narxlari oʻtgan yillardagiga nisbatan qariyb ikki barobar oshirilishi, ushbu mahsulotlarni yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklarining xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar, byudjet va davlat maqsadli jamgʻarmalari oldidagi qarzlarini toʻlash muddati hisoblangan penya va jarimalar hisobdan chiqarilgani holda, 3 yil muddatga uzaytirilishi iqtisodiy manfaatdorlikni yanada yuksaltiradi.

Davlatimiz rahbarining biz, fermerlarga beqiyos gʻamxoʻrligi, kamtarona mehnatimizga yuksak eʼtibori qalbimizga olam-olam quvonch bagʻishlashi bilan birga, zimmamizga ulkan masʼuliyat ham yuklashini unutmasligimiz lozim!

Sizu bizning vazifamiz esa ana shu tigʻiz mavsumda butun mehrimizni dalamizga berib, har bir chanoqdagi paxtani nest-nobud qilmasdan terib olishdir. Buning uchun quyidagilarga jiddiy eʼtibor qaratish zarur:

birinchidan, yaratilgan hosilni uvol qilmasdan, yogʻin-sochinli kunlarga qoldirmasdan terib olish olish uchun uyushqoqlik bilan barcha ishchilaringizni paxta terimiga toʻliq safarbar qiling;

ikkinchidan, terimchilar va hasharchilarga dalada paxta terishi uchun barcha shart-sharoitni yaratib bering;

uchinchidan, terimchilarning paxtani toza hamda bir chanoq qilmasdan terishiga eʼtibor qaratib, buning natijasida hosildorlikni 5 — 7 sentnerga oshirishga erishing;

toʻrtinchidan, 18 yoshga toʻlmagan yoshlarni terimga jalb qilmang, majburiy mehnatga yoʻl qoʻymang;

beshinchidan, terimchilarning terim puli oʻz vaqtida berilishini tashkil eting.

Himmati baland mirishkor fermerlar!

Zimmamizga olgan majburiyatni bajarishimiz shart ekanini doimo yodda saqlang. Xirmonga toʻkiladigan har misqol paxta ushbu ezgu maqsad yoʻlida tashlangan muhim qadamdir.

Bu yil shartnomadan ortiqcha topshirgan har bir kilogramm paxta uchun qoʻshimcha 15 foiz ustama haq olishingizni unutmang!

2019 yildan boshlab Oʻzbekistonning paxtasi, oʻzbek diyorida toʻliq qayta ishlanishi davlatimiz iqtisodiyotida, xalqimiz farovonligida qanchalik oʻrin tutishini yurakdan his etaylik. Zero, shu muqaddaszaminda tugʻilib, oʻzini shu yurt fuqarosi deb bilguvchi har bir inson davlati, xalqi, uni ne-ne umidlar bilan tarbiyalab, voyaga yetkazgan jamiyat oldidagi farzandlik burchini ado etishi kerak.

Hurmatli yurtdoshlar!

18 yoshga toʻlganmisiz? Vaqtincha ishsizmisiz? Yoki asosiy ish vaqtingizdan tashqari boʻsh vaqtingiz bormi? Unda qoʻshimcha daromad olish uchun ayni fursatni qoʻldan boy bermang. Bugun minglab koʻngilli fuqarolarimiz kabi siz ham paxta yigʻim-terimida qatnashish uchun oʻzingiz istiqomat qilayotgan hududdagi Bandlikka koʻmaklashish markazlari hamda tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari kengashiga murojaat qilib, tashkil etilgan otryadlarga qoʻshiling!

Bu yilgi paxta yigʻim-terimi mavsumida qatnashish istagidagi yurtdoshlarimizning soni soat sayin koʻpaymoqda. Siz ham ular safida boʻling.

Qadrli yurtdoshlar!

Prezidentimiz tashabbusiga koʻra, bu yil terimchilar bilan paxta maydonining oʻzida kunlik yoki har besh kunlik hisob-kitob qilinishi dala mehnatkashlari uchun yaratib berilgan qulayliklardan biridir.

Paxta xom ashyosining koʻlda terilgan bir kilogrammi uchun birinchi bosqich — kontraktatsiya shartnomasi majburiyati 60 foizgacha bajarilgunga qadar 650 soʻm, ikkinchi bosqich — 60 foizdan 80 foizgacha 850 soʻm, uchinchi bosqich — 80 foizdan ortganda 1000 soʻmdan haq toʻlanadi. Bu borada Vazirlar Mahkamasining yaqinda qabul qilingan tegishli qarorida aniq vazifalar belgilab berilgan.

Terimga jalb qilinadigan sizdek hasharchilar uchun shiyponlar va yotoqxonalar hozirlanib, ularda zarur shart-sharoitlar yaratildi. Chunki bu yil bir kunlik hasharchilarni dalama-dala olib borib kelishga yoʻl qoʻyilmaydi. Ular belgilangan yotoqxonalarda yotib, terimda ishtirok etadilar.

Joriy yilgi paxta yigʻim-terim mavsumida yangi tizim yaratildi. Uyushmagan, vaqtincha band boʻlmagan va oʻz xohishi bilan paxta terishga chogʻlangan, mehnatga layoqatli mahalladosh va qishloqdoshlarimizning 80 — 100 nafarini birlashtirib, otryad shaklida terimni tashkil etgan faol fuqarolar mehnati munosib ragʻbatlantiriladi.

Joriy yilgi otryadlarni shakllantirish tizimi ham mavsumni muvaffaqiyatli tugallash imkoniyatini beradi, degan umiddamiz.

Mavsum davomida tuman Bandlikka koʻmaklashish markazlari tomonidan 80 tonna paxta tergan otryad rahbarlariga 1 million soʻmdan, 80 tonnadan oshgan har bir tonnasiga 50 ming soʻmdan mehnat haqi toʻlanib,tuman fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi oʻrtasidagi shartnoma asosida vaqtincha bandligi taʼminlanadi.

Otryad rahbarlarini tanlashda fidoyi, tajribali, qishloq xoʻjaligi sohasini yaxshi tushunadigan, vijdonli hamda ortidan odamlarni ergashtira oladigan faol fuqarolar tarkibini shakllantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Aziz nuroniylar, faxriylar, mahalla faollari!

Xalqimizda keksalarni hurmat qilish, oʻgitlariga amal qilish, ular boshlagan ishni davom ettirish qon-qonimizga singib, milliy qadriyatga aylangan. Shunday ekan, bugun sizlarning har bir harakatingiz, qimmatli maslahatingiz, duolaringiz, tashabbuskorligingiz bizga kuch-quvvat bagʻishlaydi. Chunki oʻzbek xalqi azaldan mehr-oqibatliligi, mehnatkashligi, bunyodkorligi, oriyatli va fidoyiligi bilan tanilgan.

Yetishtirilgan paxtani qisqa muddatlarda yigʻishtirib olishdek masʼuliyatli mavsumda bilagida kuchi, belida quvvati bor, vaqtincha ishsiz har bir fuqaro faol qatnashishini targʻib qilamiz.

Aziz mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari va faollari!

Yurtboshimiz qishloq va mahallalarni obod qilishga, ularning obroʻ-eʼtibori hamda nufuzini oshirishga alohida ahamiyat qaratmoqda. Mamlakatimizda 2018 yilning oʻzida 200 dan ziyod qishloqlar “Obod qishloq” dasturiga kiritilgan, ularning obod va koʻrkam qiyofa kasb etishi uchun qancha mablagʻ zarur boʻlsa, davlatimiz tomonidan shunchaajratilmoqda.

Yurtboshimizning gʻamxoʻrligiga javoban, sizlar mehnatga layoqatli mahalla ahlining terimda uyushqoqligini taʼminlashda alohida jonbozlik koʻrsatishingizga ishonamiz.

Qishloqda fermerlar mulkchilikning yangi shakli sifatida mustahkam oʻrin egallayotir. Bugun ular bilan hamnafas, hamqadam dehqonchilikka bosh-qosh boʻlishingizning ahamiyati juda kattadir.

Ushbu murojaatnomaning mohiyati va ahamiyatini tushuntirishda sizning boy hayotiy tajriba va tashkilotchilik qobiliyatingiz borligini yaxshi bilamiz. Shuning uchun ham sizlar ana shu salohiyatingizni ishga solib, oʻzgaruvchan ob-havo sharoitida terimchilarni, ayniqsa, ixtiyoriy terimchilarni yigʻim-terimga jalb etishda barchamizga hamkor, hamfikr va yelkadosh boʻlasiz, degan umiddamiz.

Qadrli yurtdoshlar!

Paxta yigʻim-terimi mavsumida shunday ishchan va koʻtarinki kayfiyat uygʻota olaylikki, toki har bir yurtdoshimiz astoydil, chin dildan jonbozlik koʻrsatsin. Paxtakor fermerlar zimmasidagi yukni koʻtarishga kamarbasta boʻlish, ularning mashaqqatli mehnati evaziga yaratilgan muhim sanoat xom ashyosini sifatli yigʻishtirib olish orqali dehqonning zafaridan faxrlanish, gʻururlanish hissi yuragingizda joʻsh ursin!

Barchangizni mavsumda faol ishtirok etib, iqtisodiyotimizni yuksaltirish, ona yurtimizning yanada koʻrkam va obodligi uchun munosib hissa qoʻshish, paxta yigʻim-terimida jasorat koʻrsatishga daʼvat etamiz!

OʻZBЕKISTONFЕRMЕR, DЕHQON XOʻJALIKLARI VA TOMORQA YER EGALARI KЕNGASHI.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?