Mavlon UMURZOQOV: Bu kunlarga yetganlar bor...

14:48 29 Aprel 2020 Jamiyat
485 0

Har bir rahbar xodimning obroʻ-eʼtibori va mavqei, eng avvalo, uning el-yurt ravnaqi yoʻlidagi mehnati bilan belgilanadi. Shukrki, mamlakatimizda bunday insonlar safi keng.

Xususan, mohir siyosatchi, suv xoʻjaligi boʻyicha Markaziy Osiyoda yetuk mutaxassis, oʻta talabchan, tashabbuskor va tashkilotchi rahbar Ismoil Hakimovich Joʻrabekovni nafaqat Oʻzbekistonda, balki qoʻshni davlatlarda ham yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. U faoliyatini Usmon Yusupov davridan boshlab, Sharof Rashidovday donishmand va bunyodkor inson rahbarligida ishladi, mamlakatning martabali lavozimlarida mehnat qildi. Shuningdek, Inomjon Usmonxoʻjayev, Rafiq Nishonov, Islom Karimovlar mamlakatni boshqargan oʻta ziddiyatli davrlarda ham Ismoil Hakimovich davlat boshqaruvining muhim boʻgʻinlarida faoliyat koʻrsatib, el-yurt koriga yaragan insonlardan boʻlib qoldi.

Ismoil Hakimovichni 1985-yildan beri bilaman. U kishi respublikaning barcha viloyatlari, shaharu tumanlari, qishlogʻu mahallalarini bir necha martalab aylanib chiqqan. Qayerga bormasin, Ismoil Hakimovich nafaqat tuman rahbarlari, hatto kolxoz-sovxozlar raislari va brigada boshliqlarini ham ismi-sharifini aytib chaqirardi. Bunday yaqinlik oʻz-oʻzidan paydo boʻlmaydi, albatta.

Oʻzbekiston agrar sohaga ixtisoslashgan respublika hisoblanardi. Qishloq xoʻjaligining taraqqiyoti bevosita irrigatsiya va melioratsiya sohasining nechogʻlik rivojlangani bilan belgilanadi. Umrini, joʻshqin faoliyati va bor salohiyatini suv xoʻjaligi rivojiga bagʻishlagan inson sifatida Ismoil Hakimovich kun tartibidagi masalalarni kabinetda oʻtirib hal qilib boʻlmasligini yaxshi tushunar edi. Shuning uchun u mamlakatni kadamma-qadam kezib chiqadi. Dehqonlar, oddiy suvchilar va miroblar bilan yaqindan suhbatlashadi. Ularning oʻy-tashvishlariga quloq tutadi, mavjud muammolarni bartaraf etishga doir mulohazalarini oʻrtoqlashadi. Bu, oʻz navbatida, soha rivojiga xizmat qiladigan xalqchil qarorlar va loyihalar qabul qilinishiga xizmat qiladi. Bu bilan cheklanib qolmasdan, Ismoil Hakimovich shu qaror va loyiha izidan borib, uni amalga oshirishda bevosita ishtirok etadi, kamchiliklari boʻlsa, tuzatadi, ijrochilarga yordam beradi. Dehqonning kamtar dasturxonida taomlanib, choʻponning oq shoʻrvasidan ichib ketaveradi.

Shu tariqa vazir, Bosh vazir oʻrinbosari, Prezidentning Davlat maslahatchisi mavqeida turib ham qishloq ahlining “oʻz odami”ga aylanib qolgan edi.

Halqimizda shunday hikmatli gap bor: “Baʼzan bir doʻstingning qalbiga qanchalik kirib borsang, sen uni shunchalik yoʻqota borasan. Va aksincha, doʻstingning (hatto dushmaningning) qalbiga qanchalik yaqin boʻlaversang, uning oʻzi bilan qalban yaqin boʻlib boraverasan”. Ismoil Hakimovich shunday odamki, u kishi bilan suhbatlashganingiz sari toʻgʻri soʻzligi, samimiyati, el-yurt uchun jonini ham fido qilishga tayyor inson ekanligi sizni ohanraboday oʻziga tortib oladi, hurmatingiz oshadi, eʼzozlaysiz.
 

Sharof Rashidovning sodiq shogirdi

Ismoil Hakimovich deyarli chorak asr respublikamizni boshqargan Sharof Rashidov davrida xalqchil rahbar sifatida shakllanibgina qolmay, bu inson tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan bunyodkorlik ishlarining bevosita va bilvosita ishtirokchilaridan biri edi. Toʻgʻri, u paytlarda Sharof Rashidov bilan birga ishlagan, uning gʻamxoʻrligidan bahramand boʻlganlar respublikamizda koʻplab topilar edi. Lekin Ismoil akaning har qanday sharoitda ham ustozi va safdoshiga ayricha sadoqati, chuqur hurmati va eʼtiqodi bizni doim hayratga solgan. Sharof Rashidov haqida gap ketganda,oʻz ustozi haqida soatlab zavq-shavq bilan soʻzlab charchamas edi. Vaholanki, oʻsha yillarda Rashidov haqida soʻz aytishning oʻzi “gunohlarning gunohi” boʻlgan.

“Sharof Rashidov yoʻlboshchilik qilgan yillarni Oʻzbekistonning gullab-yashnayotgan davri, deb hisoblayman, — degan edi Ismoil Hakimovich. — Oʻsha davrda respublika iqtisodiyotini har tomonlama rivojlantirish, xalqning ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va madaniyatini yuksaltirish oʻz-oʻzidan amalga oshmagan. Uning zamirida katta kurashlar, Moskovdagi sobiq markazning korchalon rahbarlari bilan til topishish, hatto bir tonna sement undirish yoki bitta ariq kovlash uchun ularning roziligini olish oson ish emas edi. Bunday va bunga oʻxshash boshqa turli ehtiyojlar zaruriyatini isbotlash uchun yurt ogʻasining asablari qancha chiyralgani-yu, qancha sogʻligʻidan ayrilganini bir tasavvur eting!“

Ulugʻ siymolarning ezgu ishlari xalq xotirasida abadiy yashaydi. Sharof Rashidov butun kuch-gʻayrati, aql-zakovatini Oʻzbekistonning yorqin kelajagi uchun sarflagan ana shunday nazarkarda inson edi. Mamlakat xalq hoʻjaligining hamma tarmoqlari uning bevosita nazoratida boʻlardi. 1984-yilga kelib yalpi ijtimoiy mahsulot va milliy daromad 1960-yilga nisbatan toʻrt barobar, ishlab chiqarish asosiy fondlari esa 10,3 barobarga oshdi. Ijtimoiy soha, fan, madaniyat, sogʻliqni saqlash va boshqa sohalarda erishilgan yutuqlar nafaqat halqimiz, balki chet elliklarning ham eʼtirof va olqishlariga sazovor boʻldi. Afsuski, Sharof Rashidov vafotidan soʻng markazda ham, yurtimizda ham “oʻlding –oʻchding” qabilidagi tushuniksiz siyosiy qarashlar koʻpchib qoldi.
 

“Sizni ado qildi toʻralaringiz...”

1983-yil 23-dekabrda Sharof Rashidov nomini abadiylashtirish boʻyicha Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti va Ministrlar Sovetining qarorini maʼqullagan holda KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining qarori qabul qilinadi. Biroq koʻp oʻtmay, Oʻzbekiston boʻylab Sharof Rashidovning pok nomini qoralash boʻyicha KPSS Markaziy Komiteti apparati va rahbariyati tashabbusi bilan aqlbovar qilmaydigan kampaniya boshlanadi. Alal-oqibat Oʻzbekiston Kompartiyasining XXI syezdida sobiq Markazdagi qora kuchlar oʻz maqsadiga erishadilar: syezd Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetiga Sh. Rashidov xotirasini abadiylashtirish haqidagi qarorni qayta koʻrib chiqish boʻyicha takliflar yuzasidan KPSS Markaziy Komitetiga murojaat bilan chiqish vazifasini yuklaydi. Bu murojaat talablari shoshilinch ravishda, hatto syezd delegatlari uylariga yetmasdanoq bajariladi.

KPSS MK va SSSR Ministrlar Soveti 1986-yil 22-may qarori bilan “Sh.R. Rashidov xotirasini abadiylashtirish boʻyicha” 1983-yil 23-dekabrda qabul qilgan qarorini bekor qildi. Bu hujjatga asosan Oʻzbekiston Kompartiyasi MK va Oʻz.SSR Ministrlar Soveti 1986-yil 4-iyulda oʻzining sharmandali qarorini qabul qiladi.

Prezident Islom Karimov Sharof Rashidov xotirasini abadiylashtirish va uni bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorlarni oʻrganib, xulosa berish yuzasidan topshiriq bergani uchun safarlardan birida Ismoil Hakimovichdan soʻradim:

— Birinchi qarorni bekor qilish toʻgʻrisidagi ikkinchi aksil qarorda sizning imzongizni koʻrmadim?

— Toʻgʻri eʼtibor qilibsiz, — degan edi Ismoil aka oʻshanda. — Men bu qarorga imzo qoʻymaganman, qoʻymas ham edim. Menga oʻzimizdagi ayrim rahbarlar imzo qoʻyishimni aytishdi, rozilik bermadim. Hatto KPSS Markaziy Komitetidan kelgan masʼul xodimlar, imzo qoʻymasangiz, lavozimingizdan ketishingiz mumkin, deb poʻpisa qilishdi. “Ishdan ketishga tayyorman, biroq vijdonimga qarshi bormayman, millat shaʼnini toptashga yoʻnaltirilgan bu qarorga qarshiman”, — deb loyihani qoʻlimga ham olmadim. Bu hujjatga ham oʻsha subutsiz rahbarlar, Sharof Rashidov bilan birga ishlagan “sodiq” shogirdlari va “yaqinlari” imzo chekkan edilar...

Oʻsha kunlarning siyosiy ruhini isteʼdodli shoir Muhammad Yusuf topib sheʼrga solgan edi:

Sizni alqaganlar bir halq, bir dengiz,

Sizni qargʻaganlar – joʻralaringiz.

Sizni ado qildi toʻralaringiz,

Bizdan rozi boʻling, ruhi notinch zot.

Qaror loyihasiga Ismoil Hakimovich imzo chekmagach, sobiq Markazda qanday boʻlsa-da uni lavozimidan boʻshatish, hatto jinoiy javobgarlikka tortish fikri ham yoʻq emas edi. Respublika va oʻzbek xalqi oʻsha yillarda ogʻir ahvolga tushgan edi. Bir tomondan Markaz respublikani tobora oʻz iskanjasiga olmoqda, ikkinchi tomondan esa Oʻzbekiston ichidagi ziddiyatli holat, ola-tasir kurashlar, sotqinlik, ikkiyuzlamachilik, ayniqsa, rahbarlar orasida tobora kuchaymoqda edi. Markazdan kelgan “desantchi”larning asosiy maqsadi “tartib oʻrnatish” shiori ostida oʻzbek xalqining milliy gʻururini sindirish, elni qirgʻinbarot tuzoqlarga oson tushuvchi olamonga aylantirish boʻlgan. Oʻsha paytda Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining 5 kotibidan 3 kishi, 13 ta viloyat partiya komiteti birinchi kotiblaridan 9 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan edi.
 

Saparmurot Niyozov qanday lavozim taklif qilgandi?

Ismoil Hakimovich Moskovning yugurdaklari bilan oʻzi oʻrtasida boʻladigan muqarrar kurashni yaxshi his etardi. Chunki uning ustida ham qora bulutlar paydo boʻlmoqda edi.

Aynan oʻsha kezlarda Turkmaniston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Saparmurot Niyozovning Ismoil Hakimovichga qilgan gʻamxoʻrligi alohida eʼtiborga molik boʻlgan.

— Delegat sifatida KPSS ning XXIV syezdida ishtirok etayotgan edim, — deb xotirlaydi Ismoil Hakimovich. — Tanaffus paytida S.Niyozov bilan koʻrishib qoldik. Ikki qoʻshni respublikalarning Amudaryo suvidan birgalikda foydalanishga bagʻishlangan tadbirlarda koʻp uchrashganimiz uchun meni yaxshi tanir edi. “Kechqurun uchrashaylik, xonamga keling”, dedi xayrlashayotganimizda. “Rossiya” mehmonxonasiga qoʻngan edik. Shu kuni majlisdan soʻng S.Niyozovning xonasiga bordim. Ikkimiz dasturxon atrofida ancha suhbat qildik.

— Eshitdim. Sizni jinoiy ishga tortishmoqchi. Mening yordamim shunday: sizga Turkmaniston Ministrlar Sovetining birinchi oʻrinbosari lavozimini taklif qilmoqchiman. Bir yil ichida SSSR Oliy Soveti deputatligiga nomzodingizni qoʻyamiz, — dedi S. Niyozov.

Bu taklifni oʻylab koʻrishimga vaqt berishini iltimos qildim. Toshkentga kelganimdan keyin S.Niyozovning taklifi ustida uzoq oʻyladim. Atrofimdagi muhit kun sayin chigallashib borayotgan edi. Prokuraturaga soʻroqqa chaqirish doimiy tusga kirayotgan, toʻqilgan ayblovni boʻynimga qoʻyishmoqchi boʻlishardi. Shu kunlarda kutilmagan voqea yuz berdi: janob R.Nishonovni Moskvaga ishga olishdi. SSSRning taqdiri ham oʻsha kezlarda hal boʻlish — tarqalish arafasiga kelib qolgandi.

1989-yil iyul oyining oxirlarida Oʻzbekiston Respublikasi Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari lavozimiga Islom Abdugʻaniyevich Karimov saylanadi. Markazdan yuborilgan prokuratura xodimlari Ittifoqning parchalanishi arafasida ekanligini sezib tezlik bilan Oʻzbekistonni tark eta boshladi. Voqealar rivojini tahlil qilib, Oʻzbekistondan –— oʻz yurtimdan ketmaslikka qaror qildim. Soʻng bu haqida S.Niyozov bilan telefonlashdik.

“Hozirgi sharoitda Islom Karimovga sizday salohiyatli kadr juda zarur”, deb u kishi mening fikrimni maʼqulladi.

Jizzaxda oʻtgan yubiley

Islom Karimov Oʻzbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi sekretari etib saylangandanoq “Paxta ishi” boʻyicha aybsiz qamalgan yurtdoshlarimizni ozod qilish masalasini oʻz oldiga maqsad qilib qoʻyadi. KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Bosh Prokuraturasining eʼtirozlariga qaramasdan, obroʻli kishilar, faollar, keng jamoatchilik va SSSR halq deputatlari guruhining talabiga asosan Respublika Oliy sudi va Bosh prokuraturasi xodimlaridan iborat komissiya tuzish haqida Oʻzbekiston Kompartiyasi Markazqoʻmi byurosining qarori qabul qilinib, I.Joʻrabekov mazkur komissiyaning raisi, A.Polvonzoda unga oʻrinbosar etib tayinlanadi. Ismoil Hakimovich rahbarlik qilgan bu komissiya aʼzolarining tinimsiz mehnatlari tufayli nohaq qamalgan minglab yurtdoshlarimiz oʻz oilalari bagʻriga qaytishdi.

Islom Karimov Prezidentligi yillarida mamlakatimiz mustaqillikka erishdi va juda koʻp ijobiy oʻzgarishlarni roʻyobga chiqarish nasib etdi. Necha ming yillar davomida shakllangan milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimiz tiklandi. Yurtimizda yashab oʻtgan dunyoga mashhur allomalarimizning pok nomlari ulugʻlanib, qadamjolari obod etildi. Ular qatorida xalqimizning fidoyi farzandi Sharof Rashidov xotirasining abadiylashtirilishi maʼnaviy hayotimizda muhim voqea sifatida eʼtirof etiladi.

1992-yilda Prezident qaroriga asosan, Sharof Rashidov tavalludining 75 yilligini nishonlash komissiyasi tuzilib, Ismoil Joʻrabekov unga rais etib tayinlandi. 1992-yil noyabr oyida Jizzax shahrida yubileyi koʻtarinki ruhda oʻtdi. Qoʻshni respublikalarning sobiq rahbarlari D.Kunayev, T.Usubaliyev, I.Jabborov, M.Gʻafurovlar bu anjumanda ishtirok etdi va nutq soʻzladi.

Shubhasiz, bu anjumanning yuksak darajada oʻtishida komissiya raisi I.Joʻrabekovning mehnati va saʼy-harakatlari katta boʻldi.

“Namangan voqealari“ — aslida nima boʻlgan edi?

1991-yil dekabr oyining birinchi dekadasida sodir etilgan “Namangan voqealari“ nafaqat ushbu viloyat yoki Fargʻona vodiysi ahlini, balki sogʻlom fikrlaydigan har bir oʻzbekistonlik qalbini larzaga solgan edi. Oʻshanda, 1991-yil 8-dekabrda I.Karimov Prezidentlikka nomzod sifatida Namangan viloyati saylovchilari bilan uchrashuvga boradi. Bir kun oldin Oʻzbekiston Prezidentining Tashkiliy-kadrlar siyosati boʻyicha Davlat maslahatchi sifatida I.Joʻrabekov bilan bu tadbirga tayyorgarlik koʻrish uchun Namanganga samolyotda uchib borgan edik. Xalq deputatlari Namangan viloyati Kengashi raisi B.Hakimov chet el safarida edi. Shuning uchun uning birinchi muovini S.Toshpoʻlatov va shahar soveti raisi F.Qutbidinov bizga hamrohlik qildi. 8-dekabr tushdan keyin viloyat hokimligi majlislar zalida Prezident shahar va tumanlar vakillari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Nomzodni qoʻllab-quvvatlash uchun boʻlgan muzokaralarda oʻnga yaqin vakillar soʻzga chiqdi. Muzokarada “Mingchinor“ mahallasi raisi T.Abdullayev minbarda nutq soʻzlayotgan paytda insult oldi. Sogʻliqni saqlash vaziri Sh.Karimov notiqning ahvolini sezib, minbardan qulayotgan joyida uni ushlab qoldi va birinchi yordamni koʻrsata boshladi.

Mamlakat bosh shifokori hamrohligida bemor viloyat shifoxonasiga yotqizildi. Lekin oʻsha kuniyoq vaziyat keskinlashib, shahar markazi va viloyat partiya qoʻmitasi binosi oldida odamlar toʻplana boshlagan edi. Uchrashuv tugagandan keyin Prezident va boshqa mutasaddilar Toshkentga qaytishdi. I.Joʻrabekov poytaxtga kelgach, Namanganga telefon qiladi. Shaharda notinchliklar boshlangan, mahalla raisi T.Abdullayev olamdan oʻtgan edi.

Ertasi kuni ertalab Prezident, Ismoil Joʻrabekov, muftiy Muhammad Sodiq va kamina Namanganga yetib borganimizda viloyat partiya qoʻmitasi binosi oldida oʻn mingdan ortiq turli yoshdagi odamlar, asosan yoshlar toʻplangan, bino peshtoqiga yashil islom bayrogʻi osilgandi.

Oʻzini “Namangan amiri”, deb eʼlon qilgan Tohir Yoʻldoshev qonuniy hukumatga qarshi odamlarni jihodga chaqirayotgan bir paytda Prezident Islom Karimov bilan izma-iz Ismoil Joʻrabekov va boshqalar olamon ichiga kirib boradi. Vaziyat juda xatarli edi. Tohir Yoʻldoshev olomon nomidan Prezident oldiga Oʻzbekistonni Islom jumhuriyati, deb eʼlon qilish, diniy siyosat asosida davlatni boshqarish kabi oʻndan ortiq Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga toʻgʻri kelmaydigan talablarni qoʻydi.

Islom Karimov bu masalalar vakolatli organlar tomonidan koʻrib chiqilgandan soʻng bir qarorga kelish mumkinligi va ungacha hamkorlikda maslahatlar oʻtkazib turishni taklif etdi.

Shundan soʻng Islom Karimov boshchiligida vafot etgan mahalla qoʻmitasi raisi T.Abdullayevning uyiga fotihaga boriladi. Namangan aeroportida Ismoil Joʻrabekov tinchlik oʻrnatilmaguncha bir muddat shaharda qolish haqida Prezidentdan topshiriq oladi. Bu muddat bir yarim oydan oshishini oʻshanda u bilmagan edi.

Ismoil Hakimovich kunu tun tinim bilmasdi. Goh din ulamolari bilan uchrashish uchun masjidga, goho oʻquv yurtlarga, goho hurmatli oqsoqollarning xonadonlariga borar edi. Muammolarni joyida oʻrganish va faollar bilan yechimini topish, ertangi kun uchun istiqbolli rejalar belgilash va ularni amalga oshirishga sogʻlom kuchlarni safarbar etish doirasida keng qamrovli targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi. Natijada shahardagi ahvol asta-sekin oʻz holiga qayta boshladi. Aqidaparastlar taʼsiriga adashib tushib qolgan yoshlarning katta qismi davlat tomonga oʻta boshlashdi.

Oʻzini “Namangan amiri” deb eʼlon qilgan Tohir Yoʻldoshev, uning sherigi Juma Namangoniy ushbu harakatlarining kelajagi yoʻqligini sezishgandan soʻng xorijga qochishga ulgurishdi. Viloyat va shahar maʼmuriyati xodimlari orasida ham aqidaparastlarning tegirmoniga suv quyib yurgan kimsalar aniqlandi. 1992-yil yanvar oyining boshida (03.01.1992) Prezidentning roziligi bilan viloyat rahbariyati tubdan yangilandi.

Oʻshanda podadan avval chang chiqarmaslik naqliga amal qilinib, Namangan viloyatining boʻlajak rahbari Burgutali Rapigʻaliyev xavfsizlik boshqarmasi idorasiga chaqiriladi: ertalab xonaga qoʻlida katta toʻr xalta, ichida kiyim-kechaklar shekilli, yuzlarida qoʻrquv alomatlari yaqqol koʻrinib turgan holda Burgutali Rapigʻaliyev kirib keladi. Xonadagi tanish chehralarni koʻrib yuziga qon yugura boshlaydi. Ismoil Hakimovich Prezidentning mulohazalarini loʻnda qilib tushuntirgandan soʻng Burgutalining koʻzlarida yosh qalqiy boshladi. Oʻrnidan turib “Xudoga shukur-yey, men bu tashkilot idorasiga chaqirishgani uchun boshqacha fikrga borgan ekanman”, deydi.

Xalq deputatlari Namangan viloyat kengashi sessiyasida Burgutali Rapigʻaliyev yakdillik bilan viloyat rahbari etib saylandi. Shahar rahbarligiga zavod direktori lavozimida ishlayotgan Akmalxon Ikromov nomzodi maʼqullandi. Keyingi yillarda bu ikki rahbar boshchiligida Namangan viloyati va markazida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, mafkuraviy, sanoat, qurilish va boshqa sohalarda keng qamrovli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi.

“Oʻsh fojialari“ga bir oʻq otilmay barham berildi

“Oʻsh fojialari“ni eslar ekanman, uni yana-da kengayib ketmasligi, ikki qardosh halqlarning oʻrtasidagi qirgʻinbarot urushlar, xunrezliklarning oldini olishda Ismoil Hakimovichning yetakchilik irodasi katta rol oʻynaganini eʼtirof etmasdan boʻlmaydi. Oʻsha kunlarda Prezident topshirigʻiga koʻra, Ismoil Joʻrabekov rahbarligida kechayu kunduz qoʻshni Qirgʻiziston bilan chegaradosh hududlarda nazorat oʻrnatiladi.

Prezidentning 1990-yil 8-iyundagi farmoni bilan Andijon shahrida va Oʻsh viloyatiga chegaradosh boʻlgan tumanlarda favqulodda holat joriy etildi. Chunki oʻsha kunlari Qoʻrgʻontepa, Jalaquduq, Hoʻjaobod, Marhamat va boshqa tumanlardan minglab andijonliklar Oʻshda qirgʻin qilinayotgan qarindoshlari uchun qirgʻizlardan oʻch olish niyatida chegaradan oʻtishga chogʻlanib turishgan edi.

— Biz Andijon viloyati rahbarlari va maʼmuriy organlar vakillari bilan Oʻzbekiston — Qirgʻiziston” chegarasining oʻrtasidamiz, — deb eslaydi Ismoil Hakimovich. — Olamon ichidan “ularni urib boʻlsa ham chegaradan oʻtamiz” degan hayqiriqlar kelardi. Bizni urganlar ham, soʻkkanlar ham boʻldi. Nima deya olasiz! Ular gʻazabda, axir Oʻshda ularning qarindosh-urugʻlari oʻldirilyapti, azoblanyapti... Kechga yaqin arang olomon bilan til topishdik. Ustimga qarasam, kostyumim yirtilgan, koʻylagimning tugmalari yoʻq. Lekin ich-ichimdan xursand edim: otishma boʻlmadi, oʻlim boʻlmadi. Oʻsha paytda vaziyatni chetroqda kuzatib turgan harbiylarga, qurolni aslo ishlatmaysizlar, deb buyruq berib toʻgʻri qilgan ekanman.

“Oʻsh fojialari“ oʻz-oʻzidan paydo boʻlgani yoʻq. Moskovdagilar bu voqealarda juda yaxshi xabardor boʻlib tursalar-da, ataydan yordam koʻrsatishga taysallashgan edi. Oʻrta Osiyo davlatlari va xalqlari oʻrtasidagi qonli toʻqnashuvlar, millatlararo xunrezliklar yana-da kuchayishidan Markaz goʻyo manfaatdordek koʻrinardi. Shunday ham boʻldi.

— Haqiqiy qahramon, — degan edi belorussiyalik yozuvchi, Nobel mukofoti sovrindori Svetlana Alekseyevich. — Bu boshqa birovni nishonga olib otmaydigan kishidir. Shu maʼnoda, Ismoil Joʻrabekovning Oʻsh — Oʻzgan voqealarining haqiqiy qahramoni deyish mumkin edi.

Zoye ketgan olamshumul loyiha

Ismoil Hakimovichning hayoti va faoliyatidagi ogʻriqli nuqtalardan biri doimo Orol masalasi boʻlib kelgan. Bu bejiz emas. Chunki Moskovning tazyiqi bilan yuzaga kelgan paxta yakkahokimligi tufayli Orolni sugʻorib turgan Sirdaryo va Amudaryo suvlarini boʻgʻib olgan oʻnlab toʻgʻonlar qurilishida u kishining shaxsan oʻzi ishtirok etgan, buning fojiali oqibatlarini ham oʻsha paytdayoq yaxshi tushunar, biroq ilojsiz edi.

Oqibatda Markaziy Osiyo tabiatini yashnatib turgan bahri muhit yoʻqlikka yuz tutdi. Dengizning qurib borishi bilan bogʻliq ekologik muammo allaqachon regional doiradan chiqib, global ahamiyat kasb etdi va chinakam fojiaga aylandi. Orolni saqlab qolishning yagona yoʻli bu Sibir daryolarini dengiz tomon yoʻnaltirish edi.

Sharof Rashidov boshchiligidagi respublika rahbariyati bu masalani sobiq Ittifoq oldida koʻtarib chiqqan. Markazning barcha vazirlik va organlari bilan kelishuv asosida KPSS Markaziy Komiteti va SSSR Ministrlar Sovetining mazkur masala boʻyicha qoʻshma qarori qabul qilinadi. Sobiq SSSR suv xoʻjaligi vaziri N.F. Vasilyev tashabbusi bilan ushbu loyiha boʻyicha maxsus komissiya tuzilgan va uning tarkibiga I.Joʻrabekov ham kiritilgan edi. Biroq KPSS Markaziy Komiteti Bosh kotibi lavozimiga M.Gorbachyov kelgandan keyin bu loyiha toʻxtatilgan.

— Vaholanki, — deb eslaydi I.Hakimovich. — Mazkur loyiha ustida 160 dan ortiq tashkilotlar, 48 loyihalash va 112 ta ilmiy-tadqiqot instituti, ittifoqdosh respublikalarning 9 ta vazirligi ishlagan. Uning tashabbuschisi Oʻzbekiston edi. Sarflangan qancha mehnat va kapital mablagʻlarni aytmaysizmi?! Hammasi zoye ketdi!..

Koʻpgina mutaxassislarning fikriga koʻra, Sibir daryolarini Orol tomon yoʻnaltirish shimoliy Rossiya uchun hech qanday ogʻirlik yoki zarar olib kelmasdi. Bu havzalardan olinadigan suv atigi 5,5-6,0 foizni tashkil etardi xolos. Keyingi paytda u tomonlarda yuz berayotgan toshqinlarni eʼtiborga olsak, bu hajmdagi suvning Rossiya ekologiyasiga, iqlimiga va atrof-muhitiga hech qanday taʼsiri yoʻq edi. Mazkur loyihani amalga oshirish Markaziy Osiyo davlatlarida qoʻshimcha qoʻriq yerlarni oʻzlashtirishga, yangi qishloqlar va shaharlar barpo boʻlishiga, qoʻshimcha ish joylari yaratishga, bu oʻz navbatida, yalpi ichki mahsulot hajmini oshishiga olib kelardi.

Shu oʻrinda Ismoil Hakimovichning ayni kuch-gʻayratga toʻlgan davrlari Respublika suv xoʻjaligi vazirligi bilan bogʻliqligini taʼkidlamoq joizdir.

“Minoda Shaytonni qildik toshboʻron...”

— 1972-yil avgust oyida men Oʻzbekiston suv hoʻjaligi vazirining birinchi muovini etib tayinlandim, — deb xotirlaydi I. Joʻrabekov. — Oʻsha yillari bu vazirlik asosan suvni taqsimlash va irrigatsiya-melioratsiya ishlari bilan shugʻullanar edi. Yirik qurilishlar Oʻzbekiston suv qurilishi boshqarmasi orqali bajarilar edi. Irrigatsiya tizimlarini, suv omborlari inshootlarini va hokazolarni qurish uchun bu boshqarmaning kuchi yetmasdi. Sharof Rashidovning qoʻllab-quvvatlashi sabab, yuqorida oʻtirgan ayrim rahbarlarning qarshiligiga qaramasdan, vazirlik tarkibida industrial baza yaratdik. Shundan soʻng, vazirlik yirik obyektlarni qura olish imkoniga ega boʻldi. Oʻsha yillarda Hisorak suv omborini qurish ishlari bizning vazirlikka topshirildi. Bu obyekt qisqa muddatda qurilib ishga tushirildi.

Bundan tashqari, “Toʻpolon” suv ombori, “Tuyamoʻyin” gidrouzeli inshootlari qurilishida I.Joʻrabekovning xizmatlari beqiyos boʻlgan. U kishining bevosita rahbarligida bu obyektlar muddatidan oldin foydalanishga topshirilgan edi.

Umr Alloh tomonidan inoyat etilgan katta dongʻil yoʻl demakdir. Hayot ham, oʻzing va oʻzliging uchun kurash ham yoʻldan iborat. Gurjilarning shunday maqoli bor: “Ishxonangdan chiqib uyga ketayotganingda, ortingan itlar chopmasa, bilginki sen boshqa koʻchaga kirib qolgansan”. Ismoil akaning hayot yoʻliga nazar solsak, uning hech qachon “boshqa koʻchadan” yurmaganini koʻramiz.

Oʻzbekiston mustaqilligining birinchi oʻn yilligida mavjud sotsialistik iqtisodiyotni bozor iqtisodiyoti lokomativiga koʻchirishga maʼsul figurantlardan biri Ismoil Joʻrabekov boʻlgan.

Sobiq rayon partiya komiteti, obkom yoki rayon kengashi, oblast kengashi kabi tushunchalar oʻrniga hokimlik inistitutini joriy etish haqidagi taklifni Prezident maʼqulladi. Oliy Majlis tomonidan tegishli Qonun qabul qilindi. Uni ijro etish mexanizmi ishlab chiqildi. Ismoil Hakimovich respublikaning barcha qishloq tumanlariga birma-bir borib, tuman kengashlari sessiyalarida hokimlar va ularning oʻrinbosarlari saylovini oʻtkazgandi. Bu ishlar sobiq SSSRdan meros boʻlib oʻtgan yoʻqchilik, sakkiz turdagi roʻzgʻor uchun eng zarur mollarni talon bilan tarqatish davom etayotgan sharoitda olib borildi. Buning ustiga, Oʻzbekiston mustaqilligini koʻrolmaydigan qora kuchlar har bir imkoniyatdan foydalanib, turli igʻvo va toʻpalonlar chiqarib turishar edi. Shunday sharoitda xalqni boshqara oladigan kadrni topishning oʻzi bir muammo boʻlsa, uning yangicha munosabatlar tizimida ishlab ketishini taʼminlash ikkinchi muammoni keltirib chiqarar edi. Shuning uchun baʼzi bir viloyat va tumanlarga takror-takror borishga toʻgʻri kelardi. Shunday paytlarda Ismoil Hakimovichning joylardagi kadrlarni yaxshi bilishi va odamlar bilan tezda til topisha olish qobiliyati qoʻl kelardi.

Kolxoz va sovxozlarni fermer xoʻjaliklariga aylantirish, dastlabki paytlarda qaddini tiklab olishlari uchun yetishtirgan hosilning bir qismini oʻzlari mustaqil sotishlariga qoʻyib berish haqidagi loyihaning bosh meʼmori ham Ismoil Hakimovich boʻlgan. Islom Karimov qishloq xoʻjaligi sohasi inon-ixtiyorini bu jabhada katta bilim va tajribaga ega boʻlgan Ismoil akaga topshirib qoʻygan edi. Buni koʻrolmaganlar “qishloqning boyib ketishiga yoʻl qoʻyib berdi”, deb Prezidentni ishontirishdi va fermerlar rejadan oshiq yetishtirgan mahsulotni ham tortib olib, qishloqni abgor qilishdi. Natijada oddiy ketmonchilar, hatto siquvda qolgan ayrim fermerlar ham qishloqni tashlab yer yuzining turli oʻlkalariga mardikorchilikka chiqib keta boshladilar.

Sobiq SSSR davrida shakllangan kooperatsiya tizimining izdan chiqishi va uning muqobili hali yaratilmagani tufayli toʻxtab qolgan yuzlab qurilish tashkilotlari va korxonalarning talon-taroj etilishiga befarq qarab turmagani uchun gʻanimlari Ismoil Hakimovichning ustiga magʻzava agʻdarishar, u kishi esa toʻgʻrisoʻzligi, qatʼyati, halolligi va eng muhimi oʻziga ishongani uchun tuhmat toshlarini boshidan itqitib tashlab, yana yeng shimarib ishga kirishib ketaverar edi.

Oʻzbekiston Qahramoni, Xalq shoiri Abdulla Oripovning “Haj daftari” kitobidagi “Shayton” sheʼrida shunday misralarni oʻqigan edim:

Minoda Shaytonni qildik toshboʻron,

Laʼnatga koʻmildi badbaxt u laʼin.

Dedik, shuncha yukning ostidan Shayton

Ming yillar chiqolmay yotmogʻi tayin.

Shodumon yoʻl oldik Vatanga qarab,

Shayton qoldi, deya chuqurda-chohda.

Manzilga qaytgandik, Shayton, vo ajab,

Bizni kutib oldi tayyoragohda.

Ha, bu Shayton qaytmas chiqdi. Bu shaytonlar Ismoil Hakimovichni chalishning boshqacha usulini tanladilar. Yolgʻiz chinor oʻrmon boʻlolmasligini ular ham yaxshi bilishardi. Shuning uchun avval uning qavatida-yonida turgan, har qanday sharoitda ham unga koʻmakchi va suyanchiq boʻlgan doʻstlari va shogirdlarini qaychilashga kirishdilar. 2005-yildan Ismoil Joʻrabekov izidan surishtiruvlar, tekshiruvlar va tergovlar boshlab yuborildi. Bir umr Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligining rivoji uchun kurashgan insonni endi qishloq xoʻjaligini izdan chiqarishda ayiblashayotgan edilar. Lekin oltin aynimas deganlari haq gap ekan. Ismoil aka bu sinovlarni ham mardona yengib oʻtdi. Aksincha, gʻanimlari oʻzlari qazigan chohga oʻzlari bir-bir qulab ketaverdilar. Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor, deb shunga aytsalar kerak-da.

Ulugʻ toʻqson hikmati

Ismoil aka Joʻrabekovning hayoti va joʻshqin mehnat faoliyati haqida qanchalik koʻp yozsak ham kam. Ayni paytda mehnatning rohati, xizmatning eʼtirofi ham boʻlishi kerak, degan oʻy kechadi koʻnglimdan. Aslida ulugʻ toʻqson yoshni qarshilayotgan odamning farzandlari, nabiralari, evara-chevaralari davrasida ochiq yuz bilan oʻtirishning, shogirdlari, doʻstlari va odamlarning yuziga tik qaray olishning oʻzi katta baxt, yuksak mukofot boʻladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27 avgusdagi Farmoni bilan mamlakatimiz mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy qudratini yuksaltirish ishlariga qoʻshgan munosib hissasi, yurtimizda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlardagi faol ishtiroki, Vatanimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini taʼminlash borasidagi koʻp yillik fidokorona mehnati, jamiyatimizda millatlararo doʻstlik va totuvlikni qaror toptirish hamda yosh avlodni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashdagi katta xizmatlari uchun Ismoil Joʻrabekov Vatanning yuksak mukofoti – “Doʻstlik” ordeni bilan mukofotlandi.

Albatta, yuksak nishon koʻkrakka taqiladi. Uning bilan barobar bildirilgan yuksak ishonch va eʼtibor esa naq yurakdan joy oladi. Bu oʻz navbatida, insonning umriga umr qoʻshadi, vujudiga gʻayrat bagʻishlaydi.

Ismoil Hakimovich Joʻrabekov hozir ham mehnat qoʻynida, shogirdlari bilan el-yurt tashvishida!..

Nima ham derdik, hech charchamang, ustoz!

Mavlon UMURZOQOV,

iqtisod fanlari doktori, professor

Manba: O'zA

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?