Matyoqub Matchonov: “Oltindek qimmatli, Humo qushi singari sarbaland...”

07:38 23 Yanvar 2019 Madaniyat
1482 0

Suratda: Matyoqub Matchonov.

Kuni kecha saytimiz orqali joriy yilning 10-aprel sanasida “Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi” NNT, “Oʻzbekkino” Milliy agentligi, “Milliy” telekanali hamkorligida kino sohasida yagona boʻlgan “Oltin humo” kinotaqdimoti oʻtkazilishi haqida xabar bergandik.

Xoʻsh, bu qanday anjuman oʻzi? Uni oʻtkazishdan koʻzlangan maqsad nima? Kelgusida mazkur kinotaqdimot kino olami va olam kinosi ichra oʻz oʻrnini topib keta oladimi yoki salaflari kabi yoʻqlikka yuz tutadimi (zakiy oʻquvchi nima demoqchi ekanimizni tushunganiga shubha yoʻq, albatta)? Ana shu savollarga javob topish va umuman, bugun mamlakatimiz kinematografiyasida yuz berayotgan yangilanishlar xususida batafsil axborotga ega boʻlish maqsadida “Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi” NNT raisi Matyoqub Matchonov bilan eksklyuziv intervyu uyushtirdik.

— Matyoqub Saʼdullayevich, suhbatimizni bugun siz rahbarlik qilayotgan va “Oltin humo” kinotaqdimotini oʻtkazish tashabbusi bilan chiqqan Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasidan boshlasak. Bu qanday tashkilot oʻzi? Faoliyat yoʻnalishi AQSHning oʻsha mashhur Kinoakademiyasi kabimi yoki undan farqli jihatlari bormi?

— Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi dastlab 2004 yili Vazirlar Mahkamasining 126-sonli qarori bilan birlashma sifatida tashkil etilgan edi. Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-avgustdagi “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3176-sonli qaroriga asosan, mazkur birlashma Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi sifatida qayta tashkil qilindi.

Ammo davr bugun bizning oldimizga qoʻyayotgan talablar inobatga olinib, qolaversa, milliy kinoindustriyani yanada taraqqiy toptirish maqsadida Prezidentimiz tomonidan 2018-yil 24-iyulda imzolangan “Milliy kinoindustriyani rivojlantirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorga muvofiq, Uyushma “Oʻzbekiston Kinoarboblari ijodiy uyushmasi” nodavlat notijorat tashkilotiga aylantirildi.

Oʻtgan yilning 16-oktyabr kuni Uyushmaning taʼsis konferensiyasini oʻtkazdik. Unda koʻplab tashkiliy masalalar koʻrildi. Xususan, boshqaruv kengashi aʼzolarini sayladik, kelgusi faoliyat yoʻnalishimizni ham aniq belgilab oldik.

Uyushmaning asosiy maqsadi, qisqa qilib aytganda, quyidagilardan iborat: mamlakatimiz kino sohasida xizmat qiladigan ijodkorlarni uyushtirish, ularning ijodiy manfaatlarini ilgari surish va himoya qilish. Qolaversa, milliy kinematografiya yoʻnalishlarini belgilash, yangi badiiy jamoalar tuzish, boy anʼanalarga tayangan holda jahon andozalari darajasidagi zamonaviy milliy kino sanʼati maktablarini yaratish, oʻzbek kinoarboblari, yetuk kino mutaxassislari tajribasini ommalashtirish ham tashkilotimizning ustuvor vazifalari sirasidandir.

Endi AQSH Kinoakademiyasi bilan taqqoslash masalasiga kelsak, qaysidir maʼnoda faoliyat yoʻnalishi va koʻlami deyarli oʻxshash. Biroq biz ayni paytda katta yoʻlning boshida turibmiz. Shu jihatdan qaraganda, AQSH Kinoakademiyasi darajasiga chiqish uchun hali koʻp ishlashimiz kerak. “Oltin humo” milliy kinotaqdimotini oʻtkazishga bel bogʻlaganimiz va kelgusida uning anʼanaviyligini taʼminlashga qaror qilganimizning sabablaridan biri ham shu.

— Boshqa sabablar ham bormi?

— Albatta. Masalan, eng asosiysi, bunday koʻlamdagi taqdimotning shu paytgacha yoʻqligi. Toʻgʻri, allaqanday festivallar yoki taqdirlash marosimlari oʻtkazilgan, biroq ular hech qachon bu kabi keng miqyos kasb etmagan. Eʼtibor bering, biz 16 ta nominatsiya va bitta maxsus mukofot eʼlon qildik. Oʻzbek kinematografiyasi tarixida hali bunaqasi boʻlgan emas.

Ikkinchi tomondan, garchi kino sanʼati namoyandalarining bayrami sifatida oʻtkazilishi koʻzda tutilgan boʻlsa-da, alaloqibat, mazkur kinotaqdimot xalqimiz uchun atalgan. Ularga ajoyib shou taqdim etish barobarida, oʻzbek kinoindustriyasida maʼlum bir muddat davomida nima ishlar qilindi-yu, qanday yutuqlarga erishildi, shu haqda qisqacha maʼlumot ham berib oʻtamiz.

Foto: “Oltin humo” milliy kinotaqdimoti statuetkasi.

— Kinotaqdimotning nomi nega aynan “Oltin humo”?

— Maʼlumki, azaldan bebaho narsalarning qiymati oltinga tenglashtirilgan. Qolaversa, umrimizning eng shirin, qaytmas davrlarini ham oltinga qiyoslaymiz. Qilingan mehnatlar ham oltinga mengzaladi. Humo esa qadimgi asotirlaru afsonalarga koʻra, omad, baxt, saodat, farovonlik, baraka timsoli sanaladi. Unga hech kim yetishmagan, uni bir bor koʻrish esa hammaga ham nasib qilavermagan. Mana shu qarashlardan kelib chiqib, taqdimotimizning nufuziyu qadri kelgusida oltindek qimmatli, Humo qushi singari sarbaland boʻlaversin, degan yaxshi niyatda aynan shu nomni tanladik.

— Lekin taqdimotning nufuzini faqat uning nomigina belgilamaydi, shunday emasmi? Birinchi navbatda, shaffoflik, odillik, halollik va xolislik singari tamoyillarga qay darajada amal qilinganiga ahamiyat qaratiladi.

— Hech shubhasiz. Biz ham milliy kinotaqdimotni oʻtkazishda aynan shu tamoyillarga qatʼiy rioya etishni oldimizga maqsad qilib qoʻyganmiz. Keling, bu haqda toʻliqroq tasavvur hosil boʻlishi uchun kinofilmni qabul qilib olishdan tortib, gʻolibga mukofotini topshirishgacha boʻlgan jarayon xususida qisqacha toʻxtalib oʻtsam.

Biz 21-yanvardan eʼtiboran 2017-yilning 1-yanvaridan 2018-yilning 31-dekabriga qadar premyerasi boʻlib oʻtgan, davlat va nodavlat studiyalarida suratga olingan toʻliq metrajli badiiy, xujjatli, animatsion kinofilmlarni qabul qilish jarayonini boshladik. Mazkur kinoasarlar tegishli kinostudiyaning rasmiy xati asosida olinmoqda.

Ana undan keyin Uyushma Boshqaruvi aʼzolari hamda kino sanʼati mutaxassislaridan iborat saralash komissiyasi har bir nominatsiya boʻyicha uchtadan beshtagacha nomzodni televideniye orqali sms xabarlar yuborish va ijtimoiy tarmoqlarda ovoz toʻplashi uchun saralaydi. Ovoz berish jarayoni 15-martdan 5-aprelga qadar boʻlib oʻtadi. Yakunda har bir nominatsiya boʻyicha “eng yaxshi”lar hakamlar hayʼati tomonidan aniqlanadi.

Bunda asosiy eʼtibor nimaga qaratilyapti? Hakamlar hayʼati 5 nafar mutaxassisdan iborat boʻladi va ularning barchasi yakdillik bilan biron filmni tanlasa, bu umumiy ovozlarning 70 foizini tashkil qiladi. Qolgan 30 foiz ovoz smslar hamda ijtimoiy tarmoqlardagi ovozlarga tegishli boʻladi. Mabodo hakamlar hayʼati tarkibida qaysidir nominatsiyada boʻlinish yuzaga kelib, gʻolibni aniqlashning imkoni boʻlmasa, ana shu 30 foiz ovoz tegishli nominatsiyada koʻproq kimni gʻolib, deb sanashiga qaraladi. Shunda ham gʻolib aniqlanmasa-yu, oʻrtada bahsli vaziyat yuzaga kelsa, hal qiluvchi soʻzni Hayʼat raisi aytadi.

— Bitta film nechta nominatsiyada qatnashishi mumkin?

— Kechagi kun tendensiyalari bilan oʻlchaganda, savolingiz nihoyatda oʻrinli. Biroq, bilasizmi, biz eski stereotiplardan voz kechgan holda ish olib bormoqchimiz. Toʻgʻri, bir paytlar eng yaxshi filmni kimdir, eng yaxshi ssenariyni yana kimdir, eng yaxshi erkak roli yoki ayol rolini yana bir boshqa filmga berish, oddiy aytganda, hech kimni norizo qilmaslik ustun edi. Lekin “Oltin humo” milliy kinotaqdimotida bunday qilmoqchi emasmiz. Film chindan ham zoʻrmi, hamma nominatsiya boʻyicha gʻolib boʻla olishi mumkinmi, marhamat, barcha nominatsiyada “Oltin humo”ni olsin. Hech qanday cheklash, kimningdir koʻngliga qarash, degan gaplar yoʻq. Zoʻr ijod qilsin, xalqni ham, hakamlar hayʼatini ham qoyil qoldirsin va mehnatiga yarasha ragʻbat koʻrsin.

— 16 ta nominatsiya koʻp emasmi?

— Ochigʻi, aslida bu ham kam. Masalan, AQSH Kinoakademiyasining anʼanaviy “Oskar” mukofoti 24 ta nominatsiya boʻyicha beriladi. Toʻgʻri, biz hali u darajaga chiqmadik, ammo kelgusida bu borada ham jahonning rivojlangan davlatlari bilan tenglasha olishimizga ishonaman.

Kino — sintezlashtirilgan sanʼat turi. Bitta filmning “dunyoga kelishi” uchun qanchadan-qancha kasb sohiblari band boʻlishadi. Ammo shu paytgacha qanday festival yoki tanlov oʻtkazilmasin, aksariyat mehnat qilganlar chetda qolib, asosiy eʼtibor ssenariy muallifi, rejissyor va aktyorlarga — gohi-gohida operatorlarga ham — qaratildi. Men bularning mehnatini kamsitmoqchi emasman. Biroq bu tutumning salbiy oqibati haqida gapirmaslik ham mumkin emas. Mana shunday yoʻl tutilishi bois bugun shunday vaziyat yuzaga keldiki, hatto kino tahlillarida ham ayrim mutaxassislar faqat yuqorida sanab oʻtilgan kasb egalarining mehnatiga asoslanib filmga baho beradigan boʻldilar. Binobarin, grimni aʼlo darajada tayyorlab, qahramonning xarakterini ochishga hissa qoʻshgan grimchi, kostyumni did, bilim va mahorat bilan tikib, aktyorning bir husniga oʻn husn qoʻshgan liboschi, aql bilan foydalanilgan va oʻrniga tushgan musiqa, oʻz oʻrnida qoʻllanilgan grafika ishi, rassomning mehnati, montajchining chekkan zahmatlari bir chekkada qolib ketaverdi. Pirovardida bu kasb egalarida stimul, yaʼni kinodagi mehnati qadr topishiga ishonch soʻndi, ularda ijodiy izlanishdan koʻra, tezroq ishni bajarish va kelishilgan mablagʻni olishga qiziqish kuchaydi.

Bizning nominatsiyalar sonini koʻpaytirganimiz va imkon qadar boshqa kasb egalari mehnatini qadrlashga intilishimiz sababi ham shu. Ishonamizki, bu kelgusida har bitta grimyor, har bitta libos ustasi, bastakor, montajchi va hokazo kasblar egalarida kuchli motivatsiya uygʻotib, ularning oʻz ishiga boshqacha munosabatda boʻlishiga xizmat qiladi.

— Kinotaqdimot qayerda boʻlib oʻtadi?

— Joriy yilning 10-aprelida “Turkiston” saroyida. 14-aprel kuni “Milliy” telekanali orqali namoyish qilinadi.

— Demak, teleekran orqali toʻgʻridan-toʻgʻri namoyishi boʻlmaydi?

— Hozircha shunga qaror qilganmiz. Balki kelgusida toʻgʻridan-toʻgʻri namoyish qilishni ham yoʻlga qoʻyarmiz. Rejamizda bor. Ammo bu yil bunga tayyor emasmiz.

— Taqdimot marosimini tayyorlash va oʻtkazish bilan kimlar shugʻullanyapti?

— Hamma. Mendan tortib, kengashimiz aʼzolari-yu, yosh rejissyorlarimizgacha. Ularning orasida Jahongir Ahmedov, Joʻrabek Roʻzmetov, Sarvar Karimov, Umid Hamdamovni alohida sanab oʻtmasam boʻlmaydi. Chunki bu yoshlar oʻzbek kinematografiyasining kelajagi sifatida oʻzlarini koʻrsatib boʻlishgan.

— Oxirgi savol: nega aynan 10-aprel sanasi tanlandi? Buning biron sababi bormi?!

— Aynan biron sababi boʻlishi shartmi? Shunchaki bahorning eng yaxshi kunlari, yerlar isib, qorlar erigan, tevarak-atrofni haqiqiy uygʻonish pallasi tutgan davr.

Darvoqe, mazkur anjuman kelgusida ham aynan shu sanada oʻtkaziladi. 10-aprel “Oltin humo” milliy kinotaqdimotining chinakam tugʻilgan kuni boʻlib qoladi.

Hasan Toshxoʻjayev suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?