Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

17:59 09 Iyul 2019 Hujjatlar
151 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek singari ulugʻ ajdodlarimiz tamal toshini qoʻygan matematika fani ilm-fan va texnikaning zamonaviy tarmoqlari jadal rivojlanishi munosabati bilan hozirgi kunda yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, biologiya, raqamli iqtisodiyot sohasida va boshqa koʻplab sohalarda uning roli ayniqsa ortdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti (keyingi oʻrinlarda – Institut) oʻz faoliyati davrida matematika fanini rivojlantirishga, respublika uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga sezilarli hissa qoʻshdi va matematik tadqiqotlarning jahon darajasida eʼtirof etilgan markazlaridan biriga aylandi.

Institutda funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra boʻyicha ilmiy maktablar shakllandi va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Xodimlarning ilmiy tadqiqotlari besh marta Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldi, 12 nafar taniqli olim Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga va nufuzli Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ga saylangan.

Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Institutda davlat universitetlari, maktablar va akademik litseylarda maʼruzalar oʻqish va maxsus kurslar oʻtish, shuningdek, magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilish amaliyoti keng joriy etilgan. Bugungi kunda ilmiy xodimlarning oʻrtacha yoshi 47 yoshni, ilmiy darajali ilmiy xodimlar ulushi esa 87,0 foizni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, har tomonlama tahlillar bir qancha tizimli vazifalarni aniqladi. Ularning amalga oshirilishi Institutning ilmiy loyihalarni xatlovdan oʻtkazish, mavjud ilmiy salohiyatdan yuqori darajada foydalanish va uni rivojlantirishga doir faoliyatini tubdan takomillashtirishni, tadqiqotlarni joriy etish samaradorligining amaliy indikatorlari va maqsadli koʻrsatkichlari ishlab chiqilishini Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan yanada aniq muvofiqlashtirishni, shuningdek, davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash choralarini talab etadi.

Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirish, fundamental, qidiruv va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutlarining faoliyati va ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini taʼminlash, ilm-fan, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishning integratsiyasini mustahkamlash, jahonning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Institut jamoasining matematika fanini rivojlantirishga, ilm-fan va taʼlimning integratsiyasini mustahkamlashga, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga va Vatanimiz matematika maktablarining yutuqlarini targʻib qilishga yoʻnaltirilgan faoliyati qoʻllab-quvvatlansin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika fanini rivojlantirish va Institut faoliyatini takomillashtirishning quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi maqsadli dasturini (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlash toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin:

ilm-fanning turdosh sohalarida va iqtisodiyot tarmoqlarida ilmiy natijalardan foydalanish, shuningdek, Institutning muayyan ilmiy yoʻnalishlarini fundamental izlanishlardan amaliy izlanishlarga qayta yoʻnaltirish dasturlarini ishlab chiqish;

2020-2022-yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun matematika boʻyicha oliy malakali kadrlar tayyorlash chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish;

ilmiy natijalar keng muhokama qilinishini va zamonaviy ilm-fan yutuqlari ommalashtirilishini tashkil etish. Institut ishlanmalarining doimiy ravishda yangilanadigan elektron maʼlumotlar bazasini yaratish;

ilmiy-tadqiqot faoliyatining taʼlim jarayoni bilan aloqalarini mustahkamlash. Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va Institut xodimlarining tajriba start-up loyihalari amalga oshirilishiga koʻmaklashish;

Matematika sohasida jahon ilmiy markazlari, shu jumladan, MDH, Yevropa, Amerika va Osiyo mamlakatlarining yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar tashkil etish;

noshirlik faoliyatini yaxshilash va materiallar eʼlon qilishda faollikni oshirish. Ingliz tilidagi “Oʻzbekiston matematika jurnali” ilmiy nashri faoliyatini takomillashtirish;

moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish va Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash. Infratuzilmani modernizatsiya qilish. Xodimlar uchun ish sharoitlarini yaxshilash va ularni moddiy ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish. Har yilgi “Ilm-fan yetakchisi” respublika tanlovini oʻtkazish.

Maqsadli dastur toʻliq bajarilishini taʼminlash, Institut faoliyati samaradorligini oshirishga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan muvofiqlashtirilgan va oldini oluvchi chora-tadbirlar koʻrilishi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashevga va vitse-prezidentlarga shaxsiy masʼuliyat yuklansin.

3. 2020-2024-yillarda Institutning ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Institutning ilmiy yoʻnalishlariga muvofiq har yili Institut ilmiy-tadqiqot ishlari kalendar dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini taʼminlasin.

4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Institut darsliklar, oʻquv va koʻrgazmali qoʻllanmalar, shu jumladan, elektron darsliklar, oʻquv va koʻrgazmali qurollarni Institutning ekspert xulosasidan keyin eʼlon qilish, taʼlim muassasalarida matematika fanlarini oʻqitish, matematika olimpiadalarini oʻtkazish tartibini takomillashtirish yuzasidan bir oy muddatda takliflar kiritsin.

5. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini boshqarish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribani oʻrganish asosida bir oy muddatda:

Maqsadli indikatorlar asosida Fanlar akademiyasi tizimiga kiradigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy boʻlinmalari va xodimlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilash boʻyicha asoslangan takliflar kiritsin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Institutning 2021-yilgacha maqsadli koʻrsatkichlarini (indikatorlarini) (keyingi oʻrinlarda – Maqsadli koʻrsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, 2020-yildan boshlab ilmiy laboratoriyalar va ilmiy xodimlarning faoliyati reyting tizimi asosida har yili Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Rayosatining qarori boʻyicha tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan baholanadi.

7. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining 4-ilovaga muvofiq yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda malaka oshirishini taʼminlasin.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamgʻarmasi hamda Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi mablagʻlari Institut ilmiy xodimlarining malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining 2020-yil 1-yanvardan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy taʼlimdan keyingi taʼlimda stajyor-tadqiqotchilar institutini (keyingi oʻrinlarda – stajyor-tadqiqotchilar instituti) tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutga oliy taʼlimdan keyingi taʼlim institutida oʻqish uchun ajratiladigan qabul kvotasining yarmidan kam boʻlmagan miqdordagi qabul kvotasi stajyor-tadqiqotchilar instituti uchun ajratilishini taʼminlasin.

9. Institut tuzilmasiga:

oʻtkaziladigan ilmiy tadqiqotlar samaradorligi va natijadorligini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini taʼlim jarayoni bilan integratsiyalashtirishni taʼminlash uchun masʼul boʻlgan Institut ilmiy rahbari – direktorning ilm-fan boʻyicha oʻrinbosari lavozimi;

algebra va uning tatbiqlari, differensial tenglamalar va uning tatbiqlari, chiziqsiz tizimlar, dinamik tizimlar va ularning tatbiqlarini matematik modellashtirish, stoxastik tahlil, tibbiy-biologik informatika, hisoblash matematikasi yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy laboratoriyalar kiritilsin.

Institut tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmasdan Yosh matematiklar oʻquv markazitashkil etilsin, unga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklansin:

umumtaʼlim maktablari va litseylarning oʻquvchilari, oliy taʼlim muassasalarining talabalari va doktorantlar uchun matematika boʻyicha oʻquv kurslari tashkil etish;

Oʻzbekiston terma jamoasini xalqaro matematika olimpiadalariga tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

iqtidorli yoshlarni saralab olish va maqsadli tayyorlash jarayonlariga oʻqitishning zamonaviy usullarini va pedagogik innovatsiyalarni joriy etish;

yetakchi olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy olimlar va mutaxassislarni taʼlim jarayoniga jalb qilish.

10. Institutning yangilangan tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Ilmiy kengash va Yosh olimlar kengashi tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti bilan kelishgan holda tasdiqlanishi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

11. Belgilab qoʻyilsinki, 2020-yil 1-yanvardan boshlab Institut xodimlari mehnatiga haq toʻlash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi.

12. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlari;

xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablagʻlar;

xoʻjalik faoliyatidan tushadigan mablagʻlar;

qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutga fundamental tadqiqotlarning ilmiy-texnik loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan byudjet mablagʻlari ushbu qaror topshiriqlaridan kelib chiqqan holda talab etiladigan qoʻshimcha byudjet mablagʻlarining bir qismini qoplashga yoʻnaltirilishini taʼminlasin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligining Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 1-noyabrdagi PQ–3365-son qaroriga muvofiq 2020-yilda Institut binosini (keyingi oʻrinlarda – obyekt) kapital taʼmirlash, shuningdek, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash toʻgʻrisidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda:

obyekt boʻyicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlasin va ularning belgilangan tartibda ekspertizadan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Nodir qoʻlyozmalar markazining bino va inshootlari boʻshatilishini taʼminlasin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining asoslangan buyurtmanomalari asosida 2020-yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda obyektni kapital taʼmirlash uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq kapital qoʻyilmalarning tegishli limitlarini nazarda tutsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi obyektda kapital taʼmirlash va qurilish-montaj ishlari bajarilishining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini oʻrnatsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

bir oy muddatda – belgilangan tartibda Institut ustavini tasdiqlasin va uning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishini taʼminlasin;

Institutning zamonaviy kompyuter uskunalari va boshqa tashkiliy texnika bilan, shu jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari obyektlarini sotishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablagʻlar hisobiga toʻldirilishini taʼminlasin;

ikki oy muddatda – manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. 2019-yil 24-mayda ilmiy jamoatchilik va oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan oʻtkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda – Respublika kengashi) tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

fan va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish, shu jumladan, fan va taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni muvofiqlashtirish, fan va texnologiyalar sohasini jadal rivojlantirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ularning bajarilishi natijadorligini taʼminlash;

ilmiy-texnik siyosat strategiyasi, ilmiy-innovatsion infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini shakllantirish va tasdiqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

ilmiy-texnik loyihalarning davlat maqsadli dasturlarini tasdiqlash va ularning amalga oshirilishi yuzasidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash;

har yilgi ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablagʻlaridan toʻgʻridan-toʻgʻri moliyalashtirish hisobiga amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining maqsadli indikatorlarini tasdiqlash;

fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha milliy laboratoriyalar tizimini shakllantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan toʻldirish va butlovchi hamda sarflash materiallari bilan uzluksiz taʼminlash boʻyicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

fan va texnologiyalar sohasida mamlakat ilm-fanini jahon yutuqlari bilan uygʻunlashtirish, ilmiy salohiyat va innovatsion rivojlanishni reyting baholashda mamlakat imijini, shu jumladan, ilmiy ishlanmalarni faol tijoratlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish orqali oshirish;

ilmiy-tadqiqot, taʼlim va loyiha-konstruktorlik muassasalari, shuningdek, sanoat korxonalari va tijorat tuzilmalari tomonidan foydalanish maqsadida eng yangi ilmiy-texnik ishlanmalar toʻgʻrisidagi ilgʻor xorijiy tajribani izlash, umumlashtirish, tahlil qilishning davlat axborot-tahlil tizimini yaratish, Oʻzbekistonni rivojlantirish uchun ilmiy-texnik salohiyatning zamonaviy axborot-resurs bazasini shakllantirish;

muhim davlat ahamiyatiga ega boʻlgan hamda fan va innovatsion rivojlanish sohasini isloh qilish davomida yuzaga keladigan dolzarb masalalar hamda muammolarni muhokama qilish, shu jumladan, ommaviy muhokama qilish;

fan va texnika sohasida Davlat mukofotini berish bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish hamda takliflar tayyorlash.

20. Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashining shaxsiy tarkibini va Kengash toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 30-noyabrdagi PQ-3416-son qarori bilan tashkil etilgan Ilmiy-texnik axborot markazini yuqori malakali kadrlar bilan butlash va uning faoliyatini faollashtirish yuzasidan takliflarni kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga yuklansin.

Qarorning ijrosi Fan va texnologiyalar boʻyicha respublika kengashi majlislarida 2019-yil sentyabr va dekabr oylarida hamda 2020-yil aprel oyida koʻrib chiqilsin

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri,

2019-yil 9-iyul

* * *

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga

SHARH

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan oliy taʼlim muassasalari rektorlari va respublika ilmiy jamoatchiligi bilan shu yil 24-maydagi uchrashuvda oliy taʼlim tizimidagi ishlar holatining tahlili bilan birgalikda ilm-fanni yanada rivojlantirish, uning kadrlar tayyorlashga, ayniqsa, iqtidorli yoshlarni tayyorlashga qoʻshadigan aniq ulushini koʻpaytirish, ilmiy izlanishlarni kengaytirish va ularni tijoratlashtirish, respublika olimlarining mehnati uchun zarur shart-sharoitlar yaratish va moddiy ragʻbatlantirish bilan bogʻliq boʻlgan kompleks masalalar belgilandi.

Ushbu talablardan kelib chiqib mamlakat Fanlar akademiyasining koʻhna institutlaridan biri – 1943-yilda tashkil etilgan V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika institutining faoliyati har tomonlama oʻrganib chiqildi va tahlil qilindi.

Institut va uning ilmiy jamoasini haqli ravishda matematika fanlarining davomchisi deb aytish mumkin. Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulugʻbek singari ulugʻ ajdodlarimiz unga tamal toshini qoʻygan edilar.

Matematika instituti oʻz faoliyati davrida matematika fanlarini rivojlantirishga salmoqli hissa qoʻshdi. Funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollik nazariyasi va algebra boʻyicha ilmiy maktablar muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Institut xodimlarining ilmiy tadqiqotlari besh marta Oʻzbekiston Davlat mukofotiga sazovor boʻldi, 12 nafar taniqli olim Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy aʼzoligiga va nufuzli Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ga saylangan.

Institut oliy malakali kadrlar tayyorlashga faol hissa qoʻshmoqda. Mamlakat oliy taʼlim muassasalari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatilgan, maʼruzalar oʻqish, maxsus kurslar oʻtkazish va magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilish amaliyoti keng joriy etilgan. Ilmiy xodimlarning oʻrtacha yoshi 47 yoshni, ilmiy darajali ilmiy xodimlar ulushi esa 87,0 foizni tashkil etadi. Doktoranturada 20 nafardan ortiq yosh olimlar taʼlim olmoqda, ular soni yildan-yilga oʻsib bormoqda.

Institutning xalqaro aloqalari samarali rivojlanmoqda. Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qoʻshma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Soʻzsiz, ushbu barcha salmoqli natijalar matematika fanlarini yanada rivojlantirishni va Institut faoliyatini takomillashtirishni taqozo etadi. Qarorda Institutning mavjud ilmiy salohiyatidan yanada samarali foydalanishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator muammolar qayd etilgan.

Masalan, Institutning amaldagi tuzilmasi va ilmiy xodimlari soni iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohaning dolzarb vazifalarini hal etish uchun amaliy ilmiy yoʻnalishlarni kengaytirish imkonini bermayapti. Mamlakatimizda matematika sohasidagi tadqiqotlar boʻyicha bosh markaz boʻlgani holda Institut tadqiqotlarni jadal olib borish, taʼlim jarayoni bilan integratsiyani mustahkamlash, bir qator boʻlinmalarni amaliy ilmiy ishlanmalarga qayta yoʻnaltirish uchun zamonaviy infratuzilmaga ega emas.

Isteʼdodli yoshlarni tanlashga Institut olimlarini jalb etishning mavjud tizimi yosh mutaxassislarni tayyorlashning uzluksiz va samarali mexanizmini taʼminlash, shu jumladan, matematika boʻyicha xalqaro olimpiadada yuqori koʻrsatkichlarga erishish imkonini bermayapti.

Respublikada bilimlarning bazaviy tarmogʻi sifatida matematika ilmiy maktablar tadqiqotlarining joriy holatini tanqidiy tahlil qilish va ilmiy tadqiqotlarning ustuvor yoʻnalishlari boʻyicha takliflar ishlab chiqish uchun maqsadli koʻrsatkichlarning amaliy indikatorlarini ishlab chiqishga va ilmiy ishlanmalarni xatlovdan oʻtkazishga ehtiyoj sezayotganligi alohida qayd etilgan.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida qarorda kompleks ustuvor vazifalar belgilangan. Ularning amalga oshirilishi matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirish, shuningdek, Matematika institutining faoliyatini tubdan takomillashtirishni taʼminlash imkonini berishi kerak. Qayd etish zarurki, davlatimiz rahbarining topshiriqlariga muvofiq ushbu jarayonda nafaqat Fanlar akademiyasining, balki ixtisosli vazirliklar va idoralarning hamda respublika Hukumatining faol ishtirok etishiga alohida eʼtibor qaratilgan. Ushbu vazifalarni amalga oshirish uchun qaror bilan:

birinchi – shu jumladan, ilmiy natijalardan ilm-fanning turdosh sohalarida va iqtisodiyot tarmoqlarida foydalanishni; Institutning muayyan yoʻnalishlarini fundamental izlanishlardan amaliy izlanishlarga qayta yoʻnaltirishni; iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun matematika boʻyicha oliy malakali kadrlar tayyorlash yuzasidan 2019-2022-yillarga moʻljallangan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish nazarda tutilgan matematika fanlarini rivojlantirishning maqsadli dasturi tasdiqlandi;

ikkinchi – Institutning 2020-2024-yillarga moʻljallangan aniq ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi tasdiqlandi. Bunda fundamental tadqiqotlar bilan birgalikda amaliy matematikaga alohida eʼtibor qaratilgan;

uchinchi – va buni alohida qayd etish zarurki, Institutning maqsadli koʻrsatkichlari (indikatorlari) birinchi marta ishlab chiqildi va tasdiqlandi, ular rahbariyat, har bir ilmiy xodim va umuman Institutning mamlakatda matematika fanlari rivojlanishiga real shaxsiy hissasini xolisona baholash imkonini beradi;

toʻrtinchi – xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish va Institut ilmiy xodimlari malakasini oshirishning istiqbolli yoʻnalishlari tasdiqlandi.Hamkorlikning ilmiy yoʻnalishlari 18 ta mamlakatda, shu jumladan, MDH mamlakatlari, Yevropa, Amerika va Osiyoning yetakchi ilmiy muassasalarida taʼlim olish va tajriba orttirishni nazarda tutadi.

Ushbu istiqbolli vazifalardan kelib chiqib Institutning tashkiliy tuzilmasi tubdan qayta koʻrib chiqildi va uning yangi tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi.Birinchi marta ilmiy-tadqiqot muassasalarini boshqarishning xalqaro tajribasidan kelib chiqib amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlarning samaradorligi va natijadorligini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatining taʼlim jarayoni bilan integratsiyasini taʼminlash uchun masʼul boʻlgan direktor oʻrinbosari – Institutning ilmiy rahbari lavozimi joriy etildi. Boʻlimlar oʻrniga matematikaning aniq yoʻnalishlari boʻyicha ilmiy laboratoriyalar tashkil etiladi. Shuningdek, yosh matematiklar oʻquv markazini tashkil etish nazarda tutilgan.

Qarorda, shuningdek, ham matematika fanlarini, ham Institutni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashning aniq chora-tadbirlari belgilangan. Talab etiladigan ilmiy xodimlar soni qayta koʻrib chiqildi. Xodimlarning ish haqini ularning ilmiy tadqiqotlarga qoʻshgan aniq ulushi hisobga olingan holda oshirish chora-tadbirlari belgilandi. Institut binosini mukammal taʼmirlashni, zarur uskunalar, hisoblash texnikasi vositalari va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan butlashni tashkil etish yuzasidan bir qator topshiriqlar berildi.

Qarorda Matematika institutini rivojlantirish masalalarini hal etish bilan birgalikda fan va texnologiyalar sohasida davlat siyosatini amalga oshirish yuzasidan bir qator chora-tadbirlar belgilandi. Buning uchun Respublika fan va texnologiyalar kengashini tashkil etish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, Fanlar akademiyasiga Maqsadli indikatorlar asosida Fanlar akademiyasi tizimiga kiradigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy boʻlinmalari va xodimlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqish; Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilash boʻyicha asosli takliflar kiritish topshirildi.

Davlatimiz rahbarining qarorida ushbu kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish, eng avvalo, Institut rahbariyatiga, har bir ilmiy xodimga va butun jamoaga, matematika fanlarini yanada rivojlantirishning qoʻyilgan maqsadlari va vazifalariga soʻzsiz erishishni taʼminlashda, shuningdek, Vatanimiz ilmiy maktablarining jahon darajasidagi yutuqlarini mustahkamlashda ularning intilishi, tashabbuskorligi va masʼuliyatiga hal qiluvchi darajada bogʻliq ekanligi alohida taʼkidlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?