“Matbuotga emas, yuragimga ishonib O‘zbekistonga borishga qaror qilganimdan xursandman”

17:56 21 Iyun 2018 Jamiyat
348 0
Фото: Стефан Браун

O‘zining diplom ishida “Men dunyo fuqarosiman” degan mavzuda hujjatli film tasvirga olgan amerikalik yosh mutaxassis Stefan Braun O‘zbekistonga sayohat qilgan. Uning taassurotlari haqida “Bi-bi-si” xabar berdi.

U 23 yoshda, hozir AQSHdagi shirkatda reklama sohasida faoliyat yuritmoqda. Stefan jahondagi 20 dan ortiq mamlakatga sayohat qilgan.

Фото: Стефан Браун

Stefan Braun o‘zining ijodiy ishida dunyodagi irqchilik muammosi, global do‘stlik, sabr-toqatlilikning ahamiyatini urg‘ulashni istagan. U dunyo bo‘ylab orttirgan do‘stlari ko‘magiga tayanib, hujjatli filmini tasvirga olgan.

“Ushbu tajribalarim meni faqat AQSH fuqarosigina emas, dunyo fuqarosiga aylantirdi”, deydi Stefan.

U xorijiy ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston haqida salbiy tasavvur mavjudligiga e’tibor qaratgan. Biroq matbuot xabarlariga emas, o‘z yuragiga quloq tutib O‘zbekistonga sayohat qilishga qaror berganidan xursand ekanini yozadi.

Фото: Стефан Браун

“Men matbuotdagi so‘zlarga ishonish o‘rniga yuragimga quloq solib O‘zbekistonga kelishga qaror qilganimdan juda ham xursandman. Men bir umr yodimdan chiqmaydigan xotiralar va do‘stlarga ega bo‘ldim. Meni nafaqat dunyo fuqarosi bo‘lishda davom etishga ilhomlantirganing, balki haqiqiy inson aslida qanday bo‘lishini o‘rgatganing uchun rahmat senga O‘zbekiston”, deb yozadi u.

Фото: Стефан Браун

“Chunki men o‘zbeklarning qanchalar ajoyib insonlar ekanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim... Mahalliy odamlarning mehmondo‘stligi, har bir insonning do‘stona munosabatidan men o‘zimni dunyoning har qanday joyiga nisbatan o‘z uyimdagidek his qildim. Har kuni tabassum, har kuni yangi bir do‘st, har kuni men har qanday muammoni esdan chiqargan holda uyqudan uyg‘ondim”, deydi Stefan.

Фото: Стефан Браун

“O‘zbekistonga sayohatim meni nafaqat global fuqarolikka, balki insoniylik nimani anglatishiga o‘rgatdi”, deya xulosa qilgan Stefan Braun.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?