“Matbuotchilar uyi” sotilmaydigan bo‘ldi. Kreditni «Toshbozorsavdo» to‘laydi 

10:54 07 May 2018 Jamiyat
576 0
Foto: O`zA

“Matbuotchilar uyi” garov ta’minotidan bekor qilindi, «Toshbozorsavdo» kreditni to‘laydigan bo`ldi, deyiladi O`zA xabarida. 

2016 – 2017 yillarda “O‘zsanoatqurilishbank”dan “Toshbozorsavdo” uyushmasi uchun Toshkent shahridagi bozorlarni rekonstruksiya qilish uchun Toshkent shahar hokimligi qarori bilan pul mablag‘i olingan. Garov ta’minoti sifatida esa “Matbuotchilar uyi” ko‘rsatilgan. Oradan bir yarim yil vaqt o‘tishiga qaramasdan uyushma tomonidan kredit qarzlari qoplanmagan. Oqibatda “Matbuotchilar uyi” Mirobod tumani Majburiy ijro byurosi tomonidan auksionga qo‘yiladi.

“Toshbozorsavdo” tomonidan kredit qoplanmaganligi oqibatida shahar markazidagi jurnalistlar binosi o‘z bahosidan ancha arzon miqdorda auksionga qo‘yilgani saytimiz tomonidan kinoya bilan “uyushtirilgan spektaklga” o‘xshatilgan edi. Maqolaga Toshkent shahar hokimiyati befarq bo‘lmadi. 

Toshkent shahri hokimi vazifasini bajaruvchisi mazkur ish hujjatlari qayta ko‘rib chiqilganini ma’lum qildi. Endilikda, “Toshbozorsavdo” bankga kredit pullarini o‘z hisobidan to‘laydi. 

“Matbuotchilar uyi” kredit garov ta’minoti sifatida bekor qilingan. “Matbuotchilar uyi” jurnalistlarda, ya’ni avvalgidek, Toshkent shahar hokimiyati tasarrufida (balansida) qolgan. Markaziy gazetalar boshqa manzilga ko‘chirilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?