Matbuot nashrlari oʻquvchiga vaqtida va arzon — qishloq kishisining oilaviy byudjeti koʻtarguday narxda yetib bormaydi

11:49 14 Mart 2020 Madaniyat
379 0

Illyustrativ foto

Navoiy viloyat hokimligi tashabbusi bilan Respublika Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Navoiy davlat Pedagogika instituti, Navoiy viloyat “Alisher Navoiy nodir merosini Targʻibot markazi” jamoat birlashmasi hamkorligida tashkil etilgan “Kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish: muammo va vazifalar” mavzusidagi Respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi boʻlib oʻtdi. Unda mavzuga doir dolzarb masalalar yuzasidan mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan oliy taʼlim muassasalari, jamoat birlashmalari olimlari oʻz fikrlarini bildirib oʻtdi.

NurboyJABBOROV, Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti professori, filologiya fanlari doktori:

— Oilaviy kitobxonlikni anʼanaga aylantirish – zamon talabi. Bola oʻrnakni, namunani, avvalo, oiladan olishi isbot talab qilmaydigan haqiqat. Hazrat Alisher Navoiy bolalikdanoq “Mantiq ut-tayr”ni nainki oʻqigani, qalbiga muhrlab olganini, kichik yoshidayoq bir necha ming bayt sheʼrni yod bilganini eslang. Yoxud Zahiriddin Boburning otasi Umarshayx Mirzo haqidagi mana bu xotiralariga eʼtibor qarating: “Ravon savodi bor edi. “Xamsatayn” va masnaviy kitoblarini va taʼrixlarni oʻqub edi. Aksar “Shohnoma” oʻqur edi. Tabʼi nazmi bor edi”. Ulugʻ ajdodlarimiz ana shunday oilaviy muhit tufayli shu darajadagi buyuk mutafakkirlar boʻlib yetishganini yosh avlod ongiga muttasil singdirmoq zarur. Ular hayotiga doir kitoblar mutolaasini tizimli yoʻlga qoʻyish bunda yaxshi samara berishi ayni haqiqatdir.

Dilmurod QURONOV, ADU professori:

- Qatʼiy ishonch bilan taʼkidlash mumkinki, umumiy oʻrta taʼlimda adabiyot oʻqitish oʻquvchiga adabiyot haqidagi bilim berish maqsadiga qaratilgani toʻgʻri emas, chunki maktab adabiyotshunos tayyorlamaydi. Umumiy oʻrta taʼlimda adabiyot oʻqitishdan koʻzlashimiz lozim boʻlgan pirovard natijani loʻnda qilib quyidagicha ifodalansa, bizningcha, toʻgʻri va maqsadga muvofiq boʻladi: oʻquvchi taʼlim muassasasini adabiy asarni oʻqish, uqish, his qilish, undan zavqlana bilish malakalarini egallagan, badiiy adabiyot oʻqishni oʻzi uchun zarurat maqomidagi tabiiy ehtiyojga aylantirgan holda tark etsin. Ayni shu pirovard maqsaddan kelib chiqqan holda adabiy taʼlimni isloh qilish bugunning dolzarb, muhim va kechiktirib boʻlmas vazifasidir. Negaki, bu – yurtimizda kitobxonlik madaniyatini yuksaltirishning fundamental sharti.

Hozirda chop etilgan kitoblar, matbuot nashrlari oʻquvchiga vaqtida va arzon – qishloq kishisining oilaviy byudjeti koʻtarguday narxda yetib bormaydi. Qizigʻi shundaki, narxning balandligi kitob mahsulotining tarqalish koʻlami torligi va buning oqibatida tiraj kamligi tufayli tannarxning koʻtarilishi bilan izohlanadi; ikkinchi tomondan, tirajning kamligi narxning qimmatlashuviga olib keladi. Shu sabab boʻlsa kerak, ayni masalada soʻz ochilib qolgudek boʻlsa, oʻta chigalligi tufayli masalani hal qilish mumkinligiga shubha bildiruvchilar koʻproq topiladi. Haqiqatda esa unday emas. Masalan, hozirda mualliflar oʻz hisobidan 500 ta, nari borsa 1000 ta tirajda chop ettirayotgan kitob respublika aholisiga sochilsa, mos ravishda taqriban 50 ming, 25 ming oʻqiydigan odamga bir donadan toʻgʻri keladi. Buning dengizga tomchidek ekanligi turgan gap, bu bilan na kitobxonlik, na noshirlik-matbaa ishlari, na ijodiy sohalarning rivojlanishi imkonsiz ekanligi ham tayin. Holbuki, davlat miqyosida ish boshlansa, masalani tez hal qilib, kitob mahsulotining mamlakat hududida bir tekis, hozirgidan bir necha barobar katta hajm va arzon narxda tarqalishiga erishish mumkin. Gʻoyat umumiy bir tarzda xomchoʻt qilib koʻraylik: respublika hududida taxminan 10 000 ta maktab bor deb olsak, shu maktablarning har biri yonida kitob doʻkoni boʻlsayu bu doʻkonlarning har biriga chop etilgan mahsulot markazlashgan tarzda kamida 1 donadan yetkazilsa, tiraj 10 000 dan kam boʻlmaydi. Bu esa hozirda tannarxi qariyb 15000 soʻmga borayotgan yumshoq muqovadagi 120 bet hajmli 500 dona tirajda chop etilgan kitob tannarxini taqriban 5000 soʻmlarga keltirish mumkin deganidir. Xoʻp, shu kitobni qoʻshimcha xarajatlarni hisobga olgan holda 6-7 ming soʻmlarga peshtaxtaga qoʻyilsa, butun boshli maktab bor hududda uni sotib oladigan hech boʻlmasa bitta odam topilsa kerak.

Tagʻin bir muhim ish: kitob mahsulotiga “bahosi kelishilgan narxda” degan yozuvni qayd etish amaliyoti bekor qilinishi, kerak boʻlsa, taqiqlanishi zarurdir. Toki kitob muqovasining orqa tomoniga bosmaxonadayoq narxi yozilsin-da, bu narx respublikaning barcha hududlarida birdek amal qilsin. Tabiiyki, bu narx ichiga kitobning doʻkon peshtaxtasiga yetib borishigacha boʻlgan barcha xarajatlar kirishi lozim. Shunday qilinsa, narx-navoni nazorat qilish imkoni paydo boʻladi, kitob savdosidagi anarxiyaga barham beriladi. Zero, kitob savdosi biznesning boshqa sohalaridan farqlanishi, sohaga u yoki bu darajada bogʻlanganki odam oʻzini avvalo ziyo tarqatuvchi deb bilmogʻi kerak.

Maftuna XOLOVA, Samarqand davlat chet tillar instituti dotsenti.

- Amerikalik tadbirkor Edem Board kam sarmoya tikib katta daromad olish mumkin boʻlgan soha bola uchun sarflanadigan sarmoyadir, deydi va ushbu fikrini quyidagicha izohlaydi: bolani qimmat maktabda oʻqitish shart emas, unga qimmatbaho kiyim-kechaklar ham xarid qilmang, uni qimmat yegulik bilan siylamang, balki undan qimmatbaho eʼtiboringizni ayamang. Har tomonlama toʻgʻri tarbiyalangan, hamisha eʼtiborda boʻlgan farzand kelgusida siz kutgandan-da ziyoda eʼtibor va ehtirom koʻrsatadi. Darhaqiqat, biz bu olimning tarbiya haqidagi, farzandga eʼtibor borasidagi qarashlarini sharqona tarbiya usulida ham bemalol targʻib etishimiz mumkin. Chunki farzandlarimiz – kelajagimiz bunyodkorlari. Ularga qanchalik eʼtibor berib kamolga yetkazsak, kelgusida uning mustahkam samarasini qoʻrishimiz mumkin boʻladi.

Biz axborot asrida yashamoqdamiz. Xohlaymizmi yoʻqmi, farzandlarimizni bu axborotlashgan jamiyatda kamolga yetkazayotgan ekanmiz, avvalo ularning ongiga, shuuriga oqni oqligini, qorani qora ekanligini singdirmogʻimiz lozim. Bunday holatda bizga, albatta, bebaho xazina – kitob yordam bera oladi. Shu sababli biz yoshlarni kitob mutolaa qilishga oʻrgatmogʻimiz, kitob bilan sirlashishni ongida shakllantirmogʻimiz lozim.
 

Temur ESHBOYEV (“Xalq soʻzi”) yozib oldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?