Matbuot koʻngillarga naqshlanadi, tafakkurni boyitadi

10:24 13 Noyabr 2018 Jamiyat
592 0

Prezidentimizning yurtimizda kitobxonlikni kuchaytirish, kitob savdosi hamda kutubxonalar tizimidagi ishlarni yanada yaxshilash borasida qabul qilgan qator qarorlari, avvalo, farzandlarimizni bundan-da bilimdon, zukko, dunyoqarashi keng insonlar qilib tarbiyalashda ulkan ahamiyatga molik tarixiy voqelikdir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

Shu haqda soʻz ketganda, ichimizda bir savol tugʻiladi: xoʻsh, kitobxonlik nimadan boshlanadi oʻzi? Oʻzimizga savol beramizu beixtiyor bolalik chogʻlarimiz esga tushadi.

Yodimda — hali maktabga bormagan paytlarim edi, kuniga mahalla kezib yuruvchi pochtachi togʻa obunachilarning koʻcha eshigi tirqishiga gazeta-jurnallarni qistirib ketar, agar koʻchada oʻynayotgan boʻlsak, “Hoʻ, falonchining oʻgʻli, ma, uyingga tashlab chiq”, deb ularni qoʻlimizga tutqazardi. Boshqalarni bilmadim-u, men gazeta-jurnallarni uyga olib kiriboq, oʻqishni bilmasam-da, birma-bir varaqlab, suratlarini tomosha qilardim.

Bular orasida bolalarga atalgan nashrlar ham boʻlardi, opalarim ularni talashib oʻqib, baʼzi qiziqarli maqola yoki hikoyalar mazmunini bir-biriga aytishga tushardi. Dadam kechki ovqatdan soʻng gazetalarga koʻz tashlab chiqar, ayrim joylarini sinchiklab oʻqiy boshlar, u-bu yangiliklardan ayam bilan buvimni ham xabardor qilgan boʻlardi. Shunday vaqtda, qaniydi, maktabga borib tezroq savodim chiqsa-yu, bularni oʻzim sharillatib oʻqiy olsam, deb orziqardim. Mutolaaga nisbatan ichki ishtiyoq bizda shu zayl vujudga kelgandi.

Bu bilan aytmoqchimizki, qalblarda mutolaaga qiziqish shakllanishida bosma nashrlarning ahamiyati ulkan, ular kishini kitobxonlik deb atalmish farahbaxsh yoʻl sari yetaklovchi oydin soʻqmoqlardir. Zero, yangi kitoblarni tez-tez sotib olib turish imkoni bizda yo boʻladi, yo boʻlmaydi.

Oʻzimiz obuna boʻlgan ommaviy nashrlar esa deyarli har kuni qoʻlimizga yetib keladi, fikrimizni muntazam ravishda charxlab boramiz, eng muhimi — mutolaaga boʻlgan koʻnikmamiz zanglab qolishdan asranadi.

Hozirgi kunga kelib, gazeta-jurnallarning jamiyatimiz rivojida tutgan oʻrni, kundalik turmushimizdagi zarurati nechogʻliq ekani borasida turlicha fikrlar bildirilmoqda, bahslar yuzaga kelyapti. Bu yaxshi, albatta. Bunday munozaralar boʻlmagan joyda tahririyatlarda izlanuvchanlik, jurnalistlarda masʼuliyat, mazmundorlikka, raqobatda sinmaslikka intiluvchanlik oʻz-oʻzidan susayib boraverishi tabiiydir. Lekin bosma nashrlarning davri oʻtdi, endi tezkorlikda tengsiz hisoblanmish elektron axborot vositalarining zamoni keldi, degan soʻzlarga toʻliq qoʻshilib boʻlmaydi. Chunkixoh yangichasi boʻlsin, xoh eskichasi, har bir narsaning hayotda oʻzigagina xos tomoni, oʻzigagina mos vazifasi bor. Elektr arra kashf etilganidan keyin dastarralarga boʻlgan zarurat yoʻqolib ketmadi, ikkalasi ham hamon oʻz joyida birdek korimizga yarab kelmoqda. Shunday ekan, kerakli toshning ogʻiri yoʻq deganlaridek, joyida kerakli boʻlib turgan narsaga pisandsiz munosabatda boʻlish toʻgʻri emas.

Mahallamizda Tursunboy togʻa degan kishi boʻlardi, turli sohalarga oid qonunlar, hukumat qarorlarini gazetalardan qirqib olib, sandigʻining bir chetida asrab yurardi. Mahallada biron-bir muammo tugʻilsa, oʻsha eski qirqimlarni titkilab, mavzuga mosini topib, mana, hukumatimiz bu toʻgʻrida mana bunday hujjatlar qabul qilgan, deb, ularni mahalliy idoralarga pesh qilishga tushar, agar biron kishi chigal masalaga duch kelib qolsa, e-e, haq-huquqingni bilmaydigan odam ekansan, bu xususdagi qonunning manavi joyida bu narsa qanday hal qilinishi yozib qoʻyilgan, deb unga yoʻl-yoʻriq koʻrsata boshlardi.

Xoʻsh, bugun har bir tadbirkor, fermer, hunarmand kabilar, loaqal, hukumat ularga qanday imtiyozlar yaratib berayotganligiga oid yangiliklar mazmunidan xabardormi? Yo boʻlmasa, u yoki bu tashkilot-muassasa rahbarlari, jilla qursa, oʻz sohasiga tegishli dasturiy hujjatlar bilan matbuot orqali muntazam tarzda tanishib borib, kundalik faoliyatida ularga tayanib ish yuritishni odatga aylantirib olganmi? Turli yoʻnalishlarga taalluqli qonun va qarorlarni oddiy fuqarolarning qay biri matbuot nashridan qirqib olib, zarur paytda oʻz haq-huquqini talab qila olish maqsadida sandigʻida saqlab yuribdi?

Bularni oʻqib, kimdir eʼtiroz bildirishi mumkin — buning uchun gazetalarni saqlash shart ekanmi, ana, internetdan kerakli saytlarga, portallarga kirib, istagan paytida oʻqib-bilib olaversin. Shunday oʻylayotgan boʻlsangiz, demak, siz shaharda istiqomat qilasiz, zamonaviy elektron uskunalarga ega va ulardan samarali foydalana biladiganlar toifasidansiz. Aholimizning kattagina qismi yashayotgan qishloqlarda esa, kompyuter kirib borgan xonadonlar necha foizni tashkil etishini aytib oʻtirmaylik, hatto tuzukkina muassasa, xoʻjaliklarning barchasi ham internetga ulangan bunday vositalarga ega deya olmaymiz. Qolaversa, aholimizning talay qismi hozircha ushbu uskunalarni ishlata bilmasligini, elektr toki taʼminotida uzilishlar yuz berib turadigan sharoitda bor kompyuterdan ham doimo foydalana olish imkoni mavjud emasligini-da nazardan qochirmaylik. Ammo bu bilan sanab oʻtilgan muammolar yechimini topib boraversa, payti kelib, kundalik nashrlarga baribir ehtiyoj qolmaydi, demoqchi emasmiz. Yuqorida aytganimizdek, har bir narsaning turmushimizda oʻz oʻrni bor, elektron vositalar hatto togʻu sahrolarda bizga dilkash suhbatdosh boʻla olguvchi kitobning oʻrnini bosolmaganidek, choyxonayu sartaroshxonalargacha kirib borguvchi gazeta-jurnallarning vazifasini ham toʻliq bajarolmasligi tayin.

Yana bir gap shuki, endilikda “majburiy obuna” degan yangicha ibora paydo boʻldi. Oʻrta taʼlim barcha uchun majburiyligi kabilarni sokingina qabul qilishga koʻnikib ketgan esak-da, koʻp vaziyatlarda “majburiy” soʻzi ishlatilishi bilanoq bir seskanib tushamiz. Lekin mundoq oʻylab qaralsa...

Yoʻq, falon yoki pismadon nashrga obuna boʻlishing shart, deydiganlarga yon bosishdan yiroqmiz. Biroq qaysi yoʻnalishdagi idora xodimlari, qaysi kasb egalari oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan qanday gazeta-jurnallarga obuna boʻlgani maʼqulligini targʻib qilish, zarur paytda, ularning oʻz saviyasini oshirib borishini taʼminlash niyatida, yuqori tashkilotlar tomonidan zarur tavsiyalar berib turish ham ziyon qilmaydi. Masalan, maktab direktori oʻqituvchilarni yigʻib, har kim oʻz faniga oid nashrlarga obuna boʻlishi joizligini qatʼiyroq yoʻsinda taʼkidlab oʻtsa, buni majburlash emas, muallimlardan yanada mustahkamroq bilimga ega boʻlishni talab qilish, deb qabul etishimiz oʻrinliroq, shekilli.

Umuman olganda esa, fuqarolarining bir qismi yangicha tuzum sharoitida yashashga, faoliyat yuritishga yetarlicha koʻnikma hosil qilib ulgurmagan, endigina qaddini rostlab, biri-biridan ulkan islohotlarni amalga oshirishga dangal kirishgan mamlakatda hokimiyat oʻz maqsad va rejalari mohiyatini ommaga yetkazib turishiga, xalqni bu yoʻlda birdamlik, fidoyilikka chorlashiga, yuksak marralarni zabt etmoqqa ruhlantirishiga, ayni chogʻda, mehnat ahli fikri, taklifi, dardu muammolarini ochiq aytib bora olishiga xizmat qiluvchi kuchli nashrga — el bilan muloqot minbariga ega boʻlishi, bu ish davlat tomonidan qoʻllab turilishi maqsadga muvofiqdir. Minbarni boy berish — tashabbusni boy berish degani. Muhim va zarur ishlarning hech birini bugun oʻz holiga tashlab qoʻyib boʻlmaydi, yoʻqsa, ertaga oʻzimizga yana bir muammo orttirgan boʻlamiz.

Qishlogʻimizdagi keksa oʻqituvchi Erkin ogʻa Ibrohimiy, gapdan gap chiqib, bir kuni shunday degandi:

— Loaqal uch-toʻrt xil gazeta-jurnalning taxlami saqlanmaydigan idorani idora deyishga, ertalab ishga kirishishdan oldin gazetalarga bir koʻz yugurtirib chiqishga odatlanmagan rahbarni rahbar deyishga tilim bormaydi. Qaniydi, xonadonlarimizning har biriga, hech boʻlmasa, bitta gazeta kirib tursa. Kishilarimizning maʼnaviyatini yuksaltirishdagi eng samarali vositalardan bittasi — kundalik nashrlar.

Hovlisining bir chetidagi soʻrida, istirohat bogʻidagi uzunkursida, poyezd vagoni yoki avtobus salonida biri gazeta, biri jurnal oʻqib oʻtirgan kishilarni koʻrganimizda, hali ularning kasbi, nasl-nasabini bilmay turib, boshimizda oʻz-oʻzidan bir oʻy chaqnaydi — ziyoli odamga oʻxshaydi! Nimaningdir bahosini oshirib, nimanidir yerga urish niyatimiz yoʻq, faqat shunchaki aytib oʻtmoqchimiz — kompyuter qarshisida oʻtirgan yoki telefonini titkilayotgan kishini uchratganda qachon shunday xayolga borganmiz?

Keling, qay vosita koʻmagida boʻlmasin, ziyoga intilishdan charchamaylik! Bu judayam shavqli, buning foydasi ham, ahamiyati ham beqiyos!
Anvar OBIDJON,
Oʻzbekiston Respublikasi xalq shoiri.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?