Matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish boʻyicha qaror loyihasi eʼlon qilindi

17:01 24 May 2019 Jamiyat
862 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar va boshqa tashkilotlarning jamoatchilik bilan oʻzaro hamkorligini tubdan takomillashtirish hamda matbuot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi. Bu haqda Axborot va ommaviy kommunikatsiya agentligi direktori oʻrinbosari Saida Mirziyoyeva maʼlum qildi

Qarorda bir qator vazifalari va matbuot xizmatlari uchun imtiyozlar koʻzda tutilgan.

Misol uchun:

axborot xizmati rahbari bir vaqtning oʻzida davlat organi va boshqa tashkilot rahbarining matbuot kotibi hisoblanadi hamda axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi maqomiga ega boʻladi, mehnatga haq toʻlash, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlariga koʻra davlat organi va boshqa tashkilot rahbarining oʻrinbosariga tenglashtiriladi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning axborot xizmatlari xodimlari (rahbaridan tashqari)ning lavozim maoshlariga boshqa har qanday toʻlovlardan qatʼi nazar davlat byudjeti hamda davlat organlari va boshqa tashkilotlarning oʻz mablagʻlari hisobidan 50 foizdan kam boʻlmagan miqdorda oylik ustama toʻlanadi;

axborot xizmatining vazifalari va funksiyalari davlat organi va boshqa tashkilotning boshqa boʻlim va boʻlinmalariga yuklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi;

axborot xizmatlari qoida tariqasida davlat organlari va boshqa tashkilotlarning markaziy apparati, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida

ular xodimlari umumiy cheklangan soni doirasida axborot xizmati rahbari – matbuot kotibidan tashqari:

ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar;

veb-resurslar va ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash;

tarjimonlik;

tasvirga olish yoʻnalishlari boʻyicha kamida toʻrt nafar boshqaruv va texnik xodimdan tashkil topadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning boʻysinuvidagi tashkilotlar va hududiy (Qoraqalpogʻiston Respublika, viloyatlar va Toshkent shahar) boʻlim va boshqarmalari, tuman (shahar) hokimliklarida axborot xizmatlari kamida ikki nafar boshqaruv xodimi va texnik xodimlardan iborat tarkibda tashkil etiladi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlarining rahbarlari va boshqaruv xodimlari mos ravishda Agentlik va uning hududiy boshqarmalari bilan kelishgan holda lavozimga tayinlanadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlarining rahbarlari har uch yilda bir marta Agentlikda attestatsiyadan oʻtkaziladi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlariga axborot xizmatlarini zamonaviy moddiy-texnika vositalari, shu jumladan xizmat xonasi, televizor, kompyuter jamlanmasi, xizmat mashinasi, audio, video yozib olish uskunalari, fotokamera, yuqori tezlikdagi internet, zarur dasturiy mahsulotlar bilan taʼminlash, shuningdek axborot xizmatlarini yuqori malakali mutaxassislar bilan toʻldirish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning rahbarlari va matbuot kotiblari har chorakda oʻz kasbiy yoʻnalishi doirasida aholini oʻz vaqtida va toʻliq xabardor qilish boʻyicha amalga oshirgan ishlari yuzasidan Agentlikka hisobot taqdim etib boradi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlarning boʻlim rahbarlari oʻz idorasi matbuot kotibiga boʻlimi yoʻnalishi doirasida bajarilgan ishlar haqida muntazam taqdim etib boradi;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar axborot xizmatlariga ularning nizomlarida nazarda tutilganidan tashqari qoʻshimcha vazifalar yuklanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?